
Onlayn xarid: qanday qilib firibgarlar tuzog‘iga tushmaslik mumkin? — Moliyaviy savodxonlik saboqlari
25.08.2025 | 17:00251912
Onlayn xaridlar, allaqachon, kundalik hayotning bir qismiga aylandi. Millionlab insonlar turli platformlar orqali buyurtma berishadi. Ammo ular orasida firibgar holatlari ham tez-tez uchrab turadi. Bunday vaziyatga tushmaslik uchun nima qilish kerak?

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda elektron savdo bozorida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Aynisa karantin davridan keyin xaridlarning elektron shaklga o‘tishi keskin oshdi. Raqamlar bilan aytsak, 2019 yilda onlayn savdo bozorining hajmi 275 mlrd so‘m bo‘lgan. COVID-19 tarqalgandan keyin, ya’ni 2020 yillarda bu ko‘rsatkich 1 trln so‘mgacha oshgan.
2021 yilda 600 foiz, 2022 yilda 82 foiz, keyingi yillarda esa o‘sish biroz sekinlashgan. 2024 yilga kelib O‘zbekistonda onlayn bozor hajmi 1.2 mlrd dollarni tashkil qildi. KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2027 yilgacha bu ko‘rsatkich 2 mlrd dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Bunda chakana savdo bozorining 9 foizdan 11 foizgacha qismi onlayn bozorga o‘tishi kutilgan.
Bundan tashqari, Uzum, Yandex Market, Olcha, Kattabozor kabi ko‘plab elektron savdo bozor platformalari ishga tushdi. Telegram va Instagram tarmoqlarida ham onlayn do‘konlar ochib, biznes yuritish, shuningdek Pinduoduo hamda Taobao kabi Xitoy saytlarida mahsulot buyurtma qilib berish trendga aylandi. Biroq «guruch qurmaksiz bo‘lmaganidek», bu elektron tijorat dunyosida firibgarlar tez-tez uchrab turadi.
Real misollar
Telegram’dagi firibgar do‘kon. Onlayn xarid bilan bog‘liq firibgarlik holatlaridan biri Andijonda sodir bo‘lgan. Avval ham firibgarlik uchun sudlangan 59 yoshli shaxs «Telegram»dagi «Kiyim-kechaklar» kanalidan xaridor bilan yozishmalar olib borgan. U o‘zini kanal administratori sifatida tanishtirib, mahsulotni yetkazib berish xizmati mavjudligini aytadi. Xaridordan tanlangan kiyimlar uchun boshlang‘ich to‘lovni talab qiladi va 460 ming so‘mni o‘z kartasiga oldindan o‘tkazib oladi. Pulni olgach, u yozishmalarni o‘chirib yuborgan va va’da qilingan kiyimlar yetkazilmagan. Natijada mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan ish qo‘zg‘atildi. Qonun bo‘yicha bunday xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. «Uzum market» niqobidagi firibgarlik. Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida yashovchi X.L. «Uzum market» orqali tanishgan noma’lum shaxslarga bir necha bosqichda pul o‘tkazgan. U dastlab xarid uchun 3 mln so‘m tashlagan, keyinchalik «pulni ko‘paytirib beramiz» degan va’dalarga ishonib, jami 37 mln so‘mgacha yetkazib qo‘ygan. Pulini qaytara olmagan X.L. firibgarlar tuzog‘iga tushganini kech anglagan. Shu kabi holat o‘qituvchi J.Z. bilan ham sodir bo‘lgan. U qo‘shimcha daromad topish ilinjida tanimagan shaxsning kartasiga 36 mln so‘m o‘tkazgan va puli bilan birga sotuvchi ham g‘oyib bo‘lgan. Instagram’dagi firibgarlik. 5 oy oldin fuqaro D.M Instagram’da «Muslima shop» nomidagi elektron do‘konni kuzatib, narxlari arzonligidan hayron qolgan. Sababini so‘raganida Xitoy saytlaridan mahsulot buyurtma qilgani uchun hamma narsasi arzonligini aytgan. Xaridor ham bunga ishonib, 6 tacha kiyim-kechaklar buyurtma qilgan. Sotuvchining kartasiga esa 650 ming atrofida pul tashlagan. Ertasi kuni na profil, na yozishmalarni topa olgan. Natijada u ma’lumotlarni tekshirmasdan ishongani sababli chuv tushib qolgan. Ichki ishlar organlari xabariga ko‘ra, shunday arizalar tobora ko‘paymoqda. Fuqarolar notanish shaxslarga ishonib, millionlab so‘m mablag‘ni o‘z qo‘llari bilan topshiryapti.Nima qilish kerak?
