add

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini ixtiyoriy tugatish qanday amalga oshiriladi?

Ixtiyoriy tugatish tadbirkor yoki korxona ishtirokchilarining tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Majburiy tugatish esa, sud yoki vakolatli organ qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini ixtiyoriy tugatish qanday amalga oshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, faoliyatini yuritish va tugatish masalalari huquqiy tartibga solingan muhim yo‘nalishlardan biridir. Bozor iqtisodiyotida korxonalarning ochilishi tabiiy jarayon bo‘lganidek, ularning faoliyatini yakunlash, ya’ni tugatish ham iqtisodiy muhitning ajralmas qismi hisoblanadi. Shu sababli tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini to‘g‘ri va qonuniy yo‘l bilan amalga oshirish har bir xo‘jalik yurituvchi sub’ekt uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinliklarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuni, «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi Qonuni, Fuqarolik kodeksi, «Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi, «Aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risida»gi Qonunlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 704-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom tadbirkorlik sub’ektlarini tugatishning asosiy huquqiy poydevorini tashkil etadi. Mazkur qonunlar va qonunosti hujjatlarga muvofiq, tadbirkorlik subyekti o‘z faoliyatini ixtiyoriy yoki majburiy tarzda tugatishi mumkin.

Ixtiyoriy tugatish tadbirkor yoki korxona ishtirokchilarining tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Bunda asosiy sabablar sifatida moliyaviy barqarorlikning yo‘qolishi, bozor sharoitining o‘zgarishi, faoliyat maqsadiga erishilganligi yoki ishtirokchilarning qarori keltiriladi.

Majburiy tugatish esa, sud yoki vakolatli organ qaroriga binoan amalga oshiriladi. Bu holat korxona qonunbuzarlik sodir etgan, litsenziya shartlarini buzgan yoki bankrot deb e’lon qilingan taqdirda yuzaga keladi. Shuningdek, soliq yoki moliya organlari tomonidan aniqlangan jiddiy qonunbuzarliklar ham majburiy tugatish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Amaliyotda korxonalarni tugatish jarayonida bir qator muammolar kuzatiladi. Jumladan, tugatish komissiyalari faoliyatining kechikishi, davlat organlari bilan o‘zaro ma’lumot almashishdagi byurokratik to‘siqlar, shuningdek, kichik biznes subyektlari uchun hujjatlar hajmining ortiqligi jarayonni cho‘zadi. Shu bois, so‘nggi yillarda Hukumat tomonidan bu yo‘nalishda raqamlashtirish va soddalashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, tadbirkorlik subyektining ixtiyoriy tugatilishi — bu uning muassislari yoki egalarining o‘z xohishiga ko‘ra faoliyatni yakunlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi hamda bu qarorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organda qayd etishidir. Bu jarayon yuridik shaxslar (tijorat tashkilotlari) uchun «tugatish» deb, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa «faoliyatni to‘xtatish» deb yuritiladi.

Tadbirkorlik subyektlari tugatilayotganda, tugatuvchi tayinlanadi. Tugatuvchi — bu kompaniya muassislari tomonidan tayinlanadigan shaxs yoki komissiya bo‘lib, u tashkilotning barcha moliyaviy, tashkiliy va huquqiy masalalarini boshqaradi. Tugatuvchi tayinlangach, korxonaning direktori va boshqa mansabdorlar barcha hujjatlar, muhr, shtamplar va mol-mulkni unga topshiradi. Shu kundan e’tiboran barcha boshqaruv vakolatlari tugatuvchiga o‘tadi.

Ixtiyoriy tugatish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqich: qaror qabul qilish. Muassislar tomonidan korxonani tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va unda korxona nomi, soliq raqami, manzili, tugatuvchi ma’lumotlari, tugatish sababi va muddati ko‘rsatiladi.

Ikkinchi bosqich: ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga xabar berish. Tugatuvchi qaror nusxasini Davlat xizmatlari markaziga yoki elektron tizim orqali yuboradi. Davlat organi buni bir ish kuni ichida davlat reyestriga kiritadi va bu haqda soliq, statistika, Moliya vazirligi, majburiy ijro byurosi va boshqa tegishli idoralarni xabardor qiladi.

Uchinchi bosqich: kreditorlar e’lonini joylashtirish. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ rasmiy saytida korxonaning tugatilishi haqida e’lon beradi. Kreditorlar o‘z talablarini ikki oy ichida bildirishlari mumkin.

To‘rtinchi bosqich: soliq tekshiruvi. Soliq organi tugatish jarayoni boshlanganidan keyin uch ish kuni ichida korxonaning moliyaviy faoliyatini tekshiradi. Ammo yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan va soliq maslahatchilari xulosasiga ega bo‘lgan korxonalarda tekshiruv o‘tkazilmasligi mumkin.

Beshinchi bosqich: oraliq tugatish balansi. Tekshiruvdan so‘ng tugatuvchi oraliq balans tuzadi, unda korxonaning aktivlari, qarzlari va kreditorlar talablarini ko‘rsatadi. Bu hujjat muassislar tomonidan tasdiqlanadi.

Oltinchi bosqich: hisob-kitoblarni amalga oshirish. Kreditorlarning talablarini qonunchilikda belgilangan navbatda (avval ishchilar va fuqarolar, so‘ngra davlat byudjeti, keyin boshqa kreditorlar) qondirish amalga oshiriladi.

Yettinchi bosqich: yakuniy tugatish balansi. Barcha majburiyatlar bajarilgach, soliq va ijro idoralaridan qarzdorlik yo‘qligi haqida xulosalar olinadi. Shundan so‘ng korxonaning hisob raqamlari yopiladi, hujjatlar arxivga topshiriladi va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ korxonani davlat reyestridan chiqaradi

Tadbirkorlik subyektini ixtiyoriy tugatishning umumiy muddati ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga xabar berilgan kundan boshlab olti oydan oshmasligi lozim. Agar bu muddat ichida barcha zarur hujjatlar taqdim etilmasa, jarayon avtomatik ravishda to‘xtatiladi va soliq imtiyozlari bekor qilinadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini ixtiyoriy to‘xtatish uchun Davlat xizmatlari markaziga ariza beradi. So‘ng soliq organi uning qarzdorligi yo‘qligini tekshiradi. Hisob raqami yopilgach, tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan hisoblanadi.

Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish — bu biznesni qonuniy va tartibli tarzda yakunlash imkonini beruvchi mexanizm bo‘lib, u tadbirkorlar uchun jarayonni soddalashtirish, shaffoflikni ta’minlash va elektron xizmatlar orqali ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish imkonini yaratadi. bugungi kunda barcha amallarni yagona elektron tizim orqali bajarish mumkinligi tufayli bu jarayon ancha qulay va tezkor bo‘lib bormoqda.

Xolisxon Umarova,

Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi kafedrasi o‘qituvchisi.

Teglar

Mavzuga oid