add

Bo‘lib to‘lash — xalq gardaniga yashirincha qarz? Markaziy bank ogohlantirmoqda

14.06.2025 | 10:0011614

O‘zbekistonda nasiya to‘lovlari ommalashmoqda, ammo Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, ortiqcha to‘lovlar va shaffof bo‘lmagan shartlar aholini yashirin qarzga botirish xavfini kuchaytirmoqda.

Bo‘lib to‘lash — xalq gardaniga yashirincha qarz? Markaziy bank ogohlantirmoqda
O‘zbekistonda «hoziroq oling – keyin bo‘lib to‘lang» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan nasiya to‘lov sxemalari ommalashib borayotgani bilan birga moliyaviy barqarorlik uchun jiddiy xavflar yuzaga keltirmoqda. Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, mazkur bozorda yashirin qarz yuki o‘smoqda, to‘lov intizomi sust, shartlar shaffof emas va ko‘pincha iste’molchilar ortiqcha to‘lovlarga duch kelmoqda. Markaziy bankning «Nasiya bozori tahlili» hisoboti (2025) da qayd etilishicha, 2019-2023 yillarda dunyo bo‘ylab nasiya platformalari orqali sotuvlar hajmi taxminan 50 mlrd dollardan 370 mlrd dollargacha yoki qariyb 7,5 barobarga ortgan. Nasiya iste’molchilarining asosiy qismini 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ularning aksari bir vaqtning o‘zida bir nechta shartnomalar asosida nasiya mahsulotlaridan foydalanmoqda. Shunday sharoitda, ularning moliyaviy imkoniyatlari ortida qolmoqda. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda nasiya shartnomalarining umumiy soni 973 mingga yetgan. Maishiy texnika do‘konlaridagi nasiya shartlari odatda yuqori ustamalar bilan amalga oshiriladi. Masalan, ayrim smartfonlar 12 oylik nasiyada sotib olinganda tovarning umumiy qiymati 40–45 foizga qimmatlashadi. Bu esa oddiy bank mikrokreditiga nisbatan ikki-uch barobar ortiq to‘lov deganidir. Qolaversa, nasiya tashkilotlari banklarga nisbatan yumshoq tekshiruv asosida xizmat ko‘rsatadi, bu esa yashirin va nazoratsiz qarzlarga olib kelmoqda. Markaziy bank bu holatni tartibga solish, nasiya shartlarini aniqlash va iste’molchilarni himoya qilish mexanizmlarini joriy etish zarurligini ta’kidlamoqda. Hozirgi vaziyatda bozordagi moliyaviy xatarlar o‘sishi fuqarolarning kredit reytingini tushirish, iqtisodiy shoklarga ta’sirchanligini oshirish va umumiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tahlilga ko‘ra, 2027 yilga qadar O‘zbekiston nasiya bozoriga oid maxsus huquqiy asos yaratishi, operatorlar faoliyatini litsenziyalash va ma’lumotlar bazasini umumiylashtirish vazifalarini amalga oshirishi lozim. Bu nafaqat iste’molchilar, balki moliya tizimi uchun ham muhim qadam bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid