
Eron strategik mag‘lubiyatga uchramoqda — eronlik ekspert
15.06.2025 | 19:00494312
Eronlik siyosatshunos Rizo Tolibiyning fikricha, Isroil bilan davom etayotgan qurolli to‘qnashuv sharoitida Islom Respublikasi rahbariyati strategik mag‘lubiyatga uchrayapti.

Ekspertning haqqin.az nashriga bergan intervyusida ta’kidlashicha, Isroil harbiy-havo kuchlari deyarli qarshiliksiz holda Eron hududi bo‘ylab zarbalar bermoqda, mamlakatning turli mintaqalarida oldindan belgilab olingan nishonlarga yuqori aniqlik va eng kam yo‘qotishlar urib tashlanmoqda. Bu, asosan, Eronning harbiy infratuzilmasi, xususan havo hujumidan mudofaa tizimi Isroil aviatsiyasi hujumlariga samarali qarshilik ko‘rsata olmayotgani bilan izohlanadi.
«Amaliyot boshlangan ilk kunlardanoq Eronning radar tizimlarining katta qismi ishdan chiqarildi — avval radiolokatsion kurash vositalari orqali, keyin esa aniq aviatsiya zarbalari bilan, — dedi Tolibiy. — Birinchi bo‘lib yo‘q qilingan nishonlar qatoriga Tabriz yaqinidagi zenit-raketalik majmualar, Hamadondagi «Subashi» majmuasi pozitsiyasi hamda mamlakatning shimoli-g‘arbidagi Bilyosuvor atrofida joylashgan «Garmiy» zaxira havo mudofaa tizimi kiradi».
Ekspertning ta’kidlashicha, Erondagi havo hujumidan mudofaa tizimlarining aksariya qismi 1960-yillarda — shoh rejimi davrida Buyuk Britaniya va AQSHdan yetkazib berilgan eski jihozlarga asoslangan. Shuningdek, Erondagi muntazam armiya va Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)da alohida, bir-biriga integratsiyalanmagan havo hujumidan himoya tizimlari mavjud. Tolibiyning ta’kidlashicha, har ikki harbiy tuzilmaning hamkorlikda ishlamasligi, ichki raqobat va yagona qo‘mondonlik tuzilmasining yo‘qligi mamlakatning himoyasini zaiflashtiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
«Zamonaviy rossiya radiolokatsion stansiyalari va havo hujumidan himoya tizimlari, jumladan S-300 zenit-raketa majmualari strategik ahamiyatga ega ob’ektlar — xususan, Natanz, Fo‘rdu va Hurdoddagi yadroviy markazlar atrofida joylashtirilgan edi, — deydi ekspert. — Biroq mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, nisbatan zamonaviy hisoblangan ushbu majmualar ham Isroil tomonidan amalga oshirilgan ommaviy hujumning ilk soatlaridayoq ishdan chiqarilgan. Natijada, Eron osmoni aslida himoyasiz holda qoldi va bu Isroilning dron hamda aviatsiya kuchlariga mamlakat hududining ichkari  qismigacha hech qanday to‘siqsiz harakat qilish imkonini berdi».
Tolibiyning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning kamida 35 ta shunday atalmish mobil dron bazalari Eron hududining o‘zidan to‘g‘ridan to‘g‘ri harakat qilmoqda va bu qo‘shimcha tahdid hisoblanadi. Bundan tashqari, mamlakatda ko‘p sonli isroillik diversiya guruhlari faoliyat yuritmoqda, ular ko‘p funksiyali «Spayk» turkumiga mansub tankka qarshi raketa majmualari bilan jihozlangan. Eronlik ekspert keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu guruhlar Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning kamida yigirmata generali va Eron armiyasi yuqori lavozimli ofitserlarini, jumladan Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general Muhammad Boqiriyni yo‘q qilish uchun javobgardir.
Rizo Tolibiy ta’kidlashicha, Eron AQSH va Isroil tomonidan tuzilgan strategik tuzoqqa tushib qolgan va endi voqealarning yanada qanday rivojlanishi Tehrondagi rahbariyat qabul qiladigan qarorlarga bog‘liq. Uning fikricha, hozirgi vaziyatda uchta ehtimoliy ssenariy mavjud.
