
G‘azo bo‘yicha tinchlik muzokaralari barbod bo‘lish arafasida
12.07.2025 | 11:3021333
Qatarda olib borilayotgan Isroil va HAMAS o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda. Falastin rasmiylarining ta’kidlashicha, muzokaralar yopilish xavfi ostida turibdi va ikki tomonning qarashlari o‘ta keskin farq qilmoqda.
Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilayotgan G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagi shaxslarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar jiddiy to‘siqlarga uchramoqda.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Vashingtonga tashrifi ortidan muzokaralar cho‘zilgan va Isroil delegatsiyasiga hal qiluvchi qarorlar qabul qilish vakolati berilmagan. Asosiy bahslar gumanitar yordamni yetkazish mexanizmlari va Isroil qo‘shinlarining G‘azodan olib chiqilishi yuzasidan yuz bermoqda.
HAMAS gumanitar yordam BMT va xalqaro tashkilotlar orqali tarqatilishini talab qilmoqda. Isroil esa G‘azo gumanitar jamg‘armasi orqali tarqatishni taklif qilmoqda. Biroz yaqinlashuv qayd etilgan bo‘lsa-da, rasmiy kelishuvga erishilmadi.
Ikkinchi yirik muammo — bu Isroil qo‘shinlarining G‘azodan qanchalik chiqarilishi masalasi. HAMAS boshida 1–1,5 km bufer zonasiga rozi bo‘lgan. Ammo taqdim etilgan xaritalarda bu zonalar 3 km gacha kengaytirilib, G‘azo shahri va janubdagi Rafa to‘liq qamrab olingan. Bu esa ishonchni yanada susaytirdi.
Shuningdek, Isroil mudofaa vaziri Isroil Katsning Rafa shahrida 600 ming kishiga mo‘ljallangan «insoniy shaharcha» barpo etish rejasi ham keskin tanqid qilinmoqda.
Muzokaralar 8 marta davom etdi va ularga Qatar Bosh vaziri, Misr va AQSH rasmiylari vositachilik qilmoqda. AQSHdan jiddiyroq bosim o‘tkazish talab etilmoqda. Aks holda, mintaqa yana yangi halokatli bosqichga o‘tishi mumkin.





