
O‘zbekiston siyosiy elitasi — 2025: Yangi tandemlar va o‘zgargan boshqaruv
2025 yilda O‘zbekistonda shu qadar ko‘p tayinlov, iste’folar yuz berdi, vakolatlar qayta taqsimlandiki, kim qayerdan qayerga o‘tganini adashtirib yuborish oson.
Bu yil davlat boshqaruvi tizimida nafaqat shaxslar almashdi, balki ta’sir markazlari, qaror qabul qilish darajalari va institutsional vazn ham o‘zgardi. Ilgari ko‘plab strategik qarorlar sohaviy vazirliklar darajasida shakllanib, keyin yuqoriga chiqarilar edi, 2025 yilda esa asosiy qarorlar bevosita Prezident Administratsiyasi ichida — maslahatchilar, o‘rinbosarlar va maxsus vakillar orqali qabul qilina boshladi.
Prezident Administratsiyasi qayta yig‘ildi, ayrim amaldorlar yillar o‘tib tizimga qaytdi, ayrimlari esa jimgina siyosiy sahnadan chiqib ketdi.
Ushbu maqolada 2025 yil davomida O‘zbekistonda kimlar yuqori lavozimlarga kelgani, kimlar o‘z kursisini bo‘shatgani va qaysi tayinlovlar butun boshqaruv tizimida kuchlar muvozanatini o‘zgartirganini siz bilan birga ko‘rib chiqamiz.
Saida Mirziyoyeva va Administratsiyaning yangi konfiguratsiyasi

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston siyosiy iyerarxiyasida eng ko‘p tilga olingan va faoliyati institutsional o‘zgarishlar markazida bo‘lgan shaxs, shubhasiz, Saida Mirziyoyeva bo‘ldi. Uning yil davomidagi faoliyati davlat boshqaruvi apparatining mutlaqo yangi konfiguratsiyaga o‘tganini ko‘rsatdi. Yilning birinchi yarmida Prezident yordamchisi sifatida faoliyatini davom ettirgan Saida Mirziyoyeva 23-iyun kuni e’lon qilingan farmon bilan Prezident Administratsiyasi rahbari etib tayinlandi.
Bu tayinlov 2023 yil avgustida tugatilgan lavozimning nafaqat qayta tiklanishi, balki uning funsional vakolatlarining keskin kengayishi bilan hamohang kechdi. Uning 2025-yildagi roli faqat ichki ma’muriy masalalar bilan cheklanib qolmadi. Xususan, 6-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo-AQSH» («C5+1») sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida yangi tuzilma — Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etildi. Mazkur strategik organning O‘zbekiston tomonidan hamraisi vazifasi aynan Saida Mirziyoyevaga yuklatildi. Bu unga O‘zbekistonning AQSH bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini bevosita muvofiqlashtirish hamda ikki davlat biznes doiralari o‘rtasidagi aloqalarni boshqarish vakolatini berdi. Bunday maqom uning davlat iyerarxiyasidagi o‘rnini nafaqat ma’muriy rahbar, balki xalqaro miqyosdagi asosiy muzokarachi darajasiga ko‘tardi.
2023-yilda tugatilgan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi qayta tiklanishidan so‘ng, Administratsiya faoliyati 5 ta ustuvor yo‘nalishga ixtisoslashdi:
1. Ta’lim;
2. Biznes va tadbirkorlik;
3. Sud-huquq tizimi;
4. Tibbiyot;
5. Suv resurslari.
Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Ulardan birini 2022 yildan beri maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bo‘lib kelgan Hilola Umarova egalladi. Vazir Umarova egallab turgan lavozimidan ozod etildi va Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosariga aylandi. Ikkinchisi esa suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Temur Butunboyev. U Saida Mirziyoyevaning suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi, shu tufayli o‘tgan yilning fevralidan buyon ishlab kelayotgan “zamministr”lik lavozimidan ketdi. Keyingi o‘rinbosar esa tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha bo‘lib, unga Sherzod Ozodzoda tayinlandi va shu munosabat bilan Prezident Administratsiyasidagi iqtisodiyot va tadbirkorlik sohasida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Qolgan ikki o‘rinbosar – Nodira Hakimova hamda Tamila Aliyeva bo‘lib, ulardan Hakimova sud tizimini, Aliyeva esa tibbiyotni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosar sifatida ish boshladi. Prezident Administratsiyasi rahbari kotibiyati mudiri etib Dilnoza Ziyomuhammedova tayinlandi. U shu paytgacha Prezident yordamchisi kotibiyati mudiri edi.

Foto: Prezidenti matbuot kotibi
Administratsiya rahbariyati shakllanishi bilan birga, Prezident maslahatchilari tarkibi ham qayta ko‘rib chiqildi: Avvalroq maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchi lavozimida bo‘lgan Sardor Umurzoqov, iyuldagi o‘zgarishlardan so‘ng Prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. U 2023 yilning avgust oyida Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi tugatilganidan so‘ng Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan va shundan beri u ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi.
2025- yilda sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning maqomi yanada mustahkamlandi. U 2022-yildan buyon egallab kelgan Maxsus vakil lavozimidan ozod etilib, Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Shuningdek, sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletovning faoliyati yangi yo‘nalishga burildi. U ijtimoiy-siyosiy va diniy masalalar bo‘yicha maslahatchilikdan Vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimiga o‘tkazildi. Ijtimoiy himoya sohasida esa Mansurbek Olloyorovning vakolatlari kengaytirildi. U nafaqat Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori, balki Prezidentning ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi maqomini ham oldi. Ravshan G‘ulomov iqtisodiy rivojlanish masalalaridan bevosita Iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchi lavozimiga o‘tdi. Kadrlar masalasida esa G‘ofurjon Mirzayevning maqomi yangilandi — u endilikda nafaqat Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (ARGOS) direktori, balki Kadrlar bo‘yicha maslahatchi sifatida davlat apparatidagi intizom va seleksiyaga mas’ul etib belgilandi.
Allamjonovning qaytishi: «Strategik tandem» va okean orti missiyasi

Foto: Prezident administratsiyasi
2025-yilning 23-iyun sanasi O‘zbekiston siyosiy elitasi uchun yana bir muhim voqelik bilan yodda qoldi: deyarli to‘qqiz oylik tanaffusdan so‘ng Komil Allamjonov yana Prezident Administratsiyasi yo‘laklarida ko‘rinish berdi. Dastlab Adminstratsiya rahbarining jamoatchilik asosidagi mustaqil maslahatchisi etib tayinlangan Allamjonov, yil yakuniga kelib mamlakatning AQSH bilan munosabatlaridagi eng strategik figuralardan biriga aylandi. Joriy yilning 12-noyabrida Prezident farmoni bilan Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilishi ortidan, Komil Allamjonovga mutlaqo yangi maqom berildi. U Prezident Adminstratsiyasi rahbarining farmoyishiga binoan Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili — maslahatchi-elchi lavozimiga tayinlandi.
Bu lavozimning o‘ziga xosligi shundaki, Allamjonov 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasida faoliyat yuritsa-da, bevosita Adminstratsiya rahbari — Saida Mirziyoyevaga hisobdor bo‘ladi. Endi investitsiyaviy va siyosiy kelishuvlar uzoq davom etadigan diplomatik kanallar orqali emas, balki bevosita Administratsiya rahbariga yetkaziladi. E’tiborli jihati, Kengashga O‘zbekiston tomonidan Saida Mirziyoyeva, AQSH tomonidan esa Serjio Gor (Prezidentning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili) raislik qilishi belgilangan bo‘lib, Allamjonov ushbu muloqotning asosiy "mexanizmi" vazifasini bajaradi.
Hokimlar korpusidagi lavozimlar almashinuvi va rekordlar

Foto: President.uz
2025-yilning yanvar oyi hokimlar korpusida yilning eng shov-shuvli "rokirovkasi" bilan boshlandi. 22-yanvar kuni Erkinjon Turdimov 2022-yildan buyon viloyatni boshqarib kelgan Akmaljon Mahmudaliyevning o‘rniga Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 4-dekabr kuni u rasman lavozimga tasdiqlanishi bilan O‘zbekiston tarixidagi eng noyob ko‘rsatkichni qayd etdi: xususan, u Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va endilikda Sirdaryo viloyatlariga rahbarlik qilgan ilk "rekordchi" hokimga aylandi. Agar uning Xatirchi tumanidagi 8 yillik faoliyatini ham qo‘shsak, bu Turdimov uchun beshinchi yirik rahbarlik kursisidir.
