
Jennifer Lopes konsertiga bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yildi
07.08.2025 | 13:005742
7 avgust kuni kechqurun Bunyodkor stadionida o‘tadigan Jennifer Lopes konserti munosabati bilan Chilonzor tumanida avtotransport harakati vaqtincha cheklanadi. Bu tadbir jamoat xavfsizligi va harakat tizimini tartibga solish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, harakat 12:00 dan 23:00 gacha to‘liq to‘xtatiladi. Yo‘llar yopiladigan hududlar quyidagilar:
— Cho‘ponota va Qatortol ko‘chalari chorrahasidan Chilonzor ko‘chasigacha bo‘lgan Cho‘ponota ko‘chasi;
— Chilonzor va Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasidan KXAY ko‘chasigacha bo‘lgan Chilonzor ko‘chasi;
— Bunyodkor ikkinchi darajali ko‘chasi — KXAYdan Cho‘pon ota ko‘chasigacha bo‘lgan qismi.
Haydovchilarga aylanma va yondosh ko‘chalardan foydalanish tavsiya qilinmoqda.
Shuningdek, «Toshshaxartransxizmat» kompaniyasi tomonidan konsert ishtirokchilari uchun maxsus bepul avtobuslar qatnovi tashkil etildi. Ular soat 16:00 dan boshlab quyidagi joylardan harakatlanadi:
— City Mall savdo markazi oldi,
— Hyatt Regency mehmonxonasi oldi,
— Humo Arena muz saroyi oldi.
Avtobuslarning old oynasida «Bunyodkor stadioni» yozuvi bo‘ladi. Konsertdan so‘ng ushbu avtobuslar qatnashchilarni qaytib chiqish manzillariga yetkazadi.





