add

Vashingtonda C5+1 hamkorlik platformasining 10 yilligi nishonlandi

Vashington shahrida Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida C5+1 hamkorlik platformasining 10 yilligi nishonlandi.

Vashingtonda C5+1 hamkorlik platformasining 10 yilligi nishonlandi

6 noyabr kuni Vashington shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tashqi ishlar rahbarlari ishtirokida C5+1 formati tashkil etilganining 10 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etdi.

Vazir o‘zining Telegram-kanali orqali «Vashingtonda hamkasblarimiz bilan birgalikda C5+1 platformasining o‘n yilligini nishonladik. Samimiy qabul uchun AQSH Davlat kotibi Marko Rubio janoblariga chuqur minnatdorlik bildiramiz», deb yozdi.

Baxtiyor Saidovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Tomonlar o‘zaro savdo, investitsiya va transport sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, mintaqada barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash yo‘lida hamkorlikni davom ettirmoqda.

«O‘zbekiston mintaqamizda tinchlik, farovonlik va umumiy taraqqiyot yo‘lida konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni davom ettirish borasidagi sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi», — deya ta’kidladi vazir.

Ma’lumot uchun, C5+1 formati 2015 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan AQSH o‘rtasidagi strategik muloqot maydoni hisoblanadi. 2023 yil 19 sentyabrda ushbu format tarixida ilk bor davlat rahbarlari darajasida sammit bo‘lib o‘tgan. Unda AQSH prezidenti Jo Bayden va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari ishtirok etgan edilar.

Bugun esa Vashingtonda C5+1 sammiti doirasida navbatdagi oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Vashingtonda C5+1 hamkorlik platformasining 10 yilligi nishonlandi | Vaqt.uz