
Erdo‘g‘an: «Eronning Isroil agressiyasiga qarshi o‘zini himoya qilish huquqi qonuniy»
18.06.2025 | 20:3017903
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Eronning Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan «bosqinchilik va davlat terrorizmi»ga qarshi kurashish huquqini to‘liq qonuniy va asosli deb atadi. Bu haqda u mamlakat parlamentida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Erdo‘g‘an nutqida Isroilning mintaqadagi davlatlarga nisbatan agressiyasi, xususan, G‘azo, Suriya, Livan, Yaman va Eronga qarshi uyushtirilayotgan zo‘ravonlik harakatlariga e’tibor qaratdi. U Turkiya bu toqatsizlik va insoniyatga zid tajovuzlarni to‘xtatish uchun har tomonlama harakat qilayotganini ta’kidladi.
Turkiya yetakchisining ta’kidlashicha, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu amalga oshirayotgan harakatlar shafqatsizlikda hatto Adolf Hitlerdan ham oshib tushgan. U buni «genotsid», deb baholadi.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Anqara mintaqada yuzaga kelayotgan mojarolar va ehtimoliy xavfli ssenariylar uchun tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi. Turkiya rahbari mamlakatning xavfsizligi va tinchligi uchun zarur choralar ko‘rilayotganini bildirdi.
Prezident xalqaro tashkilotlarning Isroil agressiyasiga qarshi ta’sir o‘tkaza olmayotganini tanqid qildi. «BMT, xalqaro institutlar va davlatlar butun insoniyat ko‘z o‘ngida amalga oshirilayotgan tajovuzga nisbatan sukut saqlamoqda. Ayrimlari esa ushbu banditlikni qo‘llab-quvvatlayapti», — dedi u.
Erdo‘g‘an o‘z so‘zlarini shunday yakunladi: «Mintaqamizdagi barcha davlatlar, jumladan qo‘shni Eron ham, bu voqealardan zarur xulosalar chiqarishi shart. Isroil agressiyasini to‘xtatish — nafaqat mintaqaviy barqarorlik, balki butun insoniyat tinchligi uchun muhim».





