add

Uzum Hongkongda Pre-IPO rejalashtirmoqda: O‘zbekistonning ilk «yakkashoxi»i xalqaro sahnaga chiqmoqda

Bugun 18:001794

O‘zbekistonning birinchi texnologik «yakkashoxi» (unicorn) bo‘lgan Uzum kompaniyasi 2026 yilda 250-300 million dollarlik Pre-IPO raund o‘tkazish yoki xalqaro Eurobond chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Uzum Hongkongda Pre-IPO rejalashtirmoqda: O‘zbekistonning ilk «yakkashoxi»i xalqaro sahnaga chiqmoqda

Bu bosqich 2027 yilda rejalashtirilgan to‘liq IPOga tayyorgarlik sifatida amalga oshiriladi.

2025 yil avgust oyida xitoylik texnologiya giganti Tencent Holdings Uzumʼga 70 mln dollar sarmoya kiritgan edi. Bu kompaniya bahosini 1,5 mlrd dollarga yetkazdi va IPO tayyorgarligini tezlashtirdi. Uzum hammuassisi va strategiya bo‘yicha direktori Nikolay Seleznyov bu haqida shunday dedi:

«Tencent ishtirokidan so‘ng, O‘zbekistonning IT va fintex bozori dunyoning eng yirik texnologiya kompaniyalari tomonidan tan olinganini angladik. Bu biz uchun yangi bosqich va katta imkoniyatlar degani»

Bu sarmoya Tencentʼning Markaziy Osiyodagi birinchi yirik texnologik loyihasi bo‘lib, kompaniyaning tez o‘sayotgan raqamli ekotizimlarga sarmoya kiritish strategiyasiga mos keladi.

Uzumʼning 70 mln dollarlik investitsiya raundida nafaqat Tencent, balki VR Capital (AQSH/London) va FinSight Ventures (AQSH/Hindiston) kabi xalqaro fondlar ham qatnashgan. Bu G‘arb va Osiyo kapitalining uyg‘unligi Uzumʼning xalqaro IPOga tayyorgarligini yanada mustahkamlaydi.

bugungi kunda Uzum O‘zbekistonning eng yirik raqamli ekotizimiga aylangan bo‘lib, 17 mlndan ortiq faol foydalanuvchiga ega. Uzum Bank eng tez o‘sayotgan raqamli bank hisoblanib, bank tomonidan 2025 yilning birinchi yarmida 2 mlndan ortiq Visa kartasi chiqarilgan. Uzum market esa onlayn tijorat segmentida yetakchi: 2025 yilning birinchi yarmida 250 mln dollarlik savdo hajmi (GMV) qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,5 baravar ko‘proq.

Bu ko‘rsatkichlar Uzumʼni mintaqadagi yagona platformada savdo, to‘lov va kredit xizmatlarini birlashtiruvchi ekotizim sifatida «super-app» modeliga aylantirdi.

Uzum hozircha 2026 yilda 250-300 mln dollarlik Pre-IPO raundni o‘tkazish yoki xalqaro Eurobond chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu bosqich kompaniya uchun nafaqat kapital jalb etish, balki xalqaro kengayish sari tayyorgarlik davri hamdir. Jalb qilinadigan mablag‘ fintex infratuzilmasini kengaytirish, IFRS xalqaro moliyaviy standartlariga mos hisobot tizimini joriy etish, korporativ boshqaruvni mustahkamlash hamda Qozog‘iston va Qirg‘iziston bozorlariga chiqish orqali mintaqaviy kengayishni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Bu tayyorgarlik 2027 yilga mo‘ljallangan IPO uchun xalqaro miqyosda mustahkam asos yaratadi.

Uzum IPO joylashuvi sifatida bir nechta global birjalarni o‘rganmoqda: Hongkong, London, NASDAQ (AQSH) va Abu-Dabi. Yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, biroq Hongkong eng kuchli nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Hongkongning 2025 yilda HKEH global IPO hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, 66 kompaniya 23 milliard dollarlik sarmoya jalb qildi. May oyida ishga tushirilgan Technology Enterprises Channel (TECH) texnologiya kompaniyalari uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayonini soddalashtirdi. Tencentʼning o‘zi Hongkongda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu Uzum uchun strategik sinergiya yaratadi. Abu-Dabi kompaniyaning rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan joyi bo‘lib, barqaror regulyativ muhit va soliqqa oid qulayliklar bilan ajralib turadi. NASDAQ texnologik kompaniyalar uchun eng yuqori baholanish va likvidlikni taklif etadi, biroq qat’iy tartibga soluvchi talablar tufayli kirish jarayoni murakkabroq. London esa tarixan mintaqa kompaniyalari uchun tanish platforma, biroq Brexitʼdan keyingi davrda investor ishonchi va tartibga solish muhitida noaniqlik saqlanib qolmoqda.

Uzumʼning yuksalishi O‘zbekiston hukumatining raqamli iqtisodiyot va IT sohasi bo‘yicha so‘nggi yillardagi islohotlari bilan bevosita bog‘liq. IT Park Uzbekistan orqali texnologiya kompaniyalari uchun soliq imtiyozlari, grantlar va xorijiy investorlar uchun preferensiyalar taqdim etilmoqda. Natijada, mamlakatda fintech, onlayn tijorat va AI yo‘nalishlarida o‘sish tezlashdi, Uzum esa bu ekotizimning birinchi yirik muvaffaqiyat timsoli bo‘ldi.

Uzumʼning 2026 yildagi Pre-IPO yoki Eurobond bosqichi asosan institutsional investorlar: yirik fondlar, oilaviy ofislar va professional sarmoyadorlar uchun mo‘ljallangan. Oddiy investorlar uchun imkoniyat esa faqat IPOdan keyin, aksiyalar ommaviy savdoga chiqqach paydo bo‘ladi.

Ammo bu yerda xavflar va noaniqliklar ham bor. Masalan, AQSH-Xitoy tarangligi Hongkongdagi listing jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bozor hajmi cheklangan, Uzum uchun mintaqaviy kengayishi zarur. Bundan tashqari raqobat kuchaymoqda: Yandex, OLX va boshqa mahalliy platformalar ham bozorda faol.

Uzum 2024 yilda O‘zbekistonning birinchi unicorn kompaniyasi sifatida tarixga kirdi.

Bugun esa uning 1,5 mlrd dollarlik bahosi, Tencent kabi global investorlar ishtiroki va 2027 yilga mo‘ljallangan IPO rejasi bor, bu mamlakat texnologiya sektorida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi. Agar Uzum muvaffaqiyatli IPO o‘tkaza olsa, bu nafaqat kompaniya, balki butun O‘zbekiston uchun raqamli iqtisodiy sakrash ramzi bo‘ladi.

G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Uzum Hongkongda Pre-IPO rejalashtirmoqda: O‘zbekistonning ilk «yakkashoxi»i xalqaro sahnaga chiqmoqda | Vaqt.uz