
Markaziy Osiyo gaz halqasini yaratish taklif qilinmoqda
Qozog‘istonlik neft va gaz bo‘yicha mutaxassis besh mamlakatning milliy gaz uzatish tizimlarini MO birlashgan energetika tizimi (MOBET)ga o‘xshash yagona tarmoqqa birlashtiradigan Markaziy Osiyo gaz halqasini yaratishni taklif qilmoqda

«Gazprom» 2030 yilga borib Markaziy Osiyoning 3 ta hududi – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga gaz eksportini oshirishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda «Economist.kg» nashri ham yozmoqda.
«Oilcapital» ma’lumotlariga ko‘ra, «Gazprom» 5 yil o‘tib bu uch mamlakatga tabiiy gaz eksportini yiliga 19-20 milliard kubometrgacha oshirishi mumkin. Kompaniyaga qarashli «Gazprombank»ning Iqtisodiy prognozlash markazi tahlilchilari ham ana shunday fikrda.
Asosiy o‘sish O‘zbekistonda kutilmoqda: ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, import qilingan gaz iste’moli yiliga taxminan 3 milliard kubometrdan 12 milliard kubometrgacha oshishi mumkin. Keltirilgan sabablar orasida aholining o‘sishi va sanoat ishlab chiqarishi, shuningdek, mamlakatning o‘z gaz ishlab chiqarishining pasayishi ham bor.
Xuddi shu hisob-kitoblarga ko‘ra, Qozog‘iston qo‘shimcha hajmdagi Rossiya gazini olishi mumkin: 2026 yilda mamlakat orqali yetkazib berish 10 milliard kubometrgacha oshishi kutilmoqda. Qozog‘iston, shuningdek, O‘zbekiston va ehtimol Qirg‘izistonga yetkazib berish uchun tranzit mamlakat bo‘lib xizmat qiladi.
Tahlilchilar Markaziy Osiyoga yetkazib berish hajmining oshishini Yevropaga gaz eksportining kamayishi fonida muqobil bozorlarni izlash bilan bo‘’lamoqda. Shu munosabat bilan Rossiya allaqachon mintaqaga gaz yetkazib berishni ko‘paytirib kelmoqda: TASS ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish hajmi 2025 yilning yanvar va avgust oylari oralig‘ida 15 foizga oshdi. 2024-yilda «Gazprom» O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni 5,64 milliard kubometrgacha oshirgandi.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari 2025-yilning dastlabki 11 oyi mobaynida mamlakatda yirik sanoat korxonalari tomonidan tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi qisqarganini aks ettirmoqda.
Yaqinda Toshkentga kelgan qozog‘istonlik neft va gaz bo‘yicha mutaxassis Asqar Ismoilov beshta mamlakatning milliy gaz uzatish tizimlarini Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi (MOBET)ga o‘xshash yagona tarmoqqa birlashtiradigan Markaziy Osiyo gaz halqasini yaratishni taklif qilmoqda. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, taklif qilingan sxema mavsumiy ta’minotning muvozanatini ta’minlaydi, ikki yil oldin sodir bo‘lgan Toshkentdagi elektr uzilishi kabi energiya inqirozlari xavfini kamaytiradi va Qirg‘iziston hamda Tojikistonga uzluksiz gaz yetkazib berilishini ta’minlaydi.
Qozog‘istonning SPIK tahliliy portali mutaxassislarining fikriga ko‘ra, agar gaz halqasi amalga oshirilsa, u o‘n yillikning asosiy infratuzilma loyihasiga aylanishi mumkin, Markaziy Osiyo davlatlarini nafaqat quvurlar orqali, balki umumiy manfaatlar orqali ham birlashtiradi. Bundan tashqari, ular Ismoilovning tashabbusi mintaqaning energiya xavfsizligini ta’minlashi mumkinligiga ishonadi.
«SpecialEurasia» tadqiqot tashkiloti mutaxassislari loyihaning Markaziy Osiyoning energetika arxitekturasi uchun ahamiyati va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash salohiyatini ta’kidladi.
Xitoy va Yevropa Ittifoqi kabi tashqi hamkorlar ham loyihani moliyalashtirish va infratuzilmani rivojlantirish orqali qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirishi mumkin, Rossiya esa narx belgilash va logistika masalalarida o‘z ishtirokini saqlab qolishga intiladi.
Ismoilovning hisob-kitoblariga ko‘ra, asosiy halqaning uzunligi taxminan 3000–3500 km magistral gaz quvurlarini tashkil qiladi. AQSH energetika axboroti boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmanistonning tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 2025 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, 11,33 trillion metr kubni tashkil etadi.
«O‘zbekneftgaz» ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tabiiy gaz zaxiralari 1,13 trillion kubometrni tashkil etadi.
Umumiy gaz hajmining 940 milliard kubometri ABC1 toifasidagi tasdiqlangan zaxiralar sifatida tasniflanadi, qolgan 195 milliard kubometri esa C2 toifasi sifatida tasniflanadi, bu esa dastlabki o‘rganilgan resurslarni ko‘rsatadi.
«Asia-Plus» nashrining yozishicha, o‘zining gullab-yashnagan davrida O‘zbekiston 70 milliard kubometrgacha gaz ishlab chiqargan, ammo so‘nggi yillarda qazib olish hajmi pasaya boshladi. Masalan, 2024 yilda gaz qazib olish 4,5 foizga kamaydi, bu ba’zi konlarning debeti kamayishi bilan bog‘liq.
Turkmaniston gazi O‘zbekistonning energetika xavfsizligi uchun strategik ahamiyatga ega, Rossiya gazi esa zaxira manba bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan infratuzilma loyihalari orqali ta’minotni diversifikatsiya qilishni ko‘rib chiqmoqda.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston OPECʼning tabiiy gaz zaxiralari ro‘yxatida dunyoda 22-o‘rinda turadi, uning zaxiralari 1,5 trillion kubometrni tashkil etadi.





