add

OAVda suitsidni yoritish yuzasidan bahslar kuchaydi: jamoatchilik nima deydi?

19.09.2025 | 18:00318811

Bosh prokurorning suitsid haqida xabarlarni tarqatishga cheklov qo‘yish taklifi jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

OAVda suitsidni yoritish yuzasidan bahslar kuchaydi: jamoatchilik nima deydi?
Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi ayol ikki farzandini 4-qavatdan va o‘zini 8-qavat derazasidan tashlagani, uning o‘zi halok bo‘lgani, norasida farzandlari esa tirik qolgani haqida ma’lum qilgan edik. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, mojaroga er-xotin o‘rtasidagi rashk sabab bo‘lgan. Voqea ortidan jamoatchilik faollarida turli fikr-mulohazlar vujudga keldi. Bunga O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshevning 13 sentyabr kuni aytgan o‘z joniga qasd qilish, uning usullari haqida ma’lumotlarni oshkor qilganlik hamda uni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik belgilash vaqti keldi mazmunidagi fikri sabab bo‘lgan. Xususan, jurnalist Aziza Qurbonova Nig‘matulla Yo‘ldoshevning fikriga qo‘shilishini aytib, o‘z joniga, ayniqsa farzandlari joniga suiqad qilganlarning hikoyasi yangiliklar saytlarida, telekanallarda detallashtirib hikoya qilinishiga qarshi ekanligini bildirgan. «Kecha uyquga yotishdan oldin Instagramdagi ommaviy axborot akkauntida shunday voqeiy post ko‘rdim, bugun ertalab esa yana bir ona va bolalari haqidagi xabarni mashhur yangilik saytida o‘qidim. Ochig‘i, bu juda ko‘p. Agar bu ayanchli voqealarni tizimlashtirsa, jinoyat ssenariysi bir xilligi ko‘rinadi. Bu xuddi Teodor Drayzerning «Amerika fojiasi» asaridagi kabi: bosh qahramon gazetada o‘qigan qotillik ssenariysini xuddi o‘zi qaytarib, sobiq sevgilisi umriga zomin bo‘ladi», deya fikrini davom ettirgan Qurbonova. Shuningdek, jurnalist suitsid masalarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining media uchun maxsus qo‘llanmasida keltirilgan talablar bilan bo‘lishgan:
  • Suiqasd usuli va joyini batafsil ko‘rsatish mumkin emas.
  • Voqeani sensatsiya yoki dramatizatsiya qilish mumkin emas.
  • «Ma’lum bir sababdan suiqasd qildi» kabi soddalashtirilgan xulosalardan saqlanish kerak.
  • Xabar oxirida har doim psixologik yordam xizmatlari va qo‘llab-quvvatlash manbalari haqida ma’lumot berish tavsiya etiladi.
  • Neytral tildan foydalanish lozim: «committed suitside» o‘rniga «died by suitside» yoki «suitside attempt» kabi iboralar ishlatiladi.
Yana bir jamoatchilik faoli Shahnoza Soatova ham Bosh prokuror fikriga qo‘shilib, ayollarning bolalari bilan birgalikda o‘z joniga qasd qilishi ko‘payishi  ijtimoiy tarmoqlar keng yoyilgan so‘nggi yillarga to‘g‘ri kelayotganiga iddao qildi. «Buni aynan ijtimoiy fikr ta’sirida takrorlanayotgan «taqlidiy jinoyat» deyish mumkin:  chunki bir odam boshladi, OAV tafsilotlar bilan ehtirosli yoritdi, ko‘pchilik muhokama qildi, qurbonni oqladi, hamma marhumdan qahramon yasadi, natijada ularga taqlid qiluvchilar ko‘paydi. Italiyalik qiz aytganidek, «Bunday ko‘mish marosimlari qanday chiroyli? »degan fikr nechta odamda paydo bo‘ldi va yana qancha potensial bolakushlar oramizda yuribdi – xudo biladi. Bu dahshat! Albatta, sabablar haqida o‘ylanishi, muhokama qilinishi kerak, chunki bunday holatlar takrorlanmasligi uchun ham bu muhim. Lekin takrorlanishiga eng katta sabablardan biri o‘zimiz, bizning shu axborotlarni tarqatishimiz, tafsilotlarga o‘chligimiz va bolakushlarni oqlayotganimiz ekanini ham anglashimiz lozim», — deb yozdi u. Jurnalist Muxrim A’zamxo‘jayev esa Nig‘matulla Yo‘ldoshevning fikriga hozircha qo‘shila olmasligini aytib, bunga prokurorning aynan nimani taribga solmoqchi ekanini ochiq aytmaganini sabab qilib keltirgan. A’zamxo‘jayev Shahnoza Soatovaning 80-yillarda avj olgan ayollarning o‘zini yoqish tendensiyasining 90-yillarga kelib pasayishiga matbuotda xotin-qizlar o‘ziga o‘t qo‘yayotgani haqida materiallar bermay qo‘yilgani sabab ekanligi haqida fikrini o‘rinsiz ekanligini aytdi. «O‘zbekistonda 1980-yillar oxiri — 1990-yillar boshidagi qisqa muddatli erkinlikdan so‘ng, suitsid kabi og‘ir holatlar haqida nafaqat batafsil ma’lumot, balki quruq statistika ham qattiq yashirilganidan kelib chiqilsa, biz xotin-qizlar orasida o‘ziga o‘t qo‘yish OAVdagi shu haqdagi materiallar yo‘qolgani sabab  kamayganmi yoki keyinchalik, nisbatan to‘qchilik sababmi, bilmaymiz (ehtimol, umuman kamaymagandir ham — axir ma’lumot yo‘q-ku). Bu haqda biror tuzukroq tadqiqot ham bo‘lmasa kerak — axir tadqiqot uchun axborot, ma’lumot kerak...», — dedi u. Jurnalist postida ommaviy targ‘ibot boshlansa, odamlarda suitsid ko‘payib ketibdi, degan fikr paydo bo‘ladi, degan tentak tushunchadan ham voz kechish kerakligini, odam chorasiz va og‘ir vaziyatda qolganida yordam ola bilishi mumkin bo‘lgan davlat va nodavlat tuzilmalar bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, Muhrim A’zamxo‘jayev Aziza Qurbonovaning «OAV [suitsid haqidagi xabarlarni] yalang‘och, salbiy sensatsiya bilan bergandan ko‘ra, ijtimoiy mas’uliyatni his qilib yoritsa, uning obro‘si ham oshib, jamiyat uchun foydasi ham katta bo‘ladi», — degan fikriga quyidagicha munosabat bildiribdi: «OAVlar ishiga aralashish, ularga nimani qanday yozishni o‘rgatish bas qilinsa, huv 2017-2018-yillardagi ochiqlik siyosatiga qaytilsa, OAVlarning obro‘si ham, jamiyat uchun foydasi ham, o‘zining moddiy daromadi ham oshaverardi. O‘sib, boyib, rivojlanayotgan OAV etika masalasini ham hal qilib oladi — keyin. Avval iqtisod, keyin siyosat», deb yozadi u. Faqat Bosh prokuratura «o‘z joniga qasd qilish holatihaqidagi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun», deyilganda aynan nima nazarda tutgani haqida ma’lumot berishi vaziyatga oydinlik kiritishi, aniq xulosalarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid