add

AQSH Kongressiga NATOdan chiqish bo‘yicha qonun loyihasi kiritildi

Kecha 16:59662 daqiqa

AQSH Kongressmeni Tomas Massi mamlakatning NATOdan chiqishi haqidagi qonun loyihasini taqdim etdi, tashabbus Vashingtonning global harbiy majburiyatlarini qisqartirish zarurati bilan izohlandi.

AQSH Kongressiga NATOdan chiqish bo‘yicha qonun loyihasi kiritildi

AQSH Kongressining Quyi palatasi deputati, respublikachi Tomas Massi mamlakatning NATOdan chiqishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini parlamentga kiritdi. Tashabbus «Not A Trusted Organization Act» — «Ishonchli bo‘lmagan tashkilot to‘g‘risida»gi qonun, deb nomlangan. Hujjatda ta’kidlanishicha, NATO sovuq urush davri mahsuloti bo‘lib, u sovet ittifoqiga qarshi turish uchun tuzilgan, ammo SSSR 30 yil oldin tarqalib ketganiga qaramay, AQSH hamon iqtisodiy yukini ko‘tarayotgani ko‘rsatilgan.

Massining ta’kidlashicha, NATOda ishtirok etish AQSH soliq to‘lovchilariga trillionlab dollarga tushgan, bu esa Konstitutsiyada belgilangan tashqi siyosat tamoyillariga zid. «Amerika dunyo himoyachisi bo‘lishi shart emas, ayniqsa eng boy mamlakatlar o‘z xavfsizligi uchun pul to‘lashdan bosh tortayotgan vaziyatda», — dedi kongressmen.

Qonun qabul qilinsa, AQSH prezidenti 30 kun ichida NATOga rasmiy tark etish niyati haqida xabar berishi shart bo‘ladi. Shuningdek, mamlakat soliq to‘lovchilari mablag‘larini NATO byudjetiga yo‘naltirish taqiqlanadi. Massi tashabbusini yangi qonun loyihasi bilan Senatga respublikachi Mayk Li ham kiritdi.

Prezident Donald Tramp bundan avval ham NATOdan chiqish tahdidi bilan chiqish qilgan, ayniqsa a’zolarning mudofaa xarajatlarini yetarlicha oshirmayotganligini tanqid qilgan. Uning bosimi ostida shimoliy alyans mamlakatlari 2035 yilga qadar mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foiziga yetkazish bo‘yicha majburiyat olgan.

Shu bilan birga, Jo Bayden prezidentligi davrida Kongress har qaysi prezidentning NATOdan chiqish vakolatini cheklovchi qonun qabul qilgan, uning hammuallifi hozirgi davlat kotibi Marko Rubio hisoblanadi. Biroq Politico nashrining ta’kidlashicha, Tramp tashqi siyosat bo‘yicha prezident vakolatlaridan foydalanib, bunday cheklovlarni chetlab o‘tish yo‘llarini izlashi mumkin.

Tramp qabul qilgan yangi milliy xavfsizlik strategiyasida NATOning «cheklanmas kengayish» tamoyiliga qarshi turish zarurligi qayd etilgan va AQSH «bo‘ynida butun dunyo tartibini ushlab turish» majburiyatidan voz kechishini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid