
Hayekning mashhur nutqi: Nobel sovrindorlarining mafkuraviy jangi
1974 yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti mafkuraviy raqiblar — Fridrix Hayek va Gunnar Myurdalni bir sahnaga chiqarib, akademik dunyoda munozaralarga sabab bo‘ldi.

1974 yilda Fridrix Avgust fon Hayek «iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional hodisalarning o‘zaro bog‘liqligini tamal tahlili uchun» iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan edi. U «Tarqoq bilimlar» uchun emas, yoki markazlashtirilgan rejalashtirishni tanqid qilgani yo «mohiyatan murakkab hodisalar»ni tahlil qilish usulini ishlab chiqqani uchun emas, «o‘zaro bog‘liqlikni tahlil qilgani uchun» degan umumiy formulirovka bilan mukofotlangan.
Bu tashkilotchilarga Hayekning mukofotlanishini boshqa bir laureat — shved iqtisodchisi Gunnar Myurdalning xizmatlarini e’tirof etish imkonini berdi. Qizig‘i shundaki, Gunnar Myurdal va Fridrix Hayek shunchaki bir biriga qarshi odamlar emas, ular mafkuraviy raqiblar edi. Ularning nuqtayi nazarlari iqtisodiy va siyosiy hayotning bir biriga teskari qutblarida joylashgandi. 1974 yildagi mukofotni topshirish jarayonini Nobel qo‘mitasi tomonidan uyushtirilgan «hisob-kitobli nikoh oqshomi» deb ham atashadi.

Fridrix Hayek
Bu qaror akademik doiralarda shok, kulgi va taajjubga sabab bo‘lgan edi. U bir tomondan liberal g‘oyalar ta’sirining tobora o‘sib borayotgani, ikkinchi tomondan Shvetsiyaning o‘zida ijtimoiy yo‘nalganlik kuchaygani sharoitida g‘irt siyosiy murosa sifatida qabul qilingan edi.
Garchi har ikki iqtisodchi «sof» iqtisodiy nazariya chegarasidan chiqib ketgan va tahlilga ijtimoiy institutlar tahlilini qo‘shgan (aynan shu formal jihatdan ikkisini bir nominatsiyaga birlashtirishga izn bergan) bo‘lsa-da, ularning xulosalari bir biriga mutlaqo zid edi.
Myurdal sotsializmning shvedcha modeli «otasi» va umummilliy farovonlik davlati (welfare state) arxitektori edi. U erkin bozor tengsizlik va samarasizlikka eltadi, deb hisoblardi.
Davlat ijtimoiy adolatga erishish uchun aralashishi, rejalashtirishi va resurslarni taqsimlashi kerak, derdi. Uning fikricha, iqtisodchilar o‘z bilimlarini jamiyatni faol qayta qurish uchun sarflashlari kerak. Myurdal iqtisodchini jamiyatni «tuzatishi» lozim bo‘lgan o‘ziga xos injener deb hisoblardi. Uning bosh g‘oyasi — «kumulyativ sababdorlik» nazariyasi edi. Kambag‘allik kamabag‘allikni, boylik esa boylikni keltirib chiqaradi, derdi. Bozor o‘z-o‘zidan muvozanatga erishmaydi, xalqani uzish uchun tashqi turtki (davlat) kerak, deb hisoblardi.

Gunnar Myurdal
Hayek esa sotsializm, keynschilik va har qanday davlat rejalashtiruvining asosiy tanqidchisi edi. U narx hosil bo‘lishiga davlatning har qanday aralashuvi va resurslarning taqsimlanishi axborotni buzib ko‘rsatishi va iqtisodiy tanazzul va erkinlikning yo‘qolishiga olib keladi, deb ta’kidlardi. Hayek jamiyatni xuddi mashina singari loyihalashtirish mumkin, degan g‘oyani tanqid qilardi.
Uning ko‘p yillik bosh qotirishlari predmeti «rejalashtirilmagan tartib» va bilim muammolari bo‘lgan. Hech qanday markaziy rejalashtiruvchi (garchi u Myurdal va Keynsdek aqlli bo‘lsa ham) bozordagi millionlab agentlar o‘rtasida sochilgan barcha axborotlarga to‘liq egalik qila olmaydi. Faqat erkin narxlargina bu bilimlarni muvofiqlashtirishi mumkin, derdi.
Darvoqe, yaqqol epistemologik tafakkurlar Hayekning eng birinchi ishlarida paydo bo‘la boshlagan va ular aynan o‘sha Myurdal bilan bog‘liq edi. 1933 yilda Hayek Kopenhagenda «Narx kutilmalari, monetar buzilishlar va xato sarmoyalar» mavzusida ma’ruza o‘qiydi va keyin shu nomdagi maqolasini e’lon qiladi, bu esa Myurdalning «Muvozanat tushunchasi pul nazariyasini tahlil qilish vositasi» nomli ishiga javob edi. Hayekning bu maqolasi uning mashhur «Iqtisodiyot va bilim» asarini, shundan so‘ng Hayekning butun davomli intellektual karyerasi mobaynida band qilgan yanada ko‘proq falsafiy muammolarni argumentlashga ketganini ko‘rish mumkin.
1974 yilgi voqealarga qaytsak. Myurdal, yumshoqroq qilib aytganda, Hayek bilan bunday «juftlashish»dan u qadar xursand emasdi. Keyinchalik u hattoki mukofotni bekor qilishni so‘ragan (ayniqsa, 1976 yilda yana bir «dushmani» Milton Fridman taqdirlangach), biroq uning noroziligi aynan Hayek bilan qo‘shnichilikdan boshlangan. Taqdirlash marosimidan so‘ng tashqil qilingan ziyofat va undan keyinги intervyularida u o‘zi taraqqiyotning mafkuraviy dushmanlari deb sanaydigan Hayek (keyinroq Milton Fridman) kabi insonlar bilan bitta sahnada turishdan or qilishini aytgan.
Hayek bu gaplarni zodagonlarga xos bosiqlik va yengil istezho bilan qabul qilgan. 51 yil avval (1974 yilning 11-dekabrida) chiqish qilgan o‘zining Nobel nutqida u Myurdal foydalangan uslublarni tanqid ostiga olgan. U «ssiyentizm» — aniq fanlar usullarini jamiyatni boshqarishga qo‘llashga urinish xavfli ekanini aytib, bu holni o‘ziga ishonch bilan bilim bo‘yicha «baslashish» deb atagan.
Hayek o‘zining Nobel nutqini quyidagi so‘zlar bilan tugatgan:
«Tabiiy fanlar ravnaqi tufayli tobora o‘sib borayotgan hokimiyatdan lazzatlanish xavfi mavjud, bu «boshni aylantirar darajadagi muvaffaqiyat» (bu ibora Stalindan iqtibos) nafaqat bizning tabiiy muhitimizni, ijtimoiy muhitimizni ham inson irodasi nazoratida ushlashga undaydi. O‘z bilimining erishib bo‘lmas chegarasi borligini tan olish jamiyat tadqiqotchisiga chindan ham boriga ko‘nish sabog‘ini berishi kerak. Bu saboq uni insonlarning jamiyatni nazorat qilishga bo‘lgan fatal intilishning ishtirokchisi bo‘lib qolishdan asrashi kerak. Intilishkim, insonni nafaqat o‘z tug‘ishganlari ustidan tiran qiladi, birorta miya loyihalashtirmagan, millionlab individlarning erkin sa’y-harakatlari tufayli bo‘y cho‘zgan sivilizatsiyani yo‘q qiladigan shaxsga aylantiradi».
Yuliy Yusupovning Telegram каналиdan.





