
Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga boradi
O‘zbekiston prezidenti amaliy tashrif doirasida xalqaro forumda ishtirok etib, unda nutq so‘zlashi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 11-12-dekabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashrif dasturiga muvofiq, mamlakatimiz yetakchisi Turkmanistonning doimiy betarafligi e’lon qilinganining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbirda xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti forumning «Tinchlik va ishonch: barqaror kelajak yo‘lidagi maqsadlar mushtarakligi» mavzusidagi yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi.
Ushbu sammit doirasida O‘zbekiston prezidenti qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, 17-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov huzurida bir qator ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi o‘tkazilgan edi.





