
O‘zbekistonda omonat ochish: 2026-yilda ham bu foydali bo‘ladimi?
Bir necha yillardan beri O‘zbekiston banklarida omonat ochish aholi uchun jozibador bo‘lib kelmoqda. 2026 yilda omonat ochish qanchalik foydali bo‘ladi? Bu haqda Vaqt.uz tahlilida o‘qing.

2025 yil O‘zbekistondagi bank omonatchilari uchun yomon o‘zgarishlar bilan boshlandi. Dastlab yil boshida Markaziy bank topshirig‘i bilan banklardagi omonatlarning maksimal foiz stavkasi 27 foizdan 26 foizga pasaytirildi.
Bu holat fevral oyida sodir bo‘lgan bo‘lsa, shu bilan cheklovlar to‘xtab qolmadi. Aprel oyidan boshlab omonatlarning maksimal foiz stavkasi 23 foizgacha cheklandi.
O‘shanda Bankers.uz nashrining banklardagi manbalari omonat stavkalarining barcha banklarda sinxron ravishda pasaytirilishi Markaziy bank tomonidan banklarga berilgan «ko‘rsatma» ekanini aytgandi.
Maksimal foizning pasayishi ochilgan o‘rtacha omonatlarga ham ta’sir qildi. Yil boshida o‘rtacha aholi omonatlari 22,1 foizdan ochilgan bo‘lsa, noyabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 21 foizga tushib ketdi.
O‘zgarishlar ko‘proq uzoq muddatli omonat ochadigan o‘zbekistonliklarga sezildi. 10 oyda 1 yildan ortiq vaqtga ochilgan omonatlarning o‘rtacha foizi 22,5 foizdan 21,1 foizgacha, 1,4 foizga qisqardi.
Shunga qaramay, omonatlarning real foiz stavkasi o‘sishda davom etmoqda. Bunga asosiy sabab inflyatsiyaning pasayib borayotgani bo‘ldi.

Real foiz stavka — bu nominal foiz stavkadan inflyatsion kutilmalar darajasi ayrilgandan keyin shakllanadigan, foiz daromadining haqiqiy samaradorligini aks ettiruvchi ko‘rsatkich.
2025 yilda inflatsiya 7,3 foizga pasayib, 2017 yildan beri eng past darajaga tushdi. Avvalgi yillarda inflatsiya hisob-kitob metodologiyasiga nisbatan savollar mavjud bo‘lgani uchun, bu mamlakat tarixidagi eng past inflatsiya deyish mumkin.
1-dekabr holatiga ko‘ra, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 11,5 foiz va 10,5 foizgacha pasaydi.
Shu tariqa noyabr oyida aholi omonatlarining real foiz stavkasi 8,5 foizgacha ko‘tarilib, rekord darajaga yetdi. Avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 2024 yilning oktabrida kuzatilgandi — 8,3 foiz.
Real foiz stavkasi ko‘tarilishda davom etishi ortidan bank omonatlari yil davomida jozibadorligini saqlab qolish bilan birgalikda, sezilarli o‘sishni qayd etdi.
1-dekabr holatiga ko‘ra, banklardagi aholi omonatlari qoldig‘i yillik 33,8 foizga o‘sib, 112,5 trln so‘mdan 150,5 trln so‘mga yetdi. Bunda xususiy banklarda o‘sish, davlat banklariga nisbatan ko‘proq bo‘ldi.
2026 yilda omonat ochish foydali bo‘ladimi?
Joriy yilda ham O‘zbekistonda inflatsiya ko‘rsatkichi pasayib boradi. Hukumat idoralari yil oxirida inflatsiya 6,5 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda.
Bu omonat ochishga qo‘shimcha cheklovlar bo‘lmagan taqdirda, omonatlarning real foiz stavkasi 2026 yilda ham o‘sishda davom etishini bildiradi.
Foizlar hozirgiga yaqin saqlanib qolsa, inflatsiya va inflyatsion kutilmalar pasayishi real foiz stavkasi o‘sishga yordam beradi. 2027–2028 yillarda inflatsiya 5 foizgacha tushishi kutilmoqda.
Yaxshi rivojlanmagan fond bozori, ko‘chmas mulk bozoridagi mo‘’tadillik fonida omonat ochish to‘g‘ri investitsion qaror