
“Bu yer bizning uyimiz” – tugatilayotgan onkologiya dispanseridan reportaj
Shifokorlar va bemorlar Toshkent onkologiya kasalxonasi tugatilayotganidan norozi. Vaq.uz muxbiri shifo maskanida bo‘lib, xodimlar va davolanayotganlar bilan suhbatlashdi.
Toshkent shahar onkologiya dispanseri poytaxtning markaziy va xaridorgir nuqtalaridan birida joylashgan yashil hudud. Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarovning buyrug‘i bilan shifo maskani Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markaziga qo‘shilyapti.
Yiliga 10 mingdan ortiq bemorga xizmat ko‘rsatadigan dispenser 4,6 gektar maydonda joylashgan.
Sir emaski, O‘zbekistonda ham onkologik bemorlar davolanadigan shifoxonalarda joy tanqisligi yuzaga kelishi allaqachon kuzatila boshlangan. O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq saraton xastaligi bilan kurashayotgan bemor bor. Onkologiya xizmatlariga talab yuqori bo‘lgan vaziyatda shifoxonani bitta tibbiyot muassasasiga birlashtirgandan ko‘ra, eskisini saqlab qolgan holda o‘rinlar sonini ko‘paytirish kerak emasmi? - degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Biroq afsuski, aqli jig‘ildonining foydasiga ishlaydigan ayrim amaldorlar og‘ir kasallik bilan kurashayotgan bemorlarning haqqini tuya qilishdan, o‘z manfaatlari yo‘lida ularning so‘nggi umid maskanini tortib olishdan tap tortishmayapti.
Ularning Onkologiya shifoxonalari o‘rnini egallashga urinishi birinchi marta emas. 3 yil avvalgi jamoatchilikning qattiq noroziligidan keyingina Toshkent shahar onkologik kasalliklar shifoxonasi va Toshkent viloyat onkologik kasalliklar shifoxonasi binolari va inshootlarini sotish bo‘yicha auksion to‘xtatilgandi. Afsuski, eng yomon kutilmalar yana amalga oshadigan ko‘rinadi.
Ma’lum bo‘lishicha, xodimlardan bo‘shash haqida arizalar yozdirilib olinyapti. Ishchilarning keyingi taqdiri esa noma’lum bo‘lib qolmoqda.
“Shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasidan kelishdi-da. “Qaysi shifoxona?” dedim. Qarang, Jukovskiy dedim, yonimdagina, menga yaqinroq. “Jukovskiy”da joy yo‘q deyishdi. Respublika, 16-shifoxonada joy yo‘q. Hech qayerda joy yo‘q. Onkologiya markazi bizni ishga olishga va’da bergan. Men atayin savol berdim: “Bizni yoshimizda olasizlarmi, olmaysizlarmi?” desam, “Ha, olamiz, muammosiz” deyishdi. Yo‘q, joy yo‘q ekan. Havoda muallaq qoldik. Bu nima degan gap o‘zi? Kreditlarimiz, bola-chaqamiz bor. Masalan, men ikki o‘g‘limni uylantirmaganman. Xo‘jayinim onkologiyadan vafot etganlar. Hozir mana o‘tiribmiz, nima qilishni bilmaymiz. Iltimos, bu nomardlik. Menimcha, avval xodimlarni joylashtirish, keyin kasallarni chaqirish kerak edi. Bizda esa aksincha, xodimlarni shunday uloqtirib yuborishdi. Shuncha mehnat qilganimiz, shuncha o‘qiganimiz... Mana, onkologiya eng og‘ir bo‘lim, eng og‘ir kasallar parvarishga, yaxshi gapga, tajribali xodimlarga muhtoj. Endi nima bo‘lyapti? Bizlar, masalan, bemorlar, mana, vaqtimiz ikkida tugasa ham, beshgacha shu yerda kasallarni qabul qilib o‘tirardik. Hech qachon “Vaqtimiz tugadi, bo‘ldi, ketdik” demasdik. Endi hozir bizlarni shunday uloqtirib yuborishdi. Hammamiz, hamma xodimlarimiz sarson yuribdi. Va’dalarni hech kim bajarmayapti. Faqat bo‘shash haqida ariza olishyapti bizdan. Faqat bo‘shashga. Bu nima degani? Qolganlarimiz nima bo‘lamiz endi? Bo‘ldimi? Davlatga kerakmasmizmi? Bu yer bizning uyimiz. Bir-birimizga o‘rganib qolganmiz. Agar birortamizni yaxshi joyga olib borib joylashtirishsa ham mayli edi, lekin shuni ham qilishmayapti-ku bizga? Endi nima qilamiz? Voy-dod, deyapmiz-da”, deydi hamshira Farog‘at Tojiboyeva.
