add

O‘zbekistonda nega tug‘ilishlar soni kamayib, o‘lim ko‘rsatkichi ortmoqda? — tahlil

24.07.2025 | 13:305846

Mutaxassislar ushbu holatni ijtimoiy-iqtisodiy bosim, migratsiya, ayollar faolligining ortishi va aholining qarish tendensiyasi bilan izohlamoqda.

O‘zbekistonda nega tug‘ilishlar soni kamayib, o‘lim ko‘rsatkichi ortmoqda? — tahlil
O‘zbekistonda 2025 yil yanvar-iyun oylarida tug‘ilish ko‘rsatkichlari pasaydi. Bu davrda 405,5 ming chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 14,4 mingga kamdir. Tug‘ilish koeffitsiyenti hududlarga qarab farqlanib, shahar joylarida 197,8 ming, qishloqlarda esa 207,7 ming nafar chaqaloq tug‘ilgan. Tug‘ilganlarning 51,7 foizini o‘g‘il bolalar, 48,3 foizini esa qiz bolalar tashkil etdi.  

Tug‘ilishlar kamayishining asosiy sabablari

Mutaxassislarning fikricha, tug‘ilishlar sonining kamayishiga, xususan, jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy bosimning ortishi ham sabab bo‘lmoqda. Sotsiolog Gulnora Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, yosh oilalar farzandli bo‘lishni kechiktirmoqda. Uy-joy muammolari, barqaror ish o‘rni topish qiyinligi, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash xarajatlari ortib borayotgani — bularning barchasi tug‘ilish darajasiga bosim qilmoqda. Shahar aholisi orasida farzand soni bo‘yicha tanlovlar o‘zgarishi ham umumiy ko‘rsatkichlarga yetarlicha ta’sir o‘tkazmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yirik shaharlarda ko‘p  farzandli oilalar soni kamaymoqda. Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi hududlarda ikki farzandli oilalar soni oshgan, uch va undan ortiq farzandli oilalar esa kamaygan. Shuningdek, O‘zbekiston Davlat Statistika qo‘mitasining 2024 yilgi hisobotiga ko‘ra, ayollar orasida oliy ma’lumotlilarning ulushi 33 foizdan oshgan. Bu esa demografik kechikishlarga olib keladi — ya’ni ayollar ko‘proq o‘qishni, ish faoliyatini tanlab, onalikni keyinroqqa surmoqda. Migratsiya oqimining kuchayishi ham natijalarga sezilarli ta’sirini o‘tkazgan. So‘nggi ikki yil ichida tashqi mehnat migratsiyasiga chiqqan yoshlar soni o‘sib bormoqda. 2024 yilda 1 mlndan ortiq fuqaro Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarda vaqtincha ishlagan — ularning katta qismi farzand ko‘rish yoshidagi erkak va ayollar bo‘lib, bu ko‘rsatkich milliy tug‘ilishga ta’sir qilmoqda. Shuningdek, 2025 yilning birinchi yarmida mamlakatda 84,1 ming kishi vafot etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 2,7 mingga ko‘p degani. Statistikalarga ko‘ra, so‘nggi yillarda o‘lim holatlari oshishi kuzatilmoqda. Jumladan, 2024 yilda vafot etganlar soni 174,4 ming kishiga yetgan bo‘lib, bu 2023 yilga nisbatan 0,9 foizga ko‘paygan.  

O‘lim sabablari

O‘lim sabablari, asosan, qon aylanish tizimi kasalliklari, o‘simtalar, nafas olish organlari kasalliklar, baxtsiz hodisalar va ovqat hazm qilish organlari kasalliklari bilan bog‘liq. Aholi stat 1 Ekspertlarga ko‘ra, aholining o‘rtacha yoshi oshmoqda. Bu esa tabiiy o‘lim holatlarining ko‘payishiga olib keladi. 2025 yilda 60 yoshdan katta aholi ulushi 10,5 foizga yetdi. Demograf olim Abduvohid G‘aniyevning fikricha, bu jarayonni tabiiy pasayish, deb baholash mumkin. O‘zbekiston ko‘p yillar davomida yuqori tug‘ilish darajasi bilan ajralib turgan. Endilikda esa iqtisodiy rivojlanish fonida demografik barqarorlikka o‘tayapti. Ammo muhim masala — bu pasayish uzoq muddatda ishchi kuchi tanqisligi va qarib borayotgan aholiga xizmat ko‘rsatish tizimiga bosim qilishi mumkin. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.  

Teglar

Mavzuga oid