add

Mirzaobod tumani sobiq hokimi jinoiy javobgarlikka tortildi

28.10.2025 | 21:405122

Sardoba fojeasidan keyin uy-joy taqsimotida qonunbuzarlik sodir etgan Mirzaobod tumani sobiq hokimi Jonibek Yariyevga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘z kuchida qoldirildi.

Mirzaobod tumani sobiq hokimi jinoiy javobgarlikka tortildi

2025 yil 17 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Mirzaobod tumani hokimi bo‘lib ishlagan Jonibek Yariyev ishi yuzasidan Xovos tuman sudining 2025 yil 28 iyuldagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqardi. Vaqt.uz muhbiri sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sud materiallariga ko‘ra, Yariyev 2020–2023 yillarda Mirzaobod tumani hokimi sifatida xizmat vazifalarini suiiste’mol qilgan. U «Sardoba suv ombori»dagi texnogen ofatdan keyin «Yangi O‘zbekiston» massivida qurilgan yettita uy-joyni noqonuniy taqsimlab, davlat va jamiyat manfaatlariga juda katta zarar yetkazgani uchun jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi 2-qismi «a» bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mansab soxtakorligi) bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Shuningdek, u xalq deputatlari kengashi qaroriga zid ravishda bir nechta fuqarolarga ikki va undan ortiq uy ajratishga yo‘l qo‘ygan.

Xovos tuman sudi unga ish haqining 20 foizi davlat daromadiga undirilib, 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. shuningdek, 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etilgan. Shuningdek, 28 million 350 ming so‘m (BHMning 105 baravari) miqdorida jarima jazosi belgilangan.

Kassatsiya hay’ati mazkur hukmni o‘z kuchida qoldirgan. Shu bilan, Oqoltin tuman sudining 2024 yildagi oldingi hukmi ham, keyingi apellyatsiya va kassatsiya bosqichlari orqali o‘zgarishsiz qolgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil noyabr oyida Mirzaobod tumaniga yangi hokim tayinlangandi. 2023 yil oktyabr oyida lavozimidan ozod etilgan va uning o‘rnini Sarvar Sultonov egallagan.

Teglar

Mavzuga oid

Mirzaobod tumani sobiq hokimi jinoiy javobgarlikka tortildi | Vaqt.uz