2025-yil yakuniga kelib, faqat Sirdaryoda emas, balki boshqa viloyatlarda ham rahbarlar korpusi qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, 2-dekabr kuni Ulug‘bek Mustafoyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi. U ushbu lavozimda 2016-yildan buyon ishlab kelgan Ergash Saliyevning o‘rnini egalladi. Turdimovning Samarqanddagi mavqe Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyevga nasib qildi. U 25-noyabr kuni rasman Samarqand hokimi etib tasdiqlandi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Andijon viloyatida vaziyat barqarorligicha qolmoqda. 2013-yildan buyon viloyatni uzluksiz boshqarib kelayotgan Shuhrat Abdurahmonov zamonaviy O‘zbekiston tarixida eng uzoq vaqt bir lavozimda o‘tirgan hokim sifatida 2025-yilda ham o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi. Yodimga tusbhganda aytib ketay, Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor hokimlarni xalq saylaydigan tizimga o‘tish kerakligini aytgan bo‘lsa-da, amalda hali ham hokimlar Prezident tomonidan tayinlanadi, nomzodi xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Sherzod Qudbiyevning shaharsozlikagi missiyasi
20-noyabr kuni O‘zbekiston kadrlar siyosatida yilning eng kutilmagan burilishlaridan biri yuz berdi. Sherzod Qudbiyev Soliq qo‘mitasi raisligidan ozod etilib, yangi tashkil etilgan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. U endi O‘zbekistonning 2040-yilgacha bo‘lgan urbanizatsiya strategiyasi, ipoteka bozorini 56 mlrd dollarga yetkazish va "Yangi O‘zbekiston" massivlari qurilishini muvofiqlashtirish uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi. Soliq qo‘mitasining bo‘shab qolgan raislik kursisini esa 2022-yildan buyon Kadastr agentligini boshqarib kelgan Farrux Po‘latov egalladi. U 1979-yilda tug‘ilgan, prokuratura va soliq jinoyatlariga qarshi kurashish departamentida (hozirgi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti) tajriba to‘plagan mutaxassis.
Institutsional qatlamlashuv
2025-yilning yozi Prezident Administratsiyasida amalga oshirilgan navbatdagi institutsional “qatlamlashuv” bilan yakunlandi. 30-iyul kuni e’lon qilingan farmonlar Administratsiyaning nafaqat yuqori, balki o‘rta va quyi boshqaruv bo‘g‘inlarida ham vazifalar qayta taqsimlanayotganini ko‘rsatdi. Bu gal e’tibor markazida Prezident maslahatchilari instituti va ularning o‘rinbosarlari turdi. Yangi tuzilmaga muvofiq, lavozim nomlari qayta shakllantirildi, ayrim funsional yo‘nalishlar esa alohida bloklarga ajratildi.

Foto: Qalampir.uz
Kadrlar siyosati yo‘nalishida muhim o‘zgarish sifatida kuchishlatar tizim vakili Po‘lat Bobojonovнинг Prezidentning kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlanishini qayd etish mumkin. Ichki ishlar vaziri sifatida qariyb sakkiz yillik tajriba orttirgan Bobojonov 2025-yil mart oyidan buyon kadrlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosar sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. 2025-yilda amalga oshirilgan yirik kadrlar islohoti doirasida Aziz Mag‘rupovning faoliyatida ham ketma-ket o‘zgarishlar kuzatildi. 2025-yilning 23-iyun kuni Administratsiya tuzilmasi yangilanganda, u Prezident yordamchisi lavozimidan Prezidentning tashqi investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan edi. Oradan bor-yo‘g‘i bir oy o‘tib, u Prezidentning tashqi investitsiyalar bo‘yicha vakili lavozimiga o‘tkazildi.
