add

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi nimasi bilan muhim? Eron uni yopib qo‘ya oladimi va yopsa kim eng ko‘p jabr ko‘radi?

18.06.2025 | 15:00417622

Isroil va Eron o‘rtasidagi raketali zarbalar almashinuvi Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yish ehtimoli bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirdi. Bu bo‘g‘oz — dunyoda neft tashuvi uchun asosiy «tor yo‘lak» hisoblanadi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi nimasi bilan muhim? Eron uni yopib qo‘ya oladimi va yopsa kim eng ko‘p jabr ko‘radi?
Dunyoda ishlab chiqariladigan neft xomashyosi miqdorining taxminan beshdan bir qismi aynan shu bo‘g‘oz orqali tashiladi. Uning eng tor joyidagi kengligi atigi 40 kilometrni tashkil etadi. Eron harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bo‘g‘ozni yopish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin. Britaniyaning MI6 maxsus xizmatining sobiq rahbari ser Aleks Yanger dushanba kuni BBC’ga bergan intervyusida eng yomon ssenariyda bo‘g‘ozni to‘liq to‘sib qo‘yish ehtimoli mavjud, dedi. «Bo‘g‘ozni yopish, shubhasiz, neft narxlariga ta’sirini hisobga olgan holda, ulkan iqtisodiy muammoga aylanadi», — deydi Yanger. BBC bu boradagi ayrim savollarga javob izladi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qanchalik tor? Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Eron va Ummonni ajratib turadi. Kirish va chiqish qismlarida u taxminan 50 km kenglikka ega, eng tor qismi (o‘rtasidagi joyi) taxminan 40 km kenglikni tashkil qiladi. Shu bilan birga, u faqat markaziy qismida yirik kemalar uchun yetarlicha chuqur hisoblanadi. Hurmuz1 Dengiz navigatsiya xaritalaridan kiruvchi va chiquvchi xavfsiz yo‘llar, shuningdek ular orasidagi bufer zonasini ko‘rish mumkin — bularning barchasi og‘ir neft tankerlari uchun maxsus belgilangan. Umumiy hisobda yirik kemalar atigi taxminan 10 km kenglikdagi kanal orqali harakatlanishi kerak bo‘ladi. Fors ko‘rfaziga yo‘nalgan tankerlar Eron va arab davlatlari o‘rtasida tortishuv mavjud bo‘lgan katta va kichik Tumb orollariga yaqinlashadi. Ko‘plab mutaxassislar fikricha, harbiy harakatlar dengiz yuk tashuvi buzilishiga olib keladigan eng ehtimoliy sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holat 1980–1988 yillardagi Eron-Iroq urushi paytida allaqachon sodir bo‘lgan.   «Tiyib turish vositasi» Tahlilchilarning fikricha, Eron uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish yadroviy qurolga ega bo‘lishga o‘xshash «tiyib turish vositasi» sifatida ko‘riladi. Xalqaro hamjamiyat Eronning harbiy yadroviy dasturiga qarshi chiqib kelayotgan bo‘lsa, xuddi shunday yirik davlatlar ham bir necha bor Tehronning o‘z strategik geografik joylashuvidan xalqaro energiya bozoriga xomashyo yetkazib berishni to‘sish uchun foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirishgan. Ekspertlar tez-tez Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini vaqtincha yopishi mumkinligini bashorat qilishadi. Biroq ularning ko‘pchiligi ishonch bilan ta’kidlaydiki, AQSH va uning ittifoqchilari harbiy vositalar orqali dengiz yuk tashuvini tezda tiklay olishadi.   Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qanday qilib yopa oladi? AQSH Kongressi Hisobot-tahlil xizmati tomonidan 2012 yilda e’lon qilingan hisobotda Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini bosqichma-bosqich yopishi mumkinligi taxmin qilingan. U yerda quyidagi harakatlar ketma-ketligi ehtimol sifatida keltiriladi:
  • Ho‘rmuz bo‘g‘ozida dengizda yuk tashish taqiqlanishi e’lon qilinishi, biroq bu talab buzilgan taqdirda qanday oqibatlar bo‘lishi aniq aytilmasligi;
  • Bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalar tekshiruv yoki ushlab turishga duch kelishi mumkinligi haqida bayonot berilishi;
  • Kemalarga nisbatan ogohlantiruvchi o‘q uzishlar;
  • Ayrim kemalarga nisbatan harbiy kuch qo‘llanilishi;
  • Bo‘g‘oz va Fors ko‘rfazi suvlarida dengiz minasi o‘rnatilishi;
