add

O‘zbekistonda dollar kursi qayerda va qanday shakllanadi?

26.01.2026 | 09:182 daqiqa

Dollar kursi haftaning ish kunlarida har kuni o‘zgarib turadi: narxlar yuqorilaydi yoki pastlaydi. Hech qiziqib ko‘rganmisiz u qayerda va qay tarzda shakllanadi?

O‘zbekistonda dollar kursi qayerda va qanday shakllanadi?

O‘zbekiston Respublika valuta birjasi (O‘zRVB) valuta savdosini tashkil qiladi. Asosiy ishtirokchilar — banklar: ular valuta sotib oladi va sotadi, talab-taklif bir maydonda uchrashadi.

Bu yerda valuta kurslari «qandaydir ma’muriy bo‘yruq» asosida shakllanmaydi, aslo. Import to‘lovlari kuchaysa, banklar ko‘proq xaridga kiradi, eksport tushumlari yoki taklif oshsa, narxga bosim pasayadi. Savdo faolligi past bo‘lsa, narx signali ham zaifroq ko‘rinadi va sekinroq yangilanadi.

Natijada, bitimlar orqali bozorga yaqin kurs signali paydo bo‘ladi, kim ko‘proq xarid qilayapti, kim ko‘proq sotayapti — shu yerda aniqlanadi.

«Markaziy bank» esa savdolardan kelib chiqib, rasmiy kursni e’lon qiladi, bank ilovasidagi sotib olish va sotish kursi esa xizmat xarajati va valuta riski bahosi sabab farq qilishi mumkin.

 

Birjaning asosiy ishlari

O‘zRVBʼning birinchi galdagi vazifasi — savdoni bir xil qoidada olib borish. Savdo vaqti, bitim tartibi, kimlar ishtirok etishi va ma’lumot berish talablari aniq belgilanadi. Bu ishtirokchilar uchun «bir maydon, bir qoida» degan ishonchni beradi.

Ikkinchi vazifasi — hisob-kitob intizomi. Bitim tuzilgandan keyin pul va valuta o‘z vaqtida o‘tkazilishi, kechikish va tushunmovchiliklar kamayishi kerak. Birja shu jarayonda tartib, texnik yechim va nazoratni ta’minlashga mas’ul.

Uchinchi yo‘nalishi — pul bozori. O‘zRVBʼda davlat qog‘ozlari va repo bitimlari ham uchraydi. Banklar davlat qog‘ozini garov qilib qisqa muddatli pul oladi, keyin kelishilgan kuni qayta sotib oladi. Bu operatsiyalar likvidlik va qisqa muddatli foiz signaliga ta’sir qilib, valuta bozori kayfiyati bilan ham bog‘lanib turadi.

 

Fonddan asosiy farq

«Toshkent» fond birjasi, odatda, kompaniya kapitaliga xizmat qiladi. Aksiya, korporativ obligatsiya, oshkoralik va investor munosabati asosiy o‘rinda turadi. O‘zRVB esa kunlik hisob-kitob va likvidlikka bog‘liq: valuta savdosi, banklar ehtiyoji, pul bozori operatsiyalari bilan shug‘ullanadi. «Tovar-xom ashyo birjasi» esa tovarlar narxi shakllanadigan maydon hisoblanadi.

Shuning uchun O‘zRVBʼga faqat kurs tablosi deb qaramaslik kerak. U valuta savdosi uchun tartib va ma’lumot manbai hisoblanib, talab-taklif qay tomonga og‘sa, kurs signali shunga yaqin harakat qiladi. Kursni tushunish uchun bitta raqamga emas, savdo faolligi va likvidlik belgilariga qarash kifoya.

G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid