AQSHning Eron bilan urushi dunyoda dollarga bo‘lgan talabni keskin oshirdi
Yaqin Sharqdagi harbiy nizo dunyo moliyaviy tizimida dollar mavqeini vaqtincha bo‘lsa-da, mustahkamladi: investorlar geosiyosiy xavflardan himoyalanish uchun eng likvid aktivga o‘tmoqdalar.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan so‘ng investorlar faol ravishda dollar sotib olishga o‘tdi, deb xabar bermoqda «Reuters» agentligi. Natijada, dollar indeksi boshqa jahon valutalariga nisbatan atigi ikki kun ichida qariyb 2 foizga qimmatlashgan.
«Satori Insights» asoschisi Mett Kingning ta’kidlashicha, bu sakrash kapital oqimlarining qayta taqsimlanishi bilan bog‘liq. Investorlar spekulyativ pozitsiyalarni yopib, naqd pulga o‘tishmoqda, bu esa boshqa bozorlarning pasayishiga sabab bo‘ldi. Masalan, Janubiy Koreyaning «KOSPI» indeksi ikki kunda 20 foiz qiymatini yo‘qotdi.
Eskalatsiyaga qadar dollar bosim ostida edi: yanvar oyida uning indeksi 2 foizga tushib, to‘rt yillik minimalni yangilagan, o‘tgan yil davomida esa 10 foizdan ortiq qiymat yo‘qotgan edi.
Biroq urush boshlanishi himoya aktivlariga bo‘lgan qarashlarni o‘zgartirdi. Qiziqarli jihati shundaki, an’anaviy «xavfsiz go‘sha» hisoblangan oltin va kumush narxlari urush fonida pasayishni boshladi. Oltin narxi 3 foizga, kumush esa 6 foizga arzonlashdi, chunki investorlar qimmatbaho metallardan ko‘ra dollarning likvidligini afzal ko‘rmoqdalar.
Dollarning global hukmronligi
Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, dollarning jahon valuta zaxiralaridagi ulushi 2000-yillar boshidagi 70 foizdan bugungi kunda 57 foizgacha tushgan. Shunga qaramay, Xalqaro hisob-kitoblar banki dollar hali ham valuta bozoridagi barcha operatsiyalarning 89 foizida ishtirok etayotganini qayd etmoqda. Bu oxirgi 25 yil ichida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Neft bozorida ham dollar asosiy hisob-kitob valutasi bo‘lib qolmoqda: jahon neft savdosining 80 foizi aynan dollarda nominallashtirilgan.
Shu bilan birga, ekspertlar dollarning xarid qobiliyati pasayib borayotganidan xavotirda. «Federal Reserve Economic Data» ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 1996-yil yanvar oyidan 2025-yil dekabr oyigacha AQSH valutasining xarid qobiliyati 52 foizga, 1976-yildan beri esa 83 foizga kamaygan.
Kaliforniya universiteti professori Barri Ayhengrinning fikricha, hozircha dollarga munosib muqobil yo‘q, biroq uning mavqei zaiflashishi tezlashishi mumkin. U dunyoning bunday keskin o‘zgarishlarga tayyor emasligidan ogohlantirmoqda.
Iqtisodiy prognozlar
Yil boshida ko‘plab tahlilchilar, jumladan iqtisodchi Piter Shiff, dollar davri tugayotgani va markaziy banklar oltinga o‘tishini prognoz qilgan edilar. Dunyo oltin kengashi statistikasi ham markaziy banklar tomonidan metallga bo‘lgan talab barqaror ekanini tasdiqladi. Oltin narxi ilk bor bir unsiya uchun 5500 dollardan oshgan, kumush esa 120 dollarga yaqinlashgan edi. Biroq Erondagi harbiy harakatlar vaziyatni tubdan o‘zgartirib, investorlarni yana Amerika valutasiga qaytardi.
Bugunga kelib dollar qisqa muddatli «g‘olib» sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ammo uzoq muddatli istiqbolda AQSH iqtisodiyotidagi muammolar va dollarning xarid qobiliyati pasayishi saqlanib qolmoqda.





