add

Toshkentda olimlar va adiblar ishtirokida xalqaro forum o‘tkaziladi

Kecha 16:001672 daqiqa

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda taklif kiritdi.

Toshkentda olimlar va adiblar ishtirokida xalqaro forum o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya, Turkiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda boshqa davlatlar yetakchilari, hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida O‘zbekiston tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga ko‘maklashishni bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilashni maqsad qilgan.

Raislik davomida kelgusi avlodlar manfaatlari yo‘lida mojarolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2027 yilni Preventiv diplomatiya yili deb e’lon qilish rejalashtirilgan. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining o‘zaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Turkmanistonning 2025 yilni «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlab, BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi bo‘lgandi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan humanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini ta’kidladi.

«Shu munosabat bilan kelgusi yili Toshkentda ijodiy jamoalar, olimlar va adiblar ishtirokida «Madaniyatlar muloqoti» deb nomlangan qo‘shma xalqaro gumanitar forumni tashkil etish, shuningdek, ta’lim, madaniyat va volontyorlik harakati sohalaridagi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish orqali yoshlarni tinchlik va ishonch jarayonini mustahkamlashga jalb etishga yo‘naltirilgan «Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida» mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qilamiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Teglar

Mavzuga oid