add

Kamerunda 92 yoshli prezident sakkizinchi muddatga da’vogarlik qilmoqchi

15.07.2025 | 21:20201310

Pol Biya dunyoning eng yoshi katta prezidenti bo‘lib, agar navbatdagi saylovlarda ham g‘olib chiqib, o‘lmay tursa, 100 yoshigacha mamlakatni boshqaradi.

Kamerunda 92 yoshli prezident sakkizinchi muddatga da’vogarlik qilmoqchi
Kamerun prezidenti Pol Biya, 92 yoshda bo‘lishiga qaramay, 12 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida sakkizinchi bor ishtirok etmoqchi. Dunyoning eng yoshi katta davlat rahbari hisoblangan Biya bu haqda yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida fransuz va ingliz tillarida e’lon qilgan. «Men prezidentlik saylovida nomzodman. Xotirjam bo‘ling, sizga xizmat qilishga bo‘lgan qat’iyatim hozirgi muammolar darajasiga to‘liq mos keladi», — deb yozdi Pol Biya. Agar Biya yana saylansa, deyarli 100 yoshgacha prezidentlik lavozimida qolishi mumkin. U hokimiyat tepasiga 1982 yilda, o‘sha vaqtdagi prezident Ahmadu Ahijo iste’foga chiqqanidan keyin kelgan. Biya o‘shandan beri Kamerunni boshqarib kelmoqda. Uning sog‘lig‘i so‘nggi yillarda tez-tez muhokama qilinmoqda. Masalan, o‘tgan yili u 42 kun davomida jamoatchilik oldida ko‘rinish bermagan edi. Uning qayta nomzod bo‘lishi ko‘pchilik tomonidan kutilayotgan bo‘lsa-da, lekin hali  rasman tasdiqlanmagan edi. Huquq himoyachisi va yurist Nkongo Feliks Agbor The Assiciated Press axborot agentligiga bergan intervyusida shunday dedi: «Prezident Biyaning yana saylovga nomzodini qo‘yishi —Kamerunda siyosiy o‘zgarishlar to‘xtab qolganining yaqqol belgisi. 40 yildan ortiq vaqt davomida hokimiyatda bo‘lgan Biya o‘rniga endi mamlakat yangilanishga muhtoj. Kamerun xalqi chinakam demokratiya va mas’uliyatli rahbarlikka loyiq». 13 iyul kungi e’lon Biyaning sog‘lig‘i va lavozimga qanchalik layoqatli ekanligi haqidagi bahs-munozaralarni yana kuchaytirdi. U ko‘p hollarda omma oldida kam ko‘rinadi va ko‘plab vazifalarni prezident devoni rahbariga topshiradi. 2024 yilning oktyabr oyida u 42 kunlik tanaffusdan so‘ng Kamerunga qaytgandi. Bu esa uning sog‘ligi yomonlashgani haqidagi taxminlarga sabab bo‘ldi. Biroq hukumat Biya sog‘lom ekanini aytib, xalqqa uning sog‘lig‘i haqida gapirishni taqiqladi — bu masala «milliy xavfsizlik» doirasiga kirishini bildirdi. Shuningdek, Biya 2008 yilda konstitutsiyaviy o‘zgarish orqali prezidentlik muddatiga qo‘yilgan cheklovni bekor qilgan. Bu esa unga istalgancha prezidentlikda qolish imkonini bergan. U 2018 yilgi saylovda 71,18 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, ammo muxolifat bu saylovda keng ko‘lamli qonunbuzarliklar bo‘lganini aytgan. 1960-yillarning boshida Fransiya va Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishgan kakao va neft ishlab chiqaruvchi Markaziy Afrika davlati Kamerun shu paytgacha atigi ikki prezidentga ega bo‘lgan. Agar hozirgi prezident Pol Biya sog‘ligi tufayli lavozimda qololmasa yoki vafot etsa, mamlakatda siyosiy beqarorlik va vorislik bo‘yicha inqiroz yuzaga kelishi mumkin. Biyadan tashqari, bir nechta muxolifat vakillari ham prezidentlik saylovida ishtirok etishni rejalashtirganini e’lon qilgan. Ular orasida:
  • Moris Kamto – 2018 yilgi saylovda ikkinchi o‘rinni olgan, Kamerun Uyg‘onish harakati yetakchisi;
  • Joshua Osi – Sotsial-demokratik front vakili;
  • Akere Muna – taniqli advokat;
  • Kabral Libii – Milliy yarashuv partiyasi nomzodi bor.
Ularning barchasi Biyaning uzoq yillik hokimiyatini tanqid qilgan va 2015-yilgi saylov adolatli o‘tishi uchun islohotlar zarurligini ta’kidlagan. Biyaning prezidentligi davrida Kamerun iqtisodiy muammolar, xavfsizlik tahdidlari va ijtimoiy ziddiyatlar bilan duch kelgan. Xususan, mamlakatning ingliz tilida so‘zlashuvchi hududlarida uzoq davom etayotgan ayirmachilik mojarosi va shimolda «Boko Haram» terrorchi guruhi tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.   Dunyodagi uzoq muddat mamlakatni boshqargan qariya prezidentlari Pol Biyadan yoshroq bo‘lsa-da, undan-da uzoqroq muddat hokimiyat tepasida qolayotgan faol rahbarlaridan biri — Ekvatorial Gvineya prezidenti Teodoro Obiang Nguema Mbasogo hisoblanadi. U 1979 yildan beri, ya’ni 45 yildan ortiq vaqt davomida davlatni boshqarib kelmoqda. Biroq uning yoshi 82 da. Obiang ham hokimiyatni kuchli nazorat ostida ushlab turadi va uning boshqaruvi davomida siyosiy erkinliklar ancha cheklangan. Uganda prezidenti Yosheri Museveni ham uzoq muddat hokimiyatda qolgan rahbarlar sirasiga kiradi. U 1986 yildan beri davlatni boshqaradi. Hozir u 79 yoshda. U konstitutsiyaviy cheklovlarni bekor qilib, prezidentlik muddatlari va yosh chegaralarini olib tashladi, bu esa uning hokimiyatda qolishini davom ettirishiga yo‘l ochdi. Tarixda esa bu borada eng mashhur shaxs Robert Mugabe bo‘lgan. Zimbabve prezidenti sifatida 1980 yildan 2017 yilgacha – 37 yil lavozimda turgan Mugabe 93 yoshgacha prezident bo‘lib qolgan va faqat harbiy bosim ostida iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan. U 2019 yilda 95 yoshida vafot etdi. Shuningdek, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ham uzoq vaqt — 29 yil hokimiyatda qolgan. U 1990 yildan 2019 yilgacha prezident lavozimida ishlab, keyinchalik lavozimni topshirgan bo‘lsa-da, uzoq vaqt dvomida siyosiy ta’sirini saqlab qolgan. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid