
Istanbulda o‘zbekistonlik ayol o‘ldirildi
Istanbulda o‘zbekistonlik ayol Durdona Hakimovaning o‘limi ortidan qotillik, migrant ayollar xavfsizligi va jamiyatning zo‘ravonlikka oid bahslari keskinlashdi.
Bir necha kundan buyon Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik fuqaro Durdona Hakimovaning fojiaviy o‘limi jamoatchilik orasida katta rezonansga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik ayol ikki nafar o‘zbek erkak tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilib, chiqindi konteyneriga tashlab ketilgani haqidagi xabar odamlarni daxshatga soldi. Bu Turkiyaga ishlash uchun borgan ayol bilan bog‘liq birinchi fojia emas.
Durdona Hakimova kim edi?
Durdona Hakimova 36 yosh. Xorijiy OAVlarda keltirilishicha, marhuma 7 yildan beri Istanbulda istiqomat qilib, qonuniy ishlab kelgan. Ayolning ikki nafar farzandi bo‘lgan.
Jinoyat qanday sodir bo‘ldi?
Joriy yilning 24-yanvar kuni kechqurun, 36 yoshli Durdona Hakimovaning jasadi Istanbulning Shishli tumanidagi chiqindi konteyneridan topilgan.
Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 19:40 larda qog‘oz yig‘uvchi-Okan Duatepe mahalladagi Kuyulubog‘ ko‘chasi, 25-uy oldidagi konteynerdan choyshab va paketlarga o‘ralgan jasadni topgan. U darhol Ferikoy politsiya bo‘limiga xabar bergan. Holat jinoyat sifatida baholanib, mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov ishlari boshlangan.
Istanbul politsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida qotillikka aloqador ikki nafar shaxs bir necha soat ichida Istanbul xalqaro aeroportida qo‘lga olingan. Ular Gruziyaga chiqib ketishga urinayotgan paytda to‘xtatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushlangan shaxslarning har ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi.
Gumonlanuvchilar qotillikni tan oldi
Turk OAVlariga ko‘ra, ushlangan O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan ikki shaxs qotillikni tan olgan. Tergovda ma’lum qilinishicha, ular Durdona Hakimova bilan romantik munosabatda bo‘lgani va janjaldan so‘ng uni o‘ldirganini aytishgan.
Shuningdek, jasadni bo‘laklarga ajratishgan va Shishli tumanidagi chiqindi konteynerlariga tashlashgani ma’lum bo‘lgan.
Xavfsizlik kameralari gumonlanuvchilarning sumkalar bilan harakatlanganini va aeroportda qo‘lga olinganini tasdiqlaydi. Qotillik ishi bo‘yicha tergovni Istanbul Bosh prokuraturasi olib bormoqda.
Norozilik yurishi
Istanbulda o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning o‘limi ortidan turk ayollari norozilik yurishi o‘tkazib, adolat talab qilishdi.
Norozilik namoyishlari Istanbulda mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da Osmanbey metro bekati atrofida, Anqarada esa Yuksel ko‘chasidagi Inson huquqlari haykali oldida start oldi.
Ishtirokchi ayollar jasad aniqlangan Kuyulubog‘ ko‘chasi tomon yo‘l olib, erkaklar tomonidan sodir etilayotgan zo‘ravonlikka qarshi «Muhojir ayollar yolg‘iz emas» shiorini aytishdi.
Norozilik yurishida ishtirokchilar bu fojia yakka holat emasligini, mamlakatda ayol qotilliklari tizimli tus olayotganini ta’kidladi. Ular ayollarni himoya qilishga qaratilgan qonunlar ijrosini kuchaytirish va bunday jinoyatlarga nisbatan qat’iy jazo choralarini qo‘llashni talab qildi.
Namoyish davomida «O‘ldirilgan ayollar — bizning isyonimiz», «Sen hech qachon yolg‘iz emassan» kabi shiorlar yangradi. Ishtirokchilar jamiyatni sukut saqlamaslikka chaqirib, har bir ayol hayoti qimmatli ekanini uqtirdi.
Namoyishchilar Hakimovaning qotilligini 2009 yilda 17 yoshli Munevver Karabulutning Istanbulda chiqindi konteyneridan bo‘laklarga bo‘lingan tanasi topilgan qotillik ishi bilan solishtirdi. Yetakchilarning aytishicha, bu o‘xshashlik jinsga asoslangan zo‘ravonlikka nisbatan jazo choralarining yetarli emasligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston tomoni nima deydi?
Istanbuldagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi Durdona Hakimovaning vafoti yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, hodisa bo‘yicha surishtiruvlar bosh konsulxona nazoratida olib borilayotganini va marhumaning oila a’zolariga barcha zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.
Gender tengligi eksperti Kamola Aliyeva holat yuzasidan fikr bildirib, ayolning vahshiylarcha o‘ldirilishi haqidagi yangilik ostida ba’zi odamlar jinoyatni emas, qurbon bo‘lgan ayolning «axloqi»ni muhokama qilayotganini, bu esa zo‘ravonlik uchun javobgarlikni jinoyatchidan olib, qurbonning o‘ziga yuklash ekanini ta’kidladi.
«Bir narsani aniq tushunish kerak: ayolning hayot tarzi, tashqi ko‘rinishi yoki u haqdagi mish-mishlar uning yashash huquqini bekor qilmaydi. Hatto kimdir uni yoqtirmagan yoki «noqulay» deb hisoblagan bo‘lsa ham, bu hech qachon qotillikni oqlamaydi.
Bu yerda gap axloq yoki tarbiya haqida emas. Gap inson huquqlari haqida ketyapti. Yashash huquqi — mutlaq huquq, u insonning kim bo‘lgani, qanday yashagani yoki kimga yoqqan-yoqmaganiga bog‘liq emas», — deb yozdi u.
Shuningdek, inson huquqlari faoli Gulnoz Mamarasulova ham ushbu voqeaga munosabat bildirib, jamiyatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni oqlash holatlari tobora ildiz otib borayotganini ta’kidladi.
«Istanbulda o‘zbekcha vahshiylik harakatlarini oqlayotgan o‘zbek jamiyatini ko‘rib, rostini aytsam, shokdaman. Har safar bir xil manzara: ayol o‘ldiriladi, jamiyat esa qotilni emas, qurbonni muhokama qiladi. Qotillikni normallashtiradi. Keyin esa «bu birinchi marta emas», deb qo‘ya qolamiz, chunki haqiqatan ham birinchi emas», — dedi u.
Mamarasulova Istanbul, Surxondaryo, Samarqand, Toshkent viloyati va Moskvada ro‘y bergan ayollar qotilliklarini misol qilib keltirib, bu holatlarni birlashtirib turadigan eng xavfli jihat jinoyatning o‘zi emas, balki jamiyatning unga nisbatan munosabati ekanini qayd etdi.