Birinchi va eng kam halokatli yo‘l —bu Tehronning rasman dushmanona harakatlardan voz kechishi va AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan shartlarni to‘liq bajarishidir, deydi ekspert. Ushbu ssenariy doirasida Eron Isroilga raketali zarbalarni to‘xtatadi, yadroviy dasturni tugatadi, o‘rta masofali ballistik raketalardan voz kechadi (faqat taktik tizimlarni saqlab qoladi) va xorijdagi proksi tuzilmalar — «Fotimiyyun» va «Husayniyyun» kabi guruhlarni tarqatadi.
Bu yo‘l faqat oyatullo Ali Xomanaiyning Oliy rahbarlik lavozimidan ketishi va hokimiyatni ko‘proq mo‘’tadil va Isroilga qarshi murosasiz ritorika bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxs — ehtimol, uning o‘g‘li yoki boshqa bir vorisga topshirishi shartida amalga oshirilishi mumkin».
Ikkinchi ssenariy — Eronning pozitsiyasi radikallashishi. Bunday holda Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishga urinishi, global energetik inqirozni keltirib chiqarishi va Qatar hamda Saudiya Arabistonida joylashgan AQSH bazalariga ommaviy raketali hujumlar boshlashi mumkin. Bunday qadam Fors ko‘rfazidagi davlatlarni Isroil va AQSH tomoniga o‘tishiga olib keladi hamda Eronni to‘liq xalqaro blokadaga uchratishi ehtimoli bor. Bu ssenariyda mamlakatning elektr tarmoqlarini yo‘q qilish, iqtisodiyotning falaj bo‘lishi, shuningdek, tashqi qo‘llab-quvvatlov bilan balujlar va kurdlar qo‘zg‘oloni boshlanishi mumkin.
Nihoyat, uchinchi va eng xavfli variant — «iflos» deb ataladigan yadroviy quroldan foydalanish. Bu holda Eron oddiy ballistik raketalarni radioaktiv materiallar bilan jihozlab, Isroil shaharlariga zarbalar berishi mumkin. Bu vaziyatda Isroil va AQSH tomonidan javob chorasi miqyosi va qat’iyligi jihatidan mislsiz bo‘ladi va Islom Respublikasi rejimi bir necha kun ichida yo‘q qilib yuborilishi mumkin.
Ushbu ssenariylar fonida eronlik ekspert xulosa qilib aytadiki, qaysi yo‘l tanlanishidan qat’i nazar, AQSH va Isroilning so‘nggi maqsadi — faqat Eronning yadroviy dasturini to‘xtatish emas, balki oyatullohlar rejimini almashtirishdan iborat. Tolibiyning fikricha, Eron nafaqat xalqaro maydonda, balki o‘z mamlakatining ichida ham yakkalangandir. Bu yerda aholining mutlaq ko‘pchiligi hokimiyatdagi rejimdan chuqur ranjish yoki ochiqcha nafrat his qilmoqda.
Tolibiyning eslatishicha, Isroil tomonidan yo‘q qilingan IIMK generali G‘ulomali Rashid 2022 yil sentyabridagi ommaviy namoyishlarni bostirishni shaxsan muvofiqlashtirgan shaxslardan biri bo‘lgan. O‘sha voqealarda taxminan 500 kishi halok bo‘lgan, yuzlab inson og‘ir jarohat olgan, o‘n minglab fuqarolar hibsga olingan va shafqatsiz qiynoqlarga uchragan.
Xulosa o‘laroq Rizo Tolibiy hozirgi inqiroz Eron tarixidagi burilish nuqtasiga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
«Yaqin kunlarda rasmiy Tehron qanday qaror qabul qilishidan nafaqat Islom Respublikasining kelajakdagi taqdiri, balki butun Yaqin Sharq mintaqasi xavfsizligi ham bog‘liq bo‘ladi», — deb xulosa qildi eronlik ekspert.