Dispanserda ishlovchi shifokorning aytishicha, shifoxona yopilgan, odamlarni qabul qilishmayapti:
“Shifoxonaga yotqizishmayapti. Shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasidan odamlar kelishdi, ular bizni qayergadir ishga joylashtirishga urinib ko‘rishmoqchi, lekin bechora xodimlar... Bosh hamshiraning aytishicha, xodimlarning 80 foizi ishsiz qolibdi. Lekin shaxsan menga, albatta, hech qanday ish taklif qilishmadi va biz, ochig‘ini aytganda, shu yerda qoldirishlari uchun o‘z fikrimizda turibmiz. Biz o‘z ishimizni bilamiz. Hozir bizni qayerga qo‘yishadi? Agar men bu yerda hamma narsani bilsam, bu darajaga yillab erishganman, yillab. Bizning shifokor-onkologlarimiz hammasini o‘rganish uchun yillab harakat qilishgan. Hozir meni, masalan, operatsiya xonasiga qanday qo‘yishadi? Bu noto‘g‘ri, buning uchun qayta o‘qishim yoki yana nimadir qilishim kerak. Biz o‘z ishimizni yaxshi bilamiz-ku. Biz shu yerda bo‘lishimiz kerak, biz odamlarga yaxshilik qilamiz”, deydi u.
Shahar onkologiya dispanseri tugatilishi shunchalik imi-jimida amalga oshirildiki, birov bilib, birov bilmay qoldi. Suhbatdoshlarimizning ta’kidlashicha, bundan keyingi manzil onkologiya dispanserining viloyat filiali bo‘lishi mumkin.
Bemorlar va ularning yaqinlari shifoxonalar ko‘chirilishiga qarshi ekanini aytishmoqda.
“Kimyoterapiyaning yettinchi bosqichi bo‘layotgan edi. Bu yerdagi hamma bemorlar bezovtalanib qoldi hozir. Bu yerni bo‘shatish kerak, ko‘chish kerak degan masalalar bo‘lib ketdi. Bunga hamma qarshilik ko‘rsatdi, qarshilik qilyapmiz. Endi bizning murojaatimiz shu yerda qolsak, degan niyatda. Bu yerdagi shifokorlar, hamshiralar, hamma ishchi-xodimlarning hammasi o‘zimizning oilamizdek bo‘lib qoldi. Bu yerda bepul davolanish olib, har birimizga muomalasi shirin bo‘lib, bu shifokorlarimiz o‘zimizning singlimiz, onamizdek, otamizdek, ukalarimizdek bo‘lib ketdi. Ko‘chirsa, bizga qiyin bo‘ladi. Chunki bu yer shaharning ichida, kim qayerdan kelsa ham, hamma uchun yaqin. Shunchadan-shuncha bemorlar bor. Hamma tarqalib, hammaga shifoxonadan chiqarish qog‘ozini berishdi. Hozir norozilik bilan ketilyaptida”, deydi bemorlardan biri.
Boshqa bemor yangi joy uzoq, chekka joyligi uchun transport muammosi bo‘lishi, shahar onkologiya dispanseri ko‘chishiga qarshiligini bildirdi.
Shifokor va bemorlar hatto shaxsan Davlat rahbaridan yordam va himoya so‘rab murojaat qilgan.
“Yangi joyga o‘tkazamiz deyishdi, lekin o‘tkazishmadi. Bo‘shash haqida ariza yozdirishyapti. Umuman, ularning gapi bilan ishi to‘g‘ri kelmayapti. Taxminan 600 dan oshiq ishchi bor. Birinchi poliklinikadan boshlashdi bo‘shatishni, reanimatsiya bo‘shadi, OPP bo‘shadi, sekin bo‘limma-bo‘lim bo‘shatishyapti. Ishchilar ham ko‘chada qolib ketdi-da. Majburlab bo‘shatishgan. Hozir ishsiz yurishibdi. Nechta joyga borib qaytib kelishdi, xususiylar ham, boshqa joylar ham olmayapti. Poliklinikalar, anesteziologiya, reanimatsiya ishchisiz qoldi mana ko‘chada. Og‘ir-og‘ir kasallarga ham, ishchilarga ham qiyin bo‘ldi. Mana o‘zim shu yerda, operatsiya bo‘limida 14 yildan beri ishlayman. Nechta odam oilasini boqadi. Hamma qiynalyapti. Shu prezidentimizdan so‘raymiz, yana o‘z ish joyimizda ishlashimizga imkon berishlarini”, deydi kichik tibbiy xodim bolib ishlovchi Shahnoza Usmonova.
Jamoatchilik fikricha, bo‘layotgan ishlar onkologik bemorlarni zamonaviy tibbiyot markaziga o‘tkazish niqobi ostida shaharning markaziy nuqtalaridagi, metroga yaqin hududlarini qo‘lga kiritishdan boshqasi emas. Ijtimoiy tarmoq faollari auksion savdosidan so‘ng shifoxona o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlansa ajablanmasligini ta’kidlashmoqda.
Xalq bilan bemaslahat qabul qilinayotgan qarorlar muhokamalar ortidan yana qayta ko‘rib chiqiladimi, bunisini endi vaqt ko‘rsatadi.
Jamoatchilikning xavotiri qanchalik asosli. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu masalada haqida hali rasmiy bayonot bermagan. Vaqt.uz ayni masalaga yana qaytadi va Sog‘liqni saqlash vazirligiga mikrofon tutadi.
Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator: Javohir Boboqulov
Teglar






