add

Dunyoning eng yirik AESlari: yadroviy energetika qudrati bo‘yicha kim kuchli?

11.12.2025 | 14:0614934 daqiqa

Elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin o‘sar ekan, yadroviy energetika qaytadan eng muhim strategik yo‘nalishlardan biriga aylandi. Barqaror quvvat ishlab chiqarish ehtiyoji mamlakatlarni AESlarini kengaytirishga majbur qilmoqda.

Dunyoning eng yirik AESlari: yadroviy energetika qudrati bo‘yicha kim kuchli?

Hozirgi kunda dunyodagi eng yirik AESlar AQSH va Xitoyda joylashgan bo‘lib, yadroviy energetika kuchlari o‘rtasidagi yirik muvozanatni keltirib chiqarmoqda.

Quyidagi dunyoning eng yirik atom elektr energiyasi ishlab chiqaradigan davlatlar hamda eng yirik 10 ta atom elektr stansiyalarini ko‘rib chiqamiz.

Mamlakatlar kesimida eng katta ishlab chiqaruvchi sifatida AQSH qayd etilgan. U jahon yadroviy energiyasining qariyb 30 foizini beradi.

Xitoy so‘nggi o‘n yillikda yadroviy reaktorlar qurilishi bo‘yicha eng tez o‘sgan mamlakat hisoblanadi. Dunyoning 16 foiz atom energiyasini o‘zida jamlagan va 451 TWh energiya bilan jahonda ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Uchinchi o‘rindagi Fransiya esa elektr energiyasining 60 foizini yadroviy energiyadan oladi. Mamlakat 2024 yilda ishlab chiqarishni 12 foizga oshirib, 381 TWh natija ko‘rsatdi.

Rossiya — to‘rtinchi yirik atom energiyasi ishlab chiqaruvchi davlat hisoblanadi. Ammo 2024 yilda atom energiyasi ishlab chiqarishda biroz pasayishni (–1,0 foiz) boshdan kechirdi. Dunyo atom elektr energiyasining 7,7 foiziga egalik qilib, 216 TWh natija ko‘rsatgan.

Keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya, Kanada va Yaponiya egallagan. Bu davlatlar jami yadroviy energiyaning 12,7 foiziga egalik qiladi.

Sakkizinchi o‘rindagi Hindiston esa 2024 yilda eng tez o‘sish qayd etgan davlat bo‘lib, yadroviy energiya ishlab chiqarishini 13 foizga oshirgan. Dunyo yadroviy elektr energiyasining esa 1,9 foiziga egalik qiladi.

Oxirgi o‘rinlarni esa Ispaniya va Ukraina egallaydi. Ikkala davlat ham xuddi Hindiston kabi dunyoning 1,9 foizdan yadroviy elektr energiyasiga egalik qiladi.

2025 yilda dunyoda 416 ta yadroviy reaktor faoliyat yuritayotgani ma’lum. Ularning yarmidan ko‘pi 30 «yosh»dan katta. Shunga qaramay, so‘nggi o‘n yilda 60 dan ortiq yangi reaktor ishga tushgani va 15 mamlakatda 70 ta reaktor qurilayotgani yadroviy energetikaning global kelajagi uchun ijobiy signal sifatida baholanmoqda.

Yadroviy energetika bo‘yicha eng yirik infratuzilmalar ro‘yxatiga ko‘ra, dunyodagi eng katta AES sifatida Yaponiyaning «Kashiwazaki-Kariwa» stansiyasi qayd etilgan. Uning o‘rnatilgan quvvati 7965 MWni tashkil etadi, biroq 2011 yildan beri faoliyatdan to‘xtatilgan.

1

Reytingda birinchi faol AES sifatida Kanadada joylashgan «Bruce» stansiyasi qayd etilgan. U 8 ta reaktor bilan 6944 MW quvvatga ega bo‘lib, hozirda yadroviy elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri sanaladi. Mazkur stansiya iste’molchilarni barqaror bazaviy quvvat bilan ta’minlashda strategik ahamiyatga ega.

2

Ro‘yxatning keyingi to‘rt o‘rnini Xitoydagi ulkan energetika majmualari egallamoqda. «Hongyanhe» AESi 6714 MW quvvat bilan ikkinchi o‘rinda tursa, uchinchi o‘rinni 6667 MW quvvatga ega «Fuqing» AESi egallagan. Shuningdek, «Tianwan» (6608 MW) va «Yangjiang» (6516 MW) stansiyalari ham Xitoyning yadroviy infratuzilmani kengaytirishdagi tez sur’atini namoyon etmoqda.

3

4

Janubiy Koreyada joylashgan «Hanbit» AES 6235 MW quvvat bilan oltinchi o‘rinni, «Hanul» AES esa 6226 MW quvvat bilan yettinchi o‘rinni band etgan. Bu stansiyalar mamlakatning sanoat tarmoqlarini uzluksiz energiya bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

5

6

Yevropadagi eng yirik AES sifatida Ukrainada joylashgan Zaporijjya AESi 6000 MW quvvat bilan ro‘yxatning sakkizinchi o‘rnida qayd etilgan. U yirik quvvatga egaligiga qaramay, so‘nggi to‘rt yilda Rossiya bosqini ostida va to‘liq quvvatda ishlamayapti.

7

Dunyoda yadroviy energetika quvvatlarining kengayishi, Xitoy va Janubiy Koreya kabi mamlakatlar tomonidan ulkan AESlar barpo etilishi va Kanada kabi davlatlarning mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilishi global energetikada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashga intilish kuchayganini ko‘rsatadi. Yirik atom stansiyalarining tez sur’atda o‘sishi nafaqat energiya tanqisligini yumshatadi, balki iqtisodiy rivojlanish, sanoat quvvati va texnologik mustaqillik uchun muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Aynan shu tendensiyalar O‘zbekiston uchun ham dolzarb. Chunki mamlakat shu vaqtgacha yadroviy elektr energiyasidan foydalanmaydi. Biroq so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham AES qurilishi bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Jizzax viloyatida quvvati 2 GW bo‘lgan katta va 110 MW quvvatli kichik atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha Rossiyaning «Rosatom» agentligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. AESlarda har biri 1000 MW quvvatga ega ikkita katta reaktor va har biri 55 MW quvvatli ikkita kichik reaktor qurish ko‘zda tutilgan. Bu kombinatsiyalangan yondashuv 2,1 GW asosiy quvvat ishlab chiqarish va manyovr imkoniyatlarini ta’minlaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2035 yilga borib, Jizzaxdagi atom elektr stansiyasi yillik 15 milliard kWhdan ortiq energiya ishlab chiqaradi.

«Rosatom» va O‘zbekistonning «O‘zatom» agentligi loyihani ko‘p bosqichlarda amalga oshirish uchun tayyorgarlikni boshlashgan. Loyihaga ko‘ra, 2025 yil kuzda Jizzaxdagi kichik AES uchun kotlovan qazish ishlari boshlangan. 2026 yilda birinchi beton quyish ishlari boshlanishi kerak. O‘zbekiston va Rossiya atom energetikasi bo‘yicha xalqaro xavfsizlik standartlariga muvofiqligini ta’minlash uchun AEXA bilan hamkorlik qilmoqda.

Teglar

Ruxsora Jovliyeva

Ruxsora JovliyevaMaqolalar soni: 114

Barchasi

Mavzuga oid