
O‘zbekiston YAIMining uchdan bir qismi «yashirin iqtisodiyot» hissasiga to‘g‘ri kelmoqda
Yalpi ichki mahsulot hajmi 9 oyda 1,3 kvadrln so‘mdan oshdi, shundan 33,3 foizi — norasmiy va xufiyona iqtisodiyot hissasi. Xufiyona sektor ulushi kamaygan bo‘lsa-da, norasmiy iqtisodiyot o‘sishda davom etmoqda.

O‘zbekistonda norasmiy va soyali iqtisodiyot ulushi yalpi ichki mahsulotning qariyb uchdan bir qismiga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 1,3 kvadrln so‘m (108,7 mlrd AQSH dollari)dan oshib, real o‘sish 7,6 foizni tashkil etdi. Bu 2021 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, pandemiyadan keyingi tiklanish bosqichidan so‘nggi eng tez o‘sish hisoblanadi.
Kuzatilmayotgan (ya’ni yashirin) iqtisodiyot qiymati 433,7 trln so‘m (36,17 mlrd dollar)ga yetdi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33,3 foizgacha o‘sdi (yil boshida bu ko‘rsatkich 32,9 foiz edi).
Norasmiy iqtisodiyot — uy xo‘jaliklari va yakka tartibdagi shaxslar faoliyatini qamrab oladi va 333,8 trln so‘m yoki 25,6 foizni tashkil etdi. Xufiyona iqtisodiyot esa 99,8 trln so‘m (7,7 foiz)ga baholandi. Demak, norasmiy sektor o‘smoqda, xufiyona sektor esa bir oz qisqargan.
Eng katta ulush qishloq, o‘rmon va baliqchilik sohalariga to‘g‘ri kelib, umumiy yashirin iqtisodiyotning 69,4 foizini tashkil etmoqda. Keyin xizmat ko‘rsatish sohasi (36,2 foiz), qurilish (35 foiz) va sanoat (10,2 foiz) keladi.
Spot.uz maʼlumotlariga ko‘ra, 2024 yilda yashirin iqtisodiyot hajmi 505 trln so‘m (40 mlrd dollar), ya’ni YAIMning 34,8 foizini tashkil etgan edi. Bosh prokuratura o‘sha yili xufiyona iqtisodiyotdan 16 trln so‘mni byudjetga qaytargan, 15 mingdan ortiq ish o‘rni legallashtirilgan, 9 ming tadbirkor faoliyati rasmiylashtirilgan.
So‘nggi yillarda davlat organlari bu sohada raqamli nazorat va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Jumladan, Bosh prokuratura 2024 yilda Telegram-bot orqali xufiyona iqtisodiyotga oid shikoyat va takliflarni qabul qilishni yo‘lga qo‘ygan edi.
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev o‘tgan yili Senatning yalpi yig‘ilishida 2030 yilgacha xufiyona iqtisodiyot hajmini ikki baravar qisqartirish rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi. 2025 yilda iqtisodiyotni «oqartirish» evaziga davlat byudjeti 20 trln so‘mgacha qo‘shimcha tushum olishi mumkin.





