add

1,3 mlrd pulini Labubu'ga sarflagan o‘zbeklar, Qozog‘istonga sotilgan Click va Navoiyni ifloslaydigan zavodlar — — 22 iyul dayjesti

23.07.2025 | 22:2633749

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

1,3 mlrd pulini Labubu'ga sarflagan o‘zbeklar, Qozog‘istonga sotilgan Click va Navoiyni ifloslaydigan zavodlar — — 22 iyul dayjesti
Valyuta oldi-sotdisi: 6 oyda 14,5 mlrd dollar ayirboshlangan 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda aholi va banklar o‘rtasidagi valyuta oldi-sotdisi 14,5 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga ko‘pdir. Aholi tomonidan banklarga sotilgan valyuta hajmi 9,1 mlrd dollarni tashkil etdi — 27 foizlik o‘sish qayd etildi. Shu bilan birga, aholi banklardan 5,4 mlrd dollar xarid qildi. Natijada, ichki bozorda taklif hajmi talabdan 3,7 mlrd dollarga ko‘p bo‘ldi. Ayirboshlangan valyutaning asosiy qismi — 8,4 mlrd dollari valyuta shoxobchalari orqali amalga oshirilgan. Masofaviy xizmatlar orqali 5,9 mlrd dollarlik operatsiya qayd etilgan bo‘lib, bu 36 foizlik o‘sishni anglatadi. AQSH dollari hanuz eng faol ayirboshlanadigan valyuta bo‘lib qolmoqda — 6,4 mlrd dollarlik savdo amalga oshirilgan. Valyuta ayirboshlash faolligining ortishi xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi bilan ham bog‘liq — bu ko‘rsatkich 8,2 mlrd dollarga yetgan.   O‘zbeklar Labubu o‘yinchoqlariga 1,3 mlrd so‘m sarflashdi Oxirgi ikki oyda o‘zbekistonliklar Labubu brendidagi o‘yinchoqlarga 110 ming dollar (1,3 mlrd so‘m) sarflagan. Bu o‘yinchoqlar may oyidan boshlab mahalliy marketpleyslarda sotila boshlangan va qisqa vaqt ichida eng ommabop mahsulotlardan biriga aylangan. Internet savdosi infratuzilmasining kengayishi, qulay yetkazib berish va qaytarish xizmatlari, shuningdek, trenddagi tovarlarning tez tarqalishi xaridorlar soni ortishiga ta’sir qilgan. Labubu — xalqaro onlayn bozorlarda 22 dollardan 900 dollargacha baholanadigan kolleksion o‘yinchoqlar to‘plami bo‘lib, 2015 yilda hongkonglik rassom Kasing Lung tomonidan yaratilgan. 2019 yildan Pop Mart kompaniyasi uni «ko‘r quti» shaklida sotuvga chiqargan — ya’ni, quti ochilmaguncha ichkarisida qanday o‘yinchoq borligi noma’lum. Rossiyada ham Labubu o‘yinchoqlariga talab keskin oshib, ikki oyda aholi 1,5 mlrd rubl sarflagan.   Halyk Bank Click’ning 49 foiz aksiyasini sotib oldi Qozog‘istonning yirik moliyaviy tuzilmasi Halyk Bank O‘zbekistondagi to‘lov xizmatlari yetakchilaridan biri — Click’ning 49 foiz aksiyasini 176,4 mln dollarga sotib oldi. Shu bilan birga, Click aksiyadorlari Halyk’ning O‘zbekistondagi sho‘’basi — Tenge Bank’ning 49 foiz ulushini 60,76 mln dollarga xarid qilmoqda. Bitim rasman amalga oshishi Qozog‘iston va O‘zbekiston regulyatorlarining ruxsatlariga bog‘liq. Bu strategik sheriklik ikki davlat fintex bozorida yangi bosqichni boshlab, raqamli xizmatlar va kichik biznes uchun ilg‘or yechimlarni rivojlantirishga qaratilgan. Halyk Bank 37,5 mlrd dollar aktiv va 6,8 mlrd dollar bozor qiymatiga ega, Click esa 20 mln foydalanuvchiga ega bo‘lib, 2024 yilda 35% daromad va 37,5% sof foyda o‘sishiga erishgan.   Toshkent havosida zararli moddalar me’yoridan 6 barobar oshdi 23 iyul kuni Toshkentda PM2,5 zararli zarralar konsentratsiyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan me’yordan 5,8 barobar yuqori qayd etildi. Bu haqda IQAir portali xabar berdi. Ayrim hududlarda havo sifati hassos aholi guruhlari uchun nosog‘lom darajaga yetgan. Shu kuni Toshkent dunyoda havosi eng iflos 15 shahar qatoriga kirdi. PM2,5 — 2,5 mikrondan kichik zarralar bo‘lib, ular qurilish changlari, avtotransport gazlari va sanoat chiqindilaridan kelib chiqadi. Bu moddalar nafaqat o‘pkaga, balki qonga ham kirib, ayniqsa bolalar, keksalar va homiladorlar uchun xavflidir. Mutasaddilar monitoringni davom ettirayotganini ma’lum qilgan, ekologlar esa favqulodda choralar zarurligini ta’kidlamoqda.   Navoiyda havoni ifloslash ehtimoli yuqori bo‘lgan zavodlar aniqlandi Navoiy viloyatida aholi nafas yo‘llariga ta’sir qiluvchi g‘alati hid va rangli tutundan shikoyat qilmoqda. Jurnalistik surishtiruvlar to‘rtta yirik sanoat korxonasi — jumladan, «Uzbekistan Hydrogen Peroxide», «Zarafshon Industrial Technology», «Sogda Kimyo Zavod» va «Qizilqumsement» — havoga ammiak, kislota, NO₂ va PM10 moddalarini chiqarishi mumkinligini ko‘rsatdi. Prezident tashrif buyurgan korxonalar ham shubhali deb topilgan. «Navoiyazot» o‘z aloqadorligini rad etdi va kuzatuv videolarini taqdim etdi. Ammo tahlillar asosiy ifloslanish manbasi sifatida sobiq elektrokimyo zavodi atrofini ko‘rsatmoqda. Jamoatchilik hukumatdan qat’iy va ochiq munosabat, ekologik nazoratni kuchaytirish hamda chiqindilarni qayta ishlash tizimini joriy qilishni talab qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid