
Moliyaviy piramidalar: investitsiyami yoki tuzoq? — Moliyaviy savodxonlik saboqlari
04.08.2025 | 13:0070315
So‘nggi yillarda «investitsiya» niqobi ostida moliyaviy piramidalar ko‘paymoqda. Ular aholiga yuqori foizli daromad va’da qilib, ishonuvchan fuqarolarni o‘z tuzog‘iga tortmoqda. Bir qarashda foydali imkoniyatdek tuyulgan bu sxemalar aslida hech qanday real biznes yoki mahsulotga ega emas.

Vaqt.uz nashri «Moliyaviy savodxonlik» rukni doirasida moliyaviy piramidalar haqida so‘z yuritadi. Unda bu tizimning ishlash mexanizmi, O‘zbekistonda kuzatilgan voqealar misolida tahlil va ulardan himoyalanish yo‘llari yoritiladi.
Moliyaviy piramida nima?
Moliyaviy piramida — bu yasama investitsiya sxemasi bo‘lib, unda eng dastlab tizimga kirganlarga keyinroq kirganlarning puli hisobiga foyda to‘lanadi. Ya’ni, real biznes, mahsulot yoki xizmat yo‘q. Tizim to‘liq yangi odamlar keltirish va ulardan pul olishga asoslanadi. Bu jarayon bir muddat ishlayotgandek ko‘rinsa-da, oxir-oqibatda yangi odamlar oqimi to‘xtaydi va piramida qulashi boshlanadi. Natijada, eng oxirgi bo‘lib kirganlar pulidan butkul ayriladi.
Tizim qanday ishlaydi?
Moliyaviy piramidalarning bir necha asosiy belgisi mavjud: haddan tashqari yuqori daromad va’dasi (masalan, oyiga 20–30 foiz), «hech narsa qilmasdan pul ishlash» g‘oyasi, real mahsulot yoki xizmatning yo‘qligi, hamda doimiy ravishda yangi a’zolar jalb qilish talabi. Eng yomoni shundaki, ushbu sxemalar ko‘pincha «moliyaviy savodxonlik» past bo‘lgan aholiga qaratiladi. Oson boylikka ishonuvchanlik va ishsizlik fonida ko‘pchilik bunday sxemalarga chalinib qolmoqda.
Moliyaviy piramidalarning darajalari: kim yutadi, kim yutqazadi?
- Yuqori daraja — tashkilotchilar
- O‘rta daraja — ilk ishtirokchilar
- Pastki daraja — yangi ishtirokchilar
- Tuzoqda qolganlar — odam topa olmaganlar
- Oson va tez boylik va’dasiga ishonmang. Agar kimdir sizga «hech qanday harakat qilmasdan katta daromad topasiz» desa — bu juda katta ogohlantiruvchi signal. Haqiqiy investitsiyalar doim xavf va mehnat talab qiladi.
- Tashkilotning rasmiyligini tekshiring. Sizga investitsiya taklif qilayotgan kompaniyaning litsenziyasi, ro‘yxatdan o‘tgan manzili va faoliyatini tekshiring. Moliya vazirligi yoki O‘zbekistondagi moliyaviy regulyatorlar saytlarida ro‘yxatga olinganmi, aniqlang.
- Real mahsulot yoki xizmat bormi, aniqlang. Agar pul faqat yangi odam jalb qilish hisobiga aylantirilayotgan bo‘lsa, bu piramida sxemasidir. Yaxshi kompaniyada real mahsulot, xizmat yoki ishlab chiqarish bo‘ladi.
- «Pul olib kel, do‘stlaringni ham taklif qil» tizimiga shubha bilan qarang. Piramidalar odatda «siz odam olib kelsangiz, foiz olasiz» degan tamoyilda ishlaydi. Haqiqiy investitsiyada esa siz odam emas, g‘oya yoki loyiha asosida daromad olasiz.
- Yaqinlaringizni ogohlantiring. Agar sizga shubhali tizim taklif qilinsa — o‘zingiz kirmang va boshqalarni ham ogohlantiring. Ayniqsa, qarindosh, do‘stlar yoki ijtimoiy tarmoqlarda ishonuvchan odamlar ko‘p.
- Pul tikishdan oldin maslahat oling. Investitsiya qilishdan oldin tajribali iqtisodchi, yuridik maslahatchi yoki bank xodimidan maslahat oling. Ko‘pincha bitta savol bilan butun sarmoyangizni saqlab qolishingiz mumkin.