Onlayn savdoda iste’molchilarning asosiy muammosi — ishonchli va firibgar platformalarni farqlashdir. Har kuni turli kanallarda «foydani ikki barobar qilamiz» yoki «eng arzon narx» kabi reklamalarga duch kelamiz. Ammo bunday va’dalar ortida ko‘pincha firibgarlik yotadi. Aldanib qolmaslik uchun quyidagi 5 qoidaga amal qilishni tavsiya qilamiz:- Faqat rasmiy platformalar va litsenziyaga ega do‘konlardan xarid qilish zarur. O‘zbekistonda yirik e-commerce kompaniyalari mavjud bo‘lib, ular iste’molchi huquqlarini kafolatlaydi. Tasodifiy ijtimoiy tarmoq sahifalaridan xarid qilish esa eng katta xavf. Agar saytdan buyurtma qilayotgan bo‘lsangiz, uning manzili «https://» bilan boshlanishi, mijozlar fikrlari va aloqa raqamlari bo‘lishiga diqqat qilishi shart.
- To‘lovni faqat ishonchli to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish lozim. Noma’lum shaxsning kartasiga pul o‘tkazish yoki «oldindan to‘liq to‘lov» talab qilinadigan takliflardan ehtiyot bo‘lish kerak. Bundan tashqari, karta ma’lumotlarini ham hech qachon bermang, ayniqsa «to‘lov qilish uchun mana bu silkaga o‘ting» degandan qochish shart.
- Sotuvchining obro‘sini (statusini) tekshirish muhim. Xarid qilishdan oldin sharhlarni o‘qish, boshqa xaridorlarning tajribasini bilish aldanish ehtimolini kamaytiradi. Ya’ni chiroyli suratlar — har doim ham haqiqat emas. Ba’zida siz ko‘rgan mahsulot bilan kelgan narsaning farqi osmon bilan yercha bo‘ladi. Shu sababli, izohlarga ko‘proq ahamiyat berish kerak.
- Chegirmali mahsulotlarga shoshilmaslik. «Oxirgi 3 dona qoldi!», «Faqat bugun 50% arzon!» degan e’lonlar ko‘p hollarda sizga psixologik bosim o‘tkazish uchun ishlatiladi. Asosan bunday takliflar ortida yo firibgarlik, yo bo‘lmasa ortiqcha mahsulotlarni sotib yuborish maqsadi yotadi. Shu bois, xaridor ehtiyojini o‘ylab, shoshilmasdan qaror qabul qilishi, tovar haqida alohida ma’lumot topishi kerak.
- Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish. Internetda pasport nusxasi, bank kartasi raqamlari, SMS-kodlar kabi maxfiy ma’lumotlar eng qimmatli narsa hisoblanadi. Bu ma’lumotlarni noma’lum shaxslarga yuborish nafaqat puldan, balki shaxsiy hayotingiz bilan bog‘liq xavflarga ham olib kelishi mumkin. Shuning uchun har qanday holatda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va ularni faqat rasmiy, ishonchli platformalardagina kiritish zarur.
Onlayn savdo hayotni yengillashtiradi, vaqt va mablag‘ tejaydi. Ammo ehtiyotkorlik qoidalariga amal qilinmasa, katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun xaridda shoshilmaslik, faqat ishonchli manbalarga murojaat qilish va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish har bir iste’molchi uchun asosiy shart. Mahliyo Hamidova tayyorladi