  • Savdo va harbiy kemalarga zarba berish uchun suv osti kemalari hamda raketa vositalaridan foydalanish.
Eron-Iroq urushi paytida Eron Silkworm turkumiga mansub raketalardan neft tankerlariga qarshi foydalangan hamda Fors ko‘rfazidagi suvlarga minalar o‘rnatgan edi. Shunday minalardan biri AQSH harbiy kemasi Samuel B. Roberts’ga shikast yetkazgan va bu AQSH tomonidan harbiy javob choralari ko‘rilishiga sabab bo‘lgan. Eron o‘shanda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq yopib qo‘yishning ilojini vila olmagan, biroq uning harakatlari ushbu hududdagi kemalar uchun sug‘urta xarajatlarini ancha oshirgan va Fors ko‘rfazidan chiqishda xarajatli to‘sqinliklarga olib kelgan.   Eronning harbiy imkoniyatlari Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘mondoni, general-mayor Hussayn Salomiy Isroilning Tehronga aviazarbalari oqibatida halok bo‘lishidan ikki kun oldin u Ho‘rmuz bo‘g‘ozida joylashtirilgan harbiy-dengiz bo‘linmalariga tashrif buyurgan edi. U Fors ko‘rfazi va unga tutash hududlarni Islom Respublikasining eng muhim mudofaa zonalaridan biri deb atagan edi. Xususan, u 10 kilometr masofani uch daqiqadan kam vaqtda bosib o‘ta oladigan yuqori tezlikka ega raketa katerlariga ishora qilgan. Salomiyning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tez harakatlanuvchi jangovar katerlar, og‘irroq harbiy kemalar va raketalar mudofaaviy amaliyotlarda ishlatilishi mo‘ljallangan. U shuningdek kemalarga qarshi mo‘ljallangan dengiz minasini «dengiz urushidagi eng hal qiluvchi qurol turlaridan biri» sifatida ta’riflagan. Salomiy o‘z bayonotida dengiz dronlari arsenali masofa, imkoniyat va vazifalar xilma-xilligi jihatdan kengayganini ham e’lon qilgan edi.   Tahlilchilar nima deb bashorat qilishmoqda? Mutaxassislar taxmin qilishicha, har oyda ushbu yo‘nalish orqali harakatlanadigan taxminan 3 mingta kemani to‘xtatishning Eron qo‘llay oladigan eng samarali usullaridan biri — bu Ho‘rmuz bo‘g‘ozini tez harakatlanuvchi jangovar katerlar va suv osti kemalari yordamida minalashtirish bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Eron floti va IIMKning harbiy-dengiz kuchlari xorijiy harbiy kemalar yoki savdo kemalariga hujum qilish salohiyatiga ham ega. Biroq, yirik harbiy kemalarning o‘zi ham Isroil yoki AQSH aviatsiya zarbalari uchun oson nishonga aylanishi mumkin. Eronning tez harakatlanuvchi katerlari ko‘pincha kemalarga qarshi raketalar bilan qurollantirilgan. Mamlakatda, shuningdek, turli tuman suvusti kemalari, yarim g‘arq bo‘luvchi qurilmalar va suvosti kemalari ham mavjud. Ayni paytda sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanuvchi dengiz harakati kuzatuvi saytlari Eronning janubiy dengiz chegaralarida harbiy kemalar harakatini qayd etmoqda.   Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilsa, qaysi mamlakatlar eng ko‘p jabr ko‘radi? Vortexa tahlil kompaniyasining tadqiqotlari ko‘rsatishicha, Saudiya Arabistoni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kuniga taxminan 6 million barrel neft xomashyosi eksport qiladi — bu ko‘rsatkich bo‘yicha mintaqadagi barcha qo‘shni davlatlardan yuqori. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft mahsulotlarining eng yirik iste’molchilaridan biri — Xitoy. Bu neft hajmining katta qismi Eron tomonidan jahon bozori narxidan arzonroq sotiladi, bu esa AQSHning qattiq sanksiyalariga dosh berishda Tehron uchun hayotiy iqtisodiy ko‘mak manbaidir. Xitoy bu muhim energetika yo‘lagining yopilishining oldini olish uchun o‘zining barcha diplomatik imkoniyatlarini ishga soladi. Bundan tashqari, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neftning eng yirik importchilari — Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreya hisoblanadi. EIA ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH ushbu bo‘g‘oz orqali kuniga taxminan 700 ming barrel neft xomashyosi va kondensat (odatda tabiiy gaz bilan birga uchraydigan past zichlikka ega suyuq uglevodorodlar) import qiladi — bu AQSH umumiy neft importining taxminan 11 foizi va benzin iste’molining 3 foizini tashkil etadi. Yevropa mamlakatlarining ushbu bo‘g‘oz orqali tashiladigan neft hajmidagi ulushi taxminan kuniga 1 mln barreldan kamroqni tashkil etadi. Shuni hisobga olgan holda, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ehtimoliy yopilishi oqibatida arab va Osiyo davlatlari AQSH yoki Yevropa davlatlariga qaraganda ko‘proq iqtisodiy yo‘qotishlarga uchrashi mumkin, deyish mumkin. Shu bilan birga, ayrim Osiyo mamlakatlari Eron bilan yaxshi yoki hatto yaqin munosabatlarni saqlab kelmoqda.   Muqobil yo‘nalishlar qamalni bartaraf qila oladimi? Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishiga oid doimiy tahdid so‘nggi yillar davomida ko‘pgina neft eksport qiluvchi mamlakatlarni xalqaro bozorga chiqish uchun muqobil yo‘nalishlarni rivojlantirishga undadi. EIA (AQSH Energetika axborot boshqarmasi) hisobotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni 1200 kilometrlik «Sharq–G‘arb» neft quvurini ishga tushirgan, u kuniga 5 million barrel neft homashyosini haydash salohiyatiga ega. Bundan tashqari, 2019 yilda podshohlik gaz quvurini vaqtinchalik ravishda neft xomashyosini tashish uchun qayta moslashtirgan. BAA o‘zining ichki neft konlarini Ummon ko‘rfazida joylashgan Fujayra porti bilan birlashtirdi. Bu liniya kuniga 1,5 mln barrel neft o‘tkazish imkoniyatiga ega. 2021 yil iyul oyida Eron «Go‘re–Jask» neft quvurini foydalanishga topshirdi. U neft xomashyosini Ummon ko‘rfaziga haydash uchun mo‘ljallangan. Hozirda ushbu quvur orqali kuniga taxminan 350 ming barrel neft haydalishi mumkin. Biroq, ayrim manbalarga ko‘ra, Eron bu quvurdan amalda hali foydalana boshlamagan. EIA baholashicha, bu muqobil yo‘nalishlar jami bo‘lib kuniga taxminan 3,5 mln barrel neft tashishi mumkin. Bu esa hozirgi paytda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashilayotgan neft xomashyosi hajmining taxminan 15 foiziga to‘g‘ri keladi.   BBC muharriri sharhi Isroilning Eronga hujumi neft narxlarining keskin oshishiga olib keldi. Seshanba kuni ertalab Brent markasining bir barreli 74 dollar atrofida savdolashdi. Holbuki, 12 iyun kuni Brent barreli 70 dollardan ham arzonroq edi — taxminan aprel oyi boshidan buyon narxlar pasayayotgan edi. Shu ma’noda bu hujum bozor uchun haqiqiy shokka aylandi. Biroq narxlar ko‘tarilishi qanchagacha davom etishi hozircha noaniq. Agar gap Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishigacha borib yetsa, narx oshishi uzoqroq va ancha keskin bo‘lishi mumkin. Agar esa ziddiyat pasayishga yuz tutsa, unda narxlar yana pasayadi, deydi BBC rus xizmati iqtisodiyot bo‘limi muharriri Olga Shamina. Narx oshishiga qarshi harakat qiluvchi boshqa omillar ham bor, masalan, OPEC mamlakatlari tomonidan neft taklifining ko‘payishi va AQSH prezidenti Donald Tramp boshlagan savdo urushlari — bular jahon iqtisodiyoti o‘sishini sezilarli darajada sekinlashtirish ehtimoliga ega, bu esa benzin va boshqa neft mahsulotlariga bo‘lgan talabga ta’sir qiladi. Neft narxlarining o‘sishidan Rossiya byudjeti foyda ko‘rishi mumkin. Ammo bu uchun neft narxlari uzoq muddat davomida yuqori bo‘lishi kerak. Narxlarning biroz qo‘zg‘alishi va keyingi pasayishi byudjetga umumiy hisobda katta ta’sir qilmaydi. Rossiyaning Urals markasining narxi Brent’ga nisbatan taxminan 10 dollarga arzonroq. Bu yil Rossiya byudjeti unchalik yaxshi holatda emas: Dastlab u neft narxlari yuqoriroq bo‘ladi, deb rejalashtirilgan edi. Moliya vazirligi bu yilgi Urals bo‘yicha prognozini 56 dollargacha tushirib bo‘ldi. Rossiya iqtisodiyoti sekinlashmoqda — demak, soliq tushumlari ham kamayadi. Agar neft narxlari rejadan yuqori bo‘lsa, Rossiya hukumati byudjet tanqisligini ancha past darajada ushlab qolishga muvaffaq bo‘ladi. Lekin agar narxlar yana tushsa, hozircha Rossiyada jiddiy byudjet muammolari kuzatilmaydi: hukumatda hamon byudjetdagi tuynuklarni yopish uchun yetarli zaxiralar mavjud.

Teglar

Mavzuga oid