
UzAuto Motors’ning mahalliy bozordagi ustunligi kamaydi
Avtomobil ishlab chiqarish hajmi oshishiga qaramay, UzAuto Motors’ning mahalliy bozordagi ulushi sezilarli qisqardi.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda jami 419 338 ta yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,5 foizga ko‘p, deya xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.
Ma’lum bo‘lishicha, avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida UzAuto Motors yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lsa-da, kompaniyaning bozor ulushi bir yil ichida sezilarli darajada qisqardi. Agar 2024 yilda UzAuto Motors ichki bozorning 86 foizini egallagan bo‘lsa, 2025 yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 74 foizgacha tushgan. Ya’ni, kompaniya bir yilda 12 foiz punkt bozor ulushini yo‘qotgan.
Modellar kesimida ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Chevrolet Cobalt yetakchiligini saqlab qolmoqda. Yil boshidan buyon 148 mingdan ortiq Cobalt ishlab chiqarilgan. Biroq mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,1 foizga kam. Noyabr oyida esa 16,3 ming dona Cobalt ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan biroz o‘sish qayd etilgan.
Ikkinchi o‘rinda UzAuto Motors’ning Damas modeli joylashgan. 11 oyda 85,3 ming dona Damas ishlab chiqarilgan bo‘lib, yillik hisobda ishlab chiqarish hajmi 8 foizdan ko‘proqqa qisqargan.
Shu bilan birga, Tracker modeli bo‘yicha ijobiy dinamika saqlanmoqda. 2025 yilning dastlabki 9 oyida 47,8 ming dona Tracker ishlab chiqarilib, bu o‘tgan yilga nisbatan 17,4 foizlik o‘sishni anglatadi.
Statistikada Malibu va UzAuto’ning boshqa yuqori narx segmentidagi modellari aks etmagan. Bu avtomobillar tayyor holda xorijdan import qilinib, ichki bozorda sotilmoqda va milliy ishlab chiqarish sifatida hisobga olinmaydi. Kompaniya bu amaliyotni 2024 yilgi moliyaviy hisobotida ham rasman tasdiqlagan.
Boshqa ishlab chiqaruvchilar orasida eng katta o‘sish Kia hissasiga to‘g‘ri keldi. Kompaniya 11 oyda 24,5 ming dona avtomobil ishlab chiqarib, 26,8 foizlik o‘sishni qayd etdi. Shuningdek, BYD — 17,5 ming dona, Haval — 8 891 dona, Chery — 8 627 dona avtomobil ishlab chiqargan. Tank 500 modeli esa 50 dona miqdorida yig‘ilgan. Maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 49 372 donani tashkil etgan.





