add

AQSHga kiritilayotgan 100 mlrd dollarlik sarmoya, bekor bo‘ladigan «Jekson-Venik» tuzatmasi va O‘zbekistonda ishga tushayotgan Apple Pay hamda Google Pay — 7-noyabr dayjesti

Bugun 21:572103

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

AQSHga kiritilayotgan 100 mlrd dollarlik sarmoya, bekor bo‘ladigan «Jekson-Venik» tuzatmasi va O‘zbekistonda ishga tushayotgan Apple Pay hamda Google Pay — 7-noyabr dayjesti

Donald Tramp: O‘zbekiston AQSHga 10 yilda 100 mlrd dollar sarmoya kiritadi

AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Amerika va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi savdo-iqtisodiy kelishuv haqida bayonot berdi. Ushbu kelishuv doirasida O‘zbekiston 2028 yilgacha AQSHdan taxminan 35 mlrdlik mahsulot sotib oladi va sarmoya kiritadi, keyingi o‘n yilda esa bu ko‘rsatkich 100 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan savdo-iqtisodiy kelishuvni e’lon qilishdan mamnunman. Yaqin uch yil ichida O‘zbekiston Amerikaning muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika va kimyo, axborot texnologiyalari va boshqa muhim tarmoqlariga qariyb 35 milliard dollar, kelgusi o‘n yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritadi va xaridlarni amalga oshiradi», deb yozdi Tramp.

Shuningdek, AQSH prezidenti O‘zbekiston prezidentiga minnatdorlik ham bildirdi.

Markaziy Osiyo respublikalariga qarshi «Jekson-Venik» tuzatmasi tez orada bekor qilinadi

Vashingtondagi C5+1 sammitida AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida Markaziy Osiyo respublikalariga nisbatan «Jekson–Venik» tuzatmasini bekor qilish masalasi muhokama qilindi. Senator Jim Rishning ta’kidlashicha, bu qaror «juda yaqin orada» qabul qilinishi kutilmoqda.

1974 yilda qabul qilingan «Jekson–Venik» tuzatmasi emigratsiyani cheklagan davlatlarga AQSH bilan erkin savdo qilishni taqiqlaydi. Garchi SSSR parchalanganiga 30 yildan oshgan bo‘lsa-da, cheklov hali ham Markaziy Osiyoning to‘rt davlati uchun amal qilib kelmoqda. Bu holat savdo jarayonlarida texnik to‘siq sifatida saqlanib, byurokratik kechikishlarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay tizimlari ishga tushadi

O‘zbekiston Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov tizimlarini joriy etish bo‘yicha muzokaralarni yakunlashga yaqin. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida ma’lum qilindi. Uchrashuvlarda AQSHning yetakchi texnokompaniyalari va investitsiya institutlari bilan mamlakatda raqamli to‘lov infratuzilmasini kengaytirish, Raqamli akademiya va startap-xablar tashkil etish, innovatsion loyihalarni DFC va Eksimbank orqali moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Apple Pay va Google Pay ni ishga tushirish jarayoni 2024 yildayoq boshlangan bo‘lib, asosiy to‘siq – shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun va bulutli serverlarga qo‘yilgan cheklovlar bo‘lgan. Yangi muzokaralar orqali bu byurokratik to‘siqlar bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Tizimlar amalga kiritilsa, onlayn-to‘lovlar yanada qulay va xavfsiz bo‘ladi, xorijiy servislardan foydalanish osonlashadi va raqamli iqtisodiyotga rag‘bat beriladi.

Xalqaro pochta jo‘natmalarini bojxonadan o‘tkazish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari bojxona nazoratidan qanday o‘tkazilishi belgilandi. Nizomga ko‘ra, pochta operatorlari va ekspress tashuvchilar jo‘natmalarni bojxona organlariga taqdim etishi, ularni ko‘rikdan o‘tkazish hamda manzil bojxona postiga yetkazish jarayonida barcha shartlarga rioya etishi shart. Jo‘natmalarda yuboriladigan yoki qabul qilinadigan tovarlar bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, tashish, yuklash, tushirish, saqlash va shunga o‘xshash yuk operatsiyalari bilan bog‘liq xarajatlar pochta aloqasi operatori yoki ekspress tashuvchi tomonidan qoplanadi. Bojxonada jo‘natmalar xavfni boshqarish tizimi asosida «qizil», «sariq» va «yashil» yo‘laklar orqali ro‘yxatdan o‘tkazilib, deklaratsiyaga muvofiq rasmiylashtiriladi.

O‘zbekistonda birinchi mikromoliya bankiga litsenziya berildi

O‘zbekistonda ilk bor mikromoliya bankiga rasmiy litsenziya berildi. Markaziy bank «TAYYAB FINANCE» mikromoliya tashkilotini transformatsiya qilishga ruxsat berib, uning negizida tashkil etilgan «TAYANCH MIKROMOLIYA BANKI»ga litsenziya taqdim etdi. Bu mamlakatda mikromoliya banklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha birinchi amaliy qadam hisoblanadi. Yangi bank raqamli formatda ishlab, mijozlarga bank xizmatlarini qulay tarzda taqdim etishi rejalashtirilgan.

Mikromoliya banklari 2025 yilda qabul qilingan O‘RQ-1026 sonli qonun asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Qonunga ko‘ra, bunday banklarning ustav kapitali kamida 50 mlrd so‘m bo‘lishi, kredit portfelining 70 foizi tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi lozim. Ular omonatlarni cheklangan miqdorda jalb qilishi mumkin, tashqi savdo operatsiyalari va chet el fuqarolariga kafolat berish esa taqiqlanadi.

Teglar

Mavzuga oid

AQSHga kiritilayotgan 100 mlrd dollarlik sarmoya, bekor bo‘ladigan «Jekson-Venik» tuzatmasi va O‘zbekistonda ishga tushayotgan Apple Pay hamda Google Pay — 7-noyabr dayjesti | Vaqt.uz