add

O‘zbekiston qurilish sohasida 40 foizga yaqin iqtisodiyot «yashirin» qolmoqda

02.09.2025 | 12:0016375

Qurilish sohasida 97 trln so‘mlik yashirin aylanma aniqlanib, 10 ming kvartira arzon baholar orqali rasmiylashtirilgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston qurilish sohasida 40 foizga yaqin iqtisodiyot «yashirin» qolmoqda
O‘zbekistonda qurilish sohasi iqtisodiyotdagi eng katta «xufiyona» tarmoqlardan biri bo‘lib qolmoqda. 29 avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tashkil etgan ochiq muloqotda ushbu sohadagi yashirin aylanmalar va soliqdan qochish holatlari keng muhokama qilindi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda prezident qarori loyihasi idoralararo kelishuvdan o‘tmoqda. Qurilishdagi xufiyona iqtisodiyot ulushi 41 foizni tashkil etadi. Bu mablag‘ 97 trln so‘mga teng bo‘lib, byudjet 1,2 trln so‘mdan ortiq soliqdan mahrum bo‘lmoqda. Shuningdek, 203 mlrd so‘mlik o‘g‘irlik holatlari aniqlangan. Rasmiy statistikaga ko‘ra, qurilish tashkilotlari soni 2023 yildagi 33 mingdan 2024 yilda 28 minggacha qisqargan. Sohaning yillik aylanmasi esa 177 trln so‘mdan 169 trln so‘mga tushib ketdi. Eng muhim muammolardan biri — mehnat bozoridagi noqonuniylik: 2024 yilda sohada 322 ming kishi norasmiy ishlagan, rasmiylar esa 294 ming atrofida bo‘lgan. Shu bilan birga, arzon baholar bilan uy-joy rasmiylashtirish holatlari ham ochiqlandi. Xususan, 126 ming metr kvadratdan ortiq turar joy — taxminan 10 ming kvartira — hujjatlarda har bir metr kvadrat uchun 1,2 mln so‘m (100 dollardan kam) deb ko‘rsatilgan. Bunday holatlar soliqdan qochish usuli sifatida qayd etilmoqda. Hisobotda aytilishicha, 2024 yilda uy-joy bozoridagi 83 foiz bitimlarda metr kvadrat narxi 8 mln so‘mdan past bo‘lgan. Ulardan 39 foizida 5 mln so‘mdan arzon, 44 foizida esa 5–8 mln so‘m oralig‘ida baholangan. Faqat 17 foiz holatdagina 8 mln so‘mdan yuqori baholar qayd etilgan. Davron Vahobovning ta’kidlashicha, qonuniy tadbirkorlar davlatdan noqonuniy biznesga qarshi qattiqroq choralar ko‘rishni talab qilmoqda. «Norasmiy ishlovchilar uy-joyni arzonlashtirib taklif qilishadi, ammo bu narx pasayishi emas, balki soliqdan qochish hisobiga yuzaga kelmoqda», — dedi u. Mutasaddilarning fikricha, iqtisodiyotning «xufiyona» qismi mamlakat yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismini tashkil eta boshlagan. Unda eng katta ulush qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelsa, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalari 35,9 foizdan hissa qo‘shmoqda. Avvalroq, ikkinchi chorak mobaynida birlamchi bozordagi uylar narxi Toshkent shahrida 8,2 foizlik pasayish kuzatilgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid