add

Uzbekistan Airways Boeing bilan 22 ta Dreamliner kelishuvini rasmiylashtirdi

Bugun 08:183501

Vashingtondagi C5+1 sammiti doirasida Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida yangi 787-9 Dreamliner samolyotlari uchun qat’iy shartnoma imzolandi.

2025 yil 6 noyabr kuni AQSH poytaxti Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan C5+1 formatidagi mintaqaviy sammit doirasida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi va Boeing korporatsiyasi o‘rtasida muhim kelishuv imzolandi. Hujjatga ko‘ra, avval berilgan 8 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyoti uchun opsion shartlar endi rasman qat’iy buyurtmaga aylantirildi, deb xabar bermoqda aviakompaniya.

Ushbu hujjatni Uzbekistan Airways Boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov va Boeing’ning Yevrosiyo va Hindiston bo‘yicha savdo va marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Pol Rigi imzoladi.

Yangi kelishuv natijasida O‘zbekiston milliy aviakompaniyasining zamonaviy, uzoq magistralli va keng fyuzelyajli Boeing 787-9 Dreamliner turkumidagi samolyotlariga umumiy buyurtmasi 22 taga yetdi. Bu esa kompaniyaning xalqaro yo‘nalishlar geografiyasini kengaytirish va global aviatsiya bozorida raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Rasmiy imzolash marosimida AQSH savdo vaziri Hovard Latnik, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda AQSHning global hamkorlik bo‘yicha maxsus elchisi Paolo Zampolli ham ishtirok etdi.

Uzbekistan Airways kompaniyasi uchun bu kelishuv nafaqat aviaflotni yangilash, balki tashqi bozordagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik qadam hisoblanadi. Boeing tomonidan yetkazib beriladigan Dreamliner samolyotlari uzoq masofali parvozlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yuqori samaradorlik va qulaylik darajasi bilan ajralib turadi. 

Teglar

Mavzuga oid

Uzbekistan Airways Boeing bilan 22 ta Dreamliner kelishuvini rasmiylashtirdi | Vaqt.uz