«Mercedes-Benz» foydasi qariyb ikki barobarga qisqardi
2025 yil yakunlariga ko‘ra, «Mercedes-Benz» foydasi 10,4 milliard yevrodan 5,3 milliard yevrogacha tushib ketdi. Kompaniya xabariga ko‘ra, tushum ham 9 foizga kamayib, 145,6 milliard yevroni tashkil etgan.

Germaniyaning «Mercedes-Benz» kompaniyasi 12-fevral kuni ma’lum qilishicha, yillik foyda so‘nggi olti yildagi eng past darajaga tushgan. «Mercedes» so‘nggi bor 2019 yilda bundan ham past – 1,64 milliard yevro foyda ko‘rsatgan edi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra tushum 9 foizga qisqarib, 145,59 milliard yevro bo‘lgan. Tahlilchilarga ko‘ra, moliyaviy ko‘rsatkichlar pasayishiga Yevropa va Xitoyda talabning kamayishi, shuningdek, AQSHning boj to‘lovlari sabab bo‘lgan.
O‘tgan yili «Mercedes» jami 2,1 millionga yaqin turli xil avtomobil sotgan. Shundan 1,8 millioni yengil avtomobillar bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 9 foizga kam. Ayniqsa, Xitoydagi sotuvlar 19 foizga qisqargani sezilarli bo‘lgan. Shu bilan birga, Xitoy «Mercedes» uchun eng muhim bozor bo‘lib qolmoqda – 2025 yilda kompaniya barcha yengil avtomobillarining qariyb uchdan bir qismini aynan shu yerda sotgan.
2026 yilda foyda o‘sishi kutilmoqda
«Mercedes» bosh direktori Ola Kalleniusning aytishicha, moliyaviy natijalar prognozlarga mos kelgan va ular «samaradorlik, tezkorlik va moslashuvchanlikka aniq e’tibor qaratilishi» bilan bog‘liq.
Kompaniya 2026 yilda konsolidatsiya qilingan tushum hozirgi darajada qolishini, ammo operatsion foyda sezilarli darajada oshishini kutmoqda. DPA agentligining yozishicha, «Mercedes» qiyin vaziyatga javob sifatida o‘tgan yildayoq xarajatlarni qisqartirish dasturini e’lon qilgan. Rejaga ko‘ra, 2027 yilga qadar ishlab chiqarish va doimiy xarajatlar 10 foizga kamaytirilishi kerak.





