add

AQSH valutasi to‘rt yillik eng past darajaga quladi. Dollarga nima bo‘lyapti?

31.01.2026 | 10:454 daqiqa

AQSH dollari shunchalik past darajaga tushdiki, moliya bozorlarida jiddiy xavotirlar paydo bo‘ldi. Trampning bayonotlari, shatdaun xavfi va Federal zaxira tizimi atrofidagi beqarorlik investorlarni oltin sari yetaklamoqda.

AQSH valutasi to‘rt yillik eng past darajaga quladi. Dollarga nima bo‘lyapti?

AQSH fond bozoridagi o‘sish sur’atlaridan farqli o‘laroq, dollar qiymati shiddat bilan pasaymoqda. ICE (Intercontinental Exchange) birjasining dollarni oltita asosiy valuta savatiga nisbatan o‘lchaydigan indeksi (ICE U.S. Dollar Index) ko‘rsatkichlariga ko‘ra, Amerika valutasining qiymati so‘nggi to‘rt yillik minimumga yetdi. Ushbu pasayishning asosiy qismi oxirgi bir yil ichida kuzatilgan bo‘lsa-da, indeks dollar yanvar oyi o‘rtalaridan buyon 3 foizdan ortiq qiymat yo‘qotganini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, dollarning tushishi bir qator beqarorlashtiruvchi omillar — prezident Trampning navbatdagi bojlar bilan bog‘liq tahdidlaridan tortib, hafta oxirida hukumat faoliyatining to‘xtab qolishi (shatdaun) ehtimoligacha bo‘lgan jarayonlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

JPMorgan Chase bankining 2025 yilgi hisobotiga ko‘ra, uzoq muddatli tendensiya ham valuta kursiga bosim o‘tkazmoqda: investorlar dollardan voz kechib, oltin kabi barqaror aktivlarga sarmoya kiritishga o‘tmoqda.

FxPro kompaniyasining tahlilchisi Aleks Kupsikevichning CBS News nashriga ma’lum qilishicha, dollarning so‘nggi pasayishiga «Trampning boj siyosatini faol targ‘ib qilishi va Federal zaxira tizimiga (FZT) asosiy stavkani tushirish bo‘yicha o‘tkazayotgan bosimi» sabab bo‘lgan.

«So‘nggi ikki hafta ichida yangi boj tahdidlari va Trampning dollarning hozirgi darajasi uni qoniqtirishi haqidagi bayonotlari tufayli ushbu omillar yana kun tartibiga chiqdi», — deydi ekspert.

Shuningdek, hukumat faoliyatining to‘xtab qolish xavfi ham kuchaymoqda. Bunga demokrat qonun chiqaruvchilarning shanba kungi so‘nggi muddat oldidan immigratsiya idoralari tomonidan Tramp rejasining amalga oshirilish tartibini isloh qilishni talab qilayotgani sabab bo‘ldi. Agar shatdaun yuz bersa, bu o‘tgan yili 43 kun davom etgan, aviaqatnovlarda uzilishlar keltirib chiqargan va minglab ishchilarni maoshsiz qoldirgan tarixiy uzoq tanaffusning takrori bo‘ladi.

«De Vere Group» moliya-maslahat kompaniyasi rahbari Nayjel Grinning so‘zlariga ko‘ra, bunday noaniqlik sarmoyadorlarni dollar masalasida ehtiyotkor bo‘lishga majbur qilmoqda.

«Dollarning mustahkamligi institutsional barqarorlikka, fiskal ishonchlilikka va siyosatning oldindan taxmin qilinishiga tayanadi. Hukumat faoliyatining to‘xtab qolish xavfi esa ushbu uchta ustunning barchasini zaiflashtiradi», — deb ta’kidladi u.

 Trampning dollar borasidagi qarashlari

Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, 27-yanvar kuni Ayova shtatidagi chiqishi chog‘ida prezident Trampdan dollar kursi haddan tashqari tushib ketmadimi, deya so‘rashgan.

«Yo‘q, menimcha, bu yaxshi holat. Dollar qiymati va biz amalga oshirayotgan ishlarga bir qarang», — deya javob qaytardi u.

Uning ushbu izohlaridan so‘ng dollar pasayishda davom etib, qariyb 1 foizga qadrsizlandi. Trampning so‘zlari investorlar orasida Oq uy «kuchsiz dollar» siyosatini ma’qul ko‘radi, degan taxminlarni kuchaytirdi. Zero, arzon valuta Amerikada ishlab chiqarilgan tovarlarni xorijiy kompaniyalar va iste’molchilar uchun arzonlashtirish orqali eksportchilarga yordam berishi mumkin.

Biroq, Moliya vaziri Skott Bessent 28-yanvar kuni CNBC telekanaliga bergan intervyusida AQSH hukumati valuta bozoriga aralashmayotganini va hamon «kuchli dollar» tarafdori ekanini ma’lum qildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, AQSH dollari hamon dunyoning yetakchi zaxira valutasi va global markaziy banklar tomonidan eng ko‘p saqlanadigan pul birligi bo‘lib qolmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning uchinchi choragida dunyo valuta zaxiralarining qariyb 56 foizi dollarda saqlangan. Bu birinchi chorakdagi ko‘rsatkichdan taxminan 1,5 foiz punktga kamdir.

Oltin va «Amerikani sotish» trendi

AQSH hukumatining ulkan qarzlaridan tortib, Tramp ma’muriyatining savdo siyosatigacha bo‘lgan turli xatarlar global investorlarni vaqti-vaqti bilan Amerika bozorlaridan chiqib ketishga majbur qilmoqda. Uoll-stritda bu holat «Amerikani sotish» (Sell America) savdosi nomi bilan mashhur.

Bu jarayon odatda dollar va AQSH G‘aznachilik obligatsiyalari kabi aktivlarni sotish hamda ularning o‘rniga xavfsiz hisoblangan ishonchli aktivlarga, xususan, yaqinda bir unsiyasi rekord darajadagi 5 500 dollarga yetgan oltinga sarmoya kiritishni anglatadi.

Kupsikevichning CBS News nashriga aytishicha, Federal zaxira tizimi (FZT) atrofidagi beqarorlik investorlarning xavotirini yanada kuchaytirmoqda. Kelasi hafta Tramp FZT raisi Jerom Pauell o‘rniga o‘z nomzodini e’lon qilishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, prezident markaziy bankning asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish haqidagi qarori uchun Pauellni keskin tanqid qilgan edi.

«FZT foiz stavkalarini jiddiy ravishda pasaytirishi kerak, HOZIROQ!» — deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida.

Stavkalarning pasaytirilishi dollarni zaiflashtirishi mumkin, chunki bu investorlarni yuqori daromad ilinjida G‘aznachilik obligatsiyalari kabi AQSH aktivlaridan voz kechishga undaydi. Ekspertlarning fikricha, Trampning qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydigan yangi FZT raisining kelishi dollarning yanada qulashiga yo‘l ochishi mumkin.

«Moliya vazirligi rasmiylari va FZT tomonidan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmasa, AQSH valutasi yaqin oylarda 7-8 foizga qadrsizlanib, 2018 va 2021 yillardagi eng past ko‘rsatkichlarga qaytishi mumkin», — dedi Kupsikevich.

Teglar

Mavzuga oid