30-oktabr kungi yangi farmon bilan Aziz Mag‘rupovning faoliyat yo‘nalishi yana o‘zgardi. U Prezidentning hududiy rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Galina Saidova Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari sifatida qayta tayinlandi. Uning faoliyati so‘nggi yillarda nomlar o‘zgargan, ammo mazmunan saqlanib qolgan iqtisodiy boshqaruv vertikalining davomiyligini ta’minlab kelmoqda. Shu yo‘nalishda Obid Hakimovning ham lavozimi qayta aniqlashtirildi: u iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari maqomini saqlab qolgan holda, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori sifatida institutsional tahlil va prognozlash funksiyalarini amalga oshirishda davom etadi.
Abdusalom Azizov Prezidentning vakolatli organlar, nodavlat niojorat tashkilotlari, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu lavozim uning avvalgi ijtimoiy-siyosiy va diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatining mantiqiy davomi sifatida shakllandi. Javlon Vaxabov esa Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari — Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori etib tayinlandi. Xavfsizlik blokida esa Bahodir Tashmatov Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston boshqaruv tizimi haqida gap ketganda Zelimxon Haydarov nomini chetlab o‘tishning iloji yo‘q. Zelimxon Haydarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu tayinlov bilan u so‘nggi yillarda egallab kelgan Moliya-xo‘jalik departamenti rahbari lavozimidan ozod etildi. Haydarov — O‘zbekiston siyosiy-boshqaruv tizimida eng uzoq faoliyat yuritgan amaldorlardan biri. U 1993–2018-yillar davomida, ya’ni Islom Karimov prezidentligi davrida, Prezident devoni ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab, davlat apparatining kundalik ma’muriy faoliyati, moddiy-texnik ta’minoti va ichki tartib-intizomini ta’minlashda markaziy figura bo‘lib kelgan. Shu jihatdan u sobiq birinchi prezidentning eng ishonchli amaldorlaridan biri sifatida tanilgan.
Hilola Umarova Prezident adminstratsiyasiga ishga o‘tgach, uning o‘rniga E’zozxon Karimova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri sifatida ish boshladi. Karimovaning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, u so‘nggi 10 yil ichida ushbu tizimga rahbarlik qilayotgan beshinchi shaxsga aylandi. Biroq yangi vazirning faoliyati boshlanishi bilan tizimda jiddiy favqulodda holat yuzaga keldi. 2025-yil sentabr oyining oxirida Toshkent viloyatining bir necha tumanlarida, xususan Piskent, Bo‘ka va Oqqo‘rg‘on hududlaridagi bog‘cha tarbiylanuvchilari o‘rtasida ommaviy zaharshanish holatlari qayd etildi. Voqea joyiga shaxsan vazir o‘zi bordi, o‘sha kuni uning boshqaruvidagi vazirlik faqat 109 nafar bola shifoxonaga yotqizilgani va ularning ahvoli barqarorligi haqida axborot berdi. Keyinchalik o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruvlar shuni ko‘rsatdiki, vazirlik fojia ko‘lamini qariyb 10 barobarga kamaytirib ko‘rsatgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, jami zaharshanish alomatlari bilan murojaat qilganlar soni 1940 nafarni tashkil etib, shundan 21 nafar bolaning ahvoli o‘rta og‘ir deb baholangan.( Hozirda bolalar ahvoli qoniqarli)
Alisher Sultonovning iste’fosi: Energetika va’dalari va real inqiroz
2025-yilning yakuni O‘zbekiston energetika tizimining uzoq yillik vakili Alisher Sultonovning siyosiy sahnadan ketishi bilan xarakterlandi. Uning faoliyati yutuqlar, bahsli bayonotlar va institutsional o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘ldi. 2023-yildan buyon Sultonov O‘zbekiston Prezidentining neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlab kelgan. 2025-yil o‘rtalarida Prezident Administratsiyasi rahbari (Saida Mirziyoyeva) tayinlanishi ortidan, uning maslahatchilik maqomi bekor qilinib, Prezident vakili lavozimiga tushirildi. 2025-yilning 16-dekabr kuni Alisher Sultonov lavozimidan ozod etildi. Bu iste’foning sabablari rasmiy xabarda ochiqlanmagan. Alisher Sultonov 2021-yilda bergan intervyusida O‘zbekistonning gaz zaxiralari uchta mamlakatni boqishga yetishini aytgan edi. Biroq, amalda gaz qazib olish hajmi 2019-yildagi 60,7 mlrd kub metrdan 2024-yilga kelib 44,6 mlrd kub metrgacha (26,5 foizga) kamayib ketdi. Ushbu pasayish natijasida O‘zbekiston gaz eksportchisidan Rossiya va Turkmanistondan gaz import qiluvchi davlatga aylandi. Sultonov "O‘zbekiston–2030" strategiyasida belgilangan gaz qazib olishni 62 mlrd kub metrga yetkazish vazifasiga asosiy mas’ullardan biri edi. Sultonov faoliyati davomida "O‘zbekneftgaz" raisi (2015–2018), Bosh vazir o‘rinbosari (2017–2019) va ilk Energetika vaziri (2019–2022) lavozimlarida ishlagan. 2018-yildagi Bosh vazir Abdulla Oripov bilan sodir bo‘lgan YTHdan so‘ng jiddiy jarohat olgan. 2022-yilda vazirlikdan ketishi ham rasman sog‘lig‘idagi muammolar bilan izohlangan edi. Sobiq deputat Doniyor G‘aniyev tomonidan energetika inqirozi sabab Sultonov boshchiligidagi rahbariyatning iste’fosi bir necha bor talab qilingan.
Timur Kapadzening O‘FAdan ketishi

Foto: ufa.uz
2025-yil yanvarida Srechko Katanets o‘rniga Milliy terma jamoa (MTJ) bosh murabbiyi etib tayinlangan Timur Kapadze o‘zbek futboli tarixida yangi sahifa ochdi: uning boshchiligida terma jamoa ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va 1994-yildan beri birinchi marta rasmiy turnir — CAFA Nations Cup g‘olibiga aylandi. Oktyabr oyida italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlangach, Kapadze uning shtabida yordamchi murabbiy sifatida qoldi. Biroq, u yordamchi bo‘lib ishlashdan ko‘ra, mustaqil faoliyatni tanladi. 9-noyabr kuni Kapadze O‘FA shtabini rasman tark etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarorga “yangi bosh murabbiy sharoitida noqulaylik yuzaga kelmasligi” va mustaqil mutaxassis sifatida faoliyatni davom ettirish istagi sabab bo‘lgan.
Kapadzening ketishi sportdagi oddiy rotatsiya emas, balki muvaffaqiyatga erishgan mahalliy murabbiyning chetga surilishi va milliy kadrlar masalasi yana ochiq qolganini ko‘rsatdi. Jahon chempionati ostonasida O‘FA rahbariyati qabul qilgan bu qaror futbol jamoatchiligida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Terma jamoadan ketgach, Kapadzega xorijdan, jumladan Indoneziya tomonidan qiziqish bo‘lgani aytildi, ammo u aniq qaror sifatida Namanganning “Navbahor” klubini tanladi va dekabr oyida jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Rustam Qosimjonov

Foto: podrobno.uz
27-oktabr kuni xalqaro grossmeyster, 2004 yilgi FIDE Jahon chempioni Rustam Qosimjonov O‘zbekiston erkaklar shaxmat milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Uning oldiga milliy jamoaning xalqaro maydondagi barqaror natijalarini mustahkamlash, yoshlar uchun zamonaviy tayyorgarlik tizimini yo‘lga qo‘yish, jamoani yirik musobaqalarga sifatli tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Qosimjonov 1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2004 yilgi FIDE jahon chempionatida sensatsion g‘alabani qo‘lga kiritgan. «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni, Amir Temur ordeni bilan taqdirlangan. U 2008-2012 yillardagi jahon chempionati o‘yinlarida hindistonlik grossmeyster Vishvanatan Anandning sekundant murabbiyi bo‘lib, uning g‘alabasiga yordamlashgan.
Teglar






