add

404 Not Found: Haqiqat qayerga ketdi?

14.10.2025 | 18:2226412

1990-yillarda internet serverlari uchun yaratilgan mazkur kod bugun axborot erkinligining o‘ziga xos ramziga aylangan. O‘zbekistonda esa «404» ko‘pincha yo‘qotilgan maqola, o‘chirilgan haqiqat yoki jim qolgan tahririyat timsolida tilga olinadi.

404 Not Found: Haqiqat qayerga ketdi?
404 Not Found — Topilmadi! 404 Not Found — bu HTTP (HyperText Transfer Protocol) tizimidagi standart xato kod bo‘lib, u foydalanuvchi so‘ragan sahifa serverda topilmaganda paydo bo‘ladi. Ya’ni brauzer ma’lum bir URL manzilga murojaat qiladi, lekin server bunga aniq javob bermaydi. Mazkur kod 1990 yillar boshida, World Wide Web paydo bo‘lgan ilk davrlarda, WWW’ning asoschisi Tim Berners-Lee va uning jamoasi tomonidan CERN (Yevropa yadroviy tadqiqotlar markazi) laboratoriyasida yaratilgan. U paytda jamoa internetdagi har bir so‘rovni raqamlar orqali tavsiflash tizimini ishlab chiqqan. Masalan, «200 OK — hammasi joyida, sahifa topildi», «403 Forbid — ruxsat yo‘q», «404 Not Found — sahifa topilmadi». Bu raqamlar HTTP protokoli spetsifikatsiyasiga 1992 yilda Tim Berners-Li, Roy Fielding va Henrik Frystyk Nielsen tomonidan kiritilgan. «404» atamasi aslida CERN’dagi 4-qavat 04-xona (404-xona) bilan bog‘liq degan mashhur afsona bor. Go‘yoki, dastlabki server shu xonada joylashgan, shuning sababli kod «404» deb atalgan. Ammo bu tarixiy fakt emas, balki keyinchalik paydo bo‘lgan internet afsonasi.   Atamaning mashhurligiga qanday omillar sabab bo‘lgan? 1995–2000 yillarda Netscape Navigator va Internet Explorer brauzerlari «404 Not Found» xabarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ekranlarda ko‘rsata boshladi. Shundan keyin bu kodni har bir foydalanuvchi eslab qoladi. Internetni o‘rganayotganlar uchun «404» — yo‘lning tugashi, sahifaning «o‘limi» degan ramzga aylanadi. 2000-yillar boshida esa haqiqiy burilish bo‘ldi. Dasturchilar ishlatadigan Apache serveri sayt egalari uchun «xatolik sahifasini» o‘zlari xohlagancha bezatish imkonini berdi. Shundan so‘ng turli kompaniyalar va nashrlar «404» ni hazil, kinoya aralash rasm yoki kreativ matn bilan to‘ldira boshladi. Masalan, «Ups! Bu sahifa sayohatga chiqib ketgan», «404 — bu sahifa dam olyapti» kabi yozuvlar paydo bo‘ldi. O‘sha paytda Wired jurnalining 2000 yilda chiqqan «404 juda ham jozibador» maqolasi bu atamani yanada mashhur qildi. Unda eng g‘aroyib, kulgili va ijodiy 404 sahifalar to‘plami e’lon qilindi. Shu maqoladan so‘ng «404» atamasi ommaviy madaniyatga kirdi. Bundan tashqari, dot-kom pufak davri — 2000–2001 yillarda minglab saytlar yopildi, domenlar yo‘qoldi. Internet foydalanuvchilari har qadamda «404 Not Found»ga duch keldi. Shu davrda «404» so‘zi shunchaki texnik belgi emas, balki yo‘qolgan ma’lumot, unutilgan sahifa ramziga aylandi. Ayniqsa, bloglar, mustaqil saytlar va senzura tahlilida bu kod erkin fikr yo‘qolishining raqamli belgisi sifatida tilga olindi. Shu orqali «404» asta-sekin texnik atamadan ijtimoiy ramzga aylana boshladi.   «404 Not Found» O‘zbekistonda 2000-yillar boshida dunyo «404 Not Found»ni hazil sifatida qabul qilar, sayt egalari esa bu xatoni kreativlik bilan bezatardi. Ammo bu davrdan boshlab O‘zbekiston sharoitida mazkur kod asta-sekin axborot erkinligi, senzura ramziga aylanishiga bo‘lgan ilk qadamlarni qo‘ydi. 1990-yillarda O‘zbekiston mustaqil matbuoti endigina shakllanayotgan edi. «Hurriyat», «Mohiyat», «Respublika», «O‘zbekiston ovozi» kabi gazetalarda ayrim tanqidiy maqolalar chiqardi, ammo siyosiy mavzular qat’iy nazorat ostida bo‘lgan. Bu davrda mamlakat hududiga internet endigina kirib kelgan, «404» esa o‘shanda hali texnik atama edi, xolos. Lekin 2000-yillarning so‘ngiga kelib, internetda mustaqil axborot saytlari paydo bo‘ldi: Uznews.net, Fergana.ru, keyinroq Centre1, Kun.uz, Gazeta.uz va boshqalar. Aynan shu davrda ayrim maqolalar yoki butun boshli saytlarning mamlakat ichida ochilmay qolishi, ya’ni foydalanuvchilar «404 Not Found»ga duch kelishi keng tarqaldi. 2005–2017 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda ayrim yangilik saytlariga kirish siyosiy bosim ostida cheklandi. Fergana News, Uznews.net, Uzmetronom, Deutsche Welle, BBC Uzbek, Ozodlik radiosi kabi saytlardagi resurslar bir necha yillar davomida mamlakat ichkarisida ochilmadi. Texnik jihatdan bu «Serverga ulanib bo‘lmadi» yoki «404 Not Found» ko‘rinishida namoyon bo‘lgan. Bu davrda ayrim foydalanuvchilar VPN orqali saytlarni ko‘rgan, boshqa ayrimlar esa shunchaki «404»ni «texnik xato» deb talqin qilgan. O‘sha yillardan boshlab «404» O‘zbekiston internet foydalanuvchilari orasida «yo‘q qilingan maqola» sinonimiga aylandi. Masalan, 2011 yilda «Fergana.ru»da Andijon voqealariga oid materiallar o‘chirildi. 2015 yilda ayrim ichki nashrlar Markaziy bank siyosati haqidagi maqolalarni «tahririyat qarori bilan olib tashladi» deb bildirdi, ammo foydalanuvchi uchun bu ham «404 sahifa» edi. Bu kabi misollarni ko‘plab davom ettirish mumkin... Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan keyin axborot siyosatida ochiqlik boshlangan bo‘lsa-da, bloklangan saytlarning bir qismi ochildi, xolos. Shuningdek, «404» holati butunlay yo‘qolmadi, endi u tahririyat ichidagi o‘z-o‘zini senzura ramziga aylandi. Ba’zida maqolalar bir necha soat ichida «sahifada topilmadi»ga aylanadi. Buning rasmiy sababi «yangilash», «aniqlik kiritish», deya ko‘rsatilsa-da, lekin ko‘pincha sabab siyosiy yoki iqtisodiy bosim bo‘ladi. Bugun O‘zbekiston internet makonida «404» faqatgina texnik xato emas.   Ayrim qo‘shimchalar Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, Vaqt.uz saytida ham yaqinda shunday holat sodir bo‘ldi. Sayt jurnalisti tomonidan olib borilgan surishtiruv maqolasi «texnik» sababga ko‘ra o‘quvchilarga ko‘rinmay qoldi... Balki siz o‘qib turgan maqola ham bir necha daqiqada bizga ma’lum va noma’lum sabablarga ko‘ra yo‘qolib qolar, lekin «Haq berilmas, olinur!» Xulosa o‘rnida, «404» bu shunchaki kod emas. Bu — jurnalistning sukuti, tahririyatning tanlovi va o‘quvchining savoli. Chunki haqiqat, hatto o‘chirilganida ham, «404» ortida yashayveradi.

Нuрмuhamмад Fayzulloyev.

Teglar

Mavzuga oid