
7 oyda o‘zgarishlarga duchor bo‘layotgan Toshkent bosh rejasi: u jiddiy hujjatmi o‘zi?
21.07.2025 | 19:4050814
Bir necha yillik muhokamalar so‘ng tasdiqlangan bosh rejaga nega bor-yo‘g‘i 7 oyda o‘zgarish kiritish taklif qilinmoqda. Bundan nima manfaat ko‘zlangan? Savollar ko‘p, masullar esa sukut saqlashmoqda.
So‘nggi o‘n yillikda Toshkentda aholi soni keskin o‘sib, shahar me’yoridan tezroq kengaymoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda doimiy ro‘yxatda turganlar soni 3,2 millionga yaqinlashgan bo‘lsa-da, taxminlarga ko‘ra haqiqiy aholi soni allaqachon 5 milliondan oshib ketgan. Bu esa shahar infratuzilmasining qattiq zo‘riqishiga, jamoat transporti, sog‘liqni saqlash, ta’lim va uy-joy ta’minotida muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Poytaxtda avtomobillar soni keskin oshgan, ko‘chalardagi tirbandlik kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan. Shu bilan birga shahar havosi yil sayin ko‘proq ifloslanib, havo harorati ham oxirgi 10 yil ichida bir darajaga ko‘tarilgan. Joy tanqisligi, uy-joyga bo‘lgan talab va nazoratsizlik ortidan o‘zboshimcha qurilishlar ko‘paygan, arxitektura me’yorlari, tarixiy muhit va yashash sifati tahdid ostida qolmoqda.
«Bosh reja» nimaga kerak?
Mana shunday sharoitda «bosh reja» tushunchasi keng jamoatchilik uchun hayotiy ahamiyat kasb eta boshladi. U – shunchaki xaritadagi loyiha emas, balki shaharning 20–30 yillik rivojlanish strategiyasi, funksional va ekologik tartibni belgilab beradigan hujjatdir. Bosh reja orqali shaharning qanchalik kengaya olishi, qayerda yashash, qayerda ishlash, dam olish va harakatlanish mumkinligi huquqiy va me’moriy jihatdan belgilab qo‘yiladi.
Toshkentning 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi aynan shu masalalarga yechim topadi, deb turilgan bir vaqtda, uning atrofidagi muammolar poytaxt shaharning kelajagini shubha ostiga quymoqda.
Uzoq kutilgan bosh reja
Toshkentning yangi bosh rejasini ishlab chiqish masalasi 10 yildan ortiq vaqt davomida muhokamalarga sabab bo‘lgan. 2018 yil avgust oyida prezident tanqididan so‘ng, shahar hokimiga o‘sha yilning 1 oktyabriga qadar bosh reja konsepsiyasining loyihasi hamda bosh rejaning o‘zini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazish topshirilgan. O‘sha paytdagi hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev esa 2019 yil aprel oyiga qadar bosh reja konsepsiyasini 3D formatda tayyorlanishi haqida ma’lum qilgan.
Lekin loyiha belgilangan muddatlarda emas, kechikib 2022 yil oktyabrda prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim qilingandi. Uni tasdiqlash jarayoniga esa ikki yildan ortiq vaqt ketdi.
Shuningdek, rejaning interaktiv xaritasi 2025 yil 26 may kuni Qurilish vazirligining rasmiy saytida joylashtirilgan.
Bosh rejaga ko‘ra, poytaxt hududi uch asosiy zonaga ajratilgan: konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya.
- Konservatsiya zonalarida yashil hududlar, tarixiy ob’ektlar va sanitar himoya maydonlari saqlanib qoladi, yangi bino qurilishi taqiqlanadi.
- Rekonstruksiya zonalarida mavjud infratuzilmalarni yaxshilash, jamoat joylarini obodonlashtirish va dizaynerlik yechimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
- Renovatsiya zonalarida esa texnik va sanitar jihatdan eskirgan binolar buzilib, ular o‘rnida yangi inshootlar quriladi. Shuningdek, bo‘sh yer maydonlari va sanoat hududlari ham qayta shakllantiriladi.





