
Toshkent viloyatida qamoqdan qochgan mahkum 3-sinf o‘quvchisiga jinsiy tajovuz qilganligi aytilmoqda
Mahkum oldin ham nomusga tegish jinoyati uchun 16 yilga ozodlikdan mahrum etilib, jazoni o‘tayotgan bo‘lgan.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumot berishicha, 1994 yilda tug‘ilgan mahkum M.T. 16 oktyabr kuni manzil-koloniyadan qochib, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, u huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezda aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, M.T. 2018 yilda nomusga tegish jinoyati uchun aybdor deb topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tayotgan mahkum 2024 yildagi sud ajrimiga ko‘ra, qolgan 9 yil-u 2 oylik muddatni o‘tash uchun manzil-koloniyaga o‘tkazilgan.
U Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi korxonada ishlashga jalb etilgan, ammo 16 oktyabr kuni ish joyidan qochib ketgan. Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda uning maktabdan qaytayotgan 3-sinf o‘quvchisini zo‘rlagani haqida xabarlar tarqaldi.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxs 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu holat aholini jamoat xavfsizligi va manzil-koloniyalar nazoratini kuchaytirish zarurligi haqida jiddiy o‘ylashga undamoqda.
Ayni haftada mamlakatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ikkinchi jinoyat qayd etildi — 14 oktyabr kuni Namanganda ham 7 yoshli qizaloq o‘z qarindoshi tomonidan zo‘rlangani ma’lum qilingan.





