Xorazmda yil yakunigacha 81 ming aholi kambag‘allikdan chiqariladi — Prezidentga yangi rejalar taqdim etildi
Oliy ta’lim muassasalari talabalarining 63 foizi o‘qish jarayonida yetarli amaliy ko‘nikmalarni egallamayotgani aytildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati misolida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Yil yakuniga qadar viloyatda 18 mingta ehtiyojmand oiladagi 81 ming nafar aholini kambag‘allikdan olib chiqish va 39 ming kishini doimiy ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Bu haqda davlat rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan taqdimot so‘z bordi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu maqsadlarni amalga oshirish va bandlikni ta’minlash dasturlari uchun jami 6,4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
«Bular oddiy raqamlar emas. Har bir insonga alohida yondashib, uning imkoniyatlarini yaxshi bilishimiz, shundan kelib chiqib, munosib ish topib berishimiz kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev taqdimot davomida.
Kadrlar yetishmovchiligi va ta’limdagi tafovut
Viloyatda ayni paytda 50 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari (vakansiyalar) mavjud bo‘lsa-da, zarur malakaga ega kadrlar yo‘qligi sababli ularning bir qismi bo‘sh qolmoqda. Hozirda hududda 39 ming nafar ishsiz fuqaro ro‘yxatga olingan, yana 102 ming kishi esa mehnat migratsiyasida yuribdi.
Davlat rahbari kasb-hunarga o‘qitish tizimini mehnat bozori ehtiyojlari bilan uzviy bog‘lash zarurligini alohida qayd etdi. O‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalarining 63 foizi o‘qish jarayonida yetarli amaliy ko‘nikmalarni egallamayotgani ma’lum bo‘lgan. Shu munosabat bilan, universitetlarda kunning ikkinchi yarmida talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Yil boshidan beri qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
Taqdimotda keltirilgan statistikaga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Xorazm viloyatida kambag‘allik darajasi 6,7 foizdan 3,9 foizga pasaygan.
Xususan, yil boshidan buyon «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan 29 mingta oiladagi 127 ming nafar aholining moddiy ahvoli yaxshilanib, ular kambag‘allikdan chiqarilgan. 29 ming kishi doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 37 ming fuqaroning norasmiy bandligi qonuniylashtirilgan.
Kelgusida Yangiariq tumanidagi Shixbog‘i mahallasi tayanch hudud sifatida rivojlantirilib, xorijiy mutaxassislar ishtirokida master-reja ishlab chiqiladi. Bu orqali 1,5 mingta barqaror ish o‘rni yaratish va hududni ishsizlikdan to‘liq xoli qilish ko‘zda tutilgan.
Tez orada mamlakat miqyosida kambag‘allikka qarshi kurashish siyosatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar alohida videoselektor yig‘ilishida muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda.





