add

Chexiya rahbari Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib berishga kafolat berdi

Chexiya prezidenti Petr Pavel mamlakatdagi siyosiy beqarorlik fonida Ukrainaga harbiy yordam to‘xtab qolmasligini ta’minlash uchun faol harakat qilmoqda. U Yevropaning xavfsizligini mustahkamlash doirasida AQSHdan mustaqil harakat qilish zarurligini ham ta’kidladi.

Chexiya rahbari Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib berishga kafolat berdi
Pavel, oktyabrdagi saylovlar natijasidan qat’i nazar, Chexiyadan Ukrainaga 1,8 million snaryad yetkazib berish tashabbusi davom ettirilishiga ishonch bildirmoqda. Uning aytishicha, muxolifatdagi ANO partiyasi ushbu tashabbusga qarshi emas, faqat jarayonning shaffofligini talab qilmoqda. Pavel siyosiy partiyalar bilan uchrashib, mamlakat xavfsizligi prinsiplari barchaga tushunarli bo‘lishi lozimligini bildirgan. Bundan tashqari, u NATO doirasida Yevropa o‘z mudofaa salohiyatini oshirishi kerakligini aytdi. Unga ko‘ra, Yevropa AQSH bilan hamkorlikda yoki mustaqil tarzda operatsiya olib borishiga tayyor bo‘lishi shart. ANO partiyasi rahbarlaridan biri Karel Havlichek snaryadlar bilan bog‘liq bitimni shaffof emas, deb baholab, NATO darajasida nazorat qilinishi kerakligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, kelishuvda shubhali ta’minlovchilar va yuqori foyda marjasi mavjud. Pavelning fikricha, Yevropa faqat YAIMning muayyan foizini mudofaaga sarflash bilan cheklanmasdan, aniq harbiy imkoniyatlarni yaratishi kerak. «Urush bo‘lsa, generallar foizlar bilan emas, real qurol, kemalar va tayyor samolyotlar bilan kurashadi», — dedi u. Prezident shuningdek, AQSH bilan ochiq muloqot zarurligini ta’kidlab, ulardan Yevropa qanchalik kuchli bo‘lishi kerakligi haqida aniq javob so‘rashni taklif qildi. U Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi real emasligini tan oldi, ammo bu g‘oyadan voz kechmaslikni ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid