add

Eron-Isroil: Yaqin Sharqdagi eng kuchli ikki armiya to‘qnashuvi dunyoga qanday xavf solishi mumkin?

14.06.2025 | 19:00222512

Yaqin Sharqdagi eng kuchli ikki armiya — Isroil va Eron ochiq urush ostonasiga yaqinlashmoqda. Bu mintaqani so‘nggi yuz yillikdagi eng yirik mojarolardan biriga yetaklashi mumkinligi haqida xavotirlar kuchaymoqda.

Eron-Isroil: Yaqin Sharqdagi eng kuchli ikki armiya to‘qnashuvi dunyoga qanday xavf solishi mumkin?
Mintaqada keskin tarzda kuchaygan taranglik sharoitida juma kuni Isroil Eron infratuzilmasining muhim ob’ektlariga qaratilgan keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi. «Qo‘zg‘algan sher» deb nomlangan maxsus operatsiya doirasida SAHAL Eron hududidagi 100 dan ortiq ob’ektlarga zarba berdi. Hujumlar asosan yadroviy inshootlar, harbiy rahbariyat komplekslari va havo himoya tizimlariga qaratilgan. Zarbalar ko‘lami va aniqligi so‘nggi yillarda mintaqadagi eng yirik havo amaliyotlaridan biriga aylandi, deb yozadi euronews. Bu to‘qnashuv natijasida Yaqin Sharqdagi eng kuchli ikki armiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyat yo‘lida turibdi. Dunyo bu voqealarni xavotir bilan kuzatmoqda: gap urush avj oladimi-yo‘qmi, degan savolda emas, balki u qay darajagacha yetishi mumkinligidir. Isroil va Eron o‘rtasida to‘laqonli mojaro nafaqat butun mintaqani, balki dunyoni ham jiddiy beqarorlikka olib kelishi mumkin. Bu yerda so‘z harbiy qudrat haqida ketmoqda. Eron harbiy jihatdan inson resursi, tanklar va artilleriya jihatidan ustun bo‘lsa-da, Isroil texnologiyada ustunlikka, yuqori darajada uyushtirilgan havo qudratiga va dunyodagi eng zamonaviy raketaga qarshi mudofaa tizimlariga ega. Bundan tashqari, har ikki mamlakat dron va raketa urushlarida katta tajriba to‘plagan, hamda yuqori zichlikdagi zamonaviy janglar yuritishda o‘n yillab tajribaga ega.   Eronga yana hujumlar kutilmoqda Isroilning juma kuni boshlagan hujumi harbiy qudrat namoyishi bo‘ldi. 200 dan ortiq harbiy samolyot 330 tadan ziyod yuqori aniqlikdagi bombalarni tashlab, Eronning eng zaif nuqtalariga bir vaqtda zarba berdi. Nishonlar orasida raketa ishlab chiqarish ob’ektlari, yadroviy olimlarning ofis va yashash joylari, hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘mondonlik markazlari bor edi. Isfahon viloyatida joylashgan uran boyitish markazi — Natanzda ham katta shikast kuzatildi. Shuningdek, Tehron bo‘ylab ko‘plab ob’ektlarga zarbalar berildi. Erondan kelgan dastlabki xabarlarga ko‘ra, talofotlar jiddiy. O‘ldirilganlar orasida bosh shtab rahbari general-mayor Muhammad Boqiriy va Atom energetikasi tashkilotining sobiq rahbari Faridun Abbosiy bor. Oliy rahbar Ayatullo Aliy Xomanaiyning katta maslahatchisi Ali Shamxoning og‘ir jarohat olgani xabar qilinmoqda. Isroil HHK Eronning havo mudofaa tizimlariga «keng ko‘lamli zarba» berilganini, «o‘nlab» radar qurilmalari va «yer-havo» raketalari uskunalari yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Bu Isroil Eronning to‘sib qolish salohiyatini yo‘qqa chiqarib, yangi hujumlarga tayyorlanayotganidan dalolat beradi.   Eronning javobi va uning harbiy qudrati Eron tez javob qaytarib, Isroil hududiga 100 dan ziyod dron uchirdi. Ulardan aksarini Isroilning mudofaa tizimlari to‘xtatib qoldi va ta’siri cheklangan bo‘ldi. Biroq javobning cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, Eronning umumiy harbiy salohiyati Isroil uchun muhim tahdid bo‘lib qolmoqda. Mamlakat yuzlab milliard dollarlik ballistik raketalar arsenaliga ega bo‘lib, ularning ayrimlari 3000 km dan ortiq masofani bosib o‘ta oladi. Eronda hatto gipertovushli qurollar ham mavjud. Bu qurollar Eronga mintaqadagi raqiblarini, shu jumladan AQSH harbiy bazalarini tahdid ostiga qo‘yish imkonini beradi. Bu vaqtcha bo‘lsa-da, samarali to‘siq vazifasini o‘tamoqda. Eron dron texnologiyasi bo‘yicha ham mintaqada yetakchi hisoblanadi. Mamlakatda turli xil uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqariladi va eksport qilinadi. Rossiya kabi ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun chet elda ham dron zavodlari qurilmoqda. Bundan tashqari, Eron katta doimiy armiya, keng rezerv va assimetriyali urush — proksi guruhlar, kiberxujumlar va an’anaviy bo‘lmagan taktikalar orqali urush yuritishda tajribaga ega.   Isroilning qudrati: kamsonli, lekin yuqori darajada tashkil etilgan Isroil dunyodagi eng texnologik jihatdan rivojlangan armiyalardan biri sifatida tan olingan. Uning raketaga qarshi mudofaa tizimlari — «Temir gumbaz», «Dovud dubulg‘asi» va «O‘q» — dunyodagi eng samaralilaridan sanaladi. Bundan tashqari, Isroil kuchli kiberxujum salohiyati va razvedka tizimiga ega. «Mossad» va «Shin Bet» kabi maxsus xizmatlar tahdidlarni oldindan aniqlab, ularni neytrallashtirishda muhim o‘rin tutadi. Isroilning doimiy armiyasi 170 ming atrofida bo‘lsa-da, u tashkilotlangan va tayyorlangan rezerv orqali bir necha kun ichida yarim milliongacha yetkazilishi mumkin. Isroil havo kuchlari eng zamonaviy samolyotlar va aniq qurollar bilan jihozlangan bo‘lib, dunyodagi eng kuchlilardan biri hisoblanadi.   Yondosh xavflar va global oqibatlar Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘laqonli urush kengroq mintaqaviy mojaroga sabab bo‘lishi mumkin. Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Livandagi «Hizbulloh» bu urushga jalb etilishi ehtimoldan xoli emas. Isroil oktyabrda Janubiy Livanga kirgan va noyabrda vaqtincha otashkesimga erishilgan bo‘lsa-da, vaziyat hali ham nozik. Urush osonlikcha Suriya, Iroq va Fors ko‘rfaziga yoyilib ketishi mumkin. AQSH aktivlari tahdid ostida. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kun avval AQSH xodimlari Bag‘doddan evakuatsiya qilingan. Shuningdek, «qarshilik o‘qi» deb nomlangan — Eron boshchiligidagi norasmiy koalitsiya (Hizbulloh, Iroqdagi shialar, Yamandagi husiychilar) — Eronga chegaralar ortida ham ta’sir o‘tkazish imkonini beradi. Nizo oqibatlari jang maydonidan tashqariga ham chiqishi mumkin. AQSHning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki aktivlariga qilingan hujum natijasida urushga jalb qilinishi global nizoga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Yevropa ham jabr ko‘rishi mumkin — bevosita hujumlar, kiberxujumlar, neft oqimlari uzilishi yoki Adan ko‘rfazidagi asosiy dengiz yo‘liga tahdid tufayli. Qochqinlar inqirozi, iqtisodiy beqarorlik va energiya narxlarining o‘sishi — bular mojaro avj olsa, Yevropani kutib turgan real xavflardir.    

Teglar

Mavzuga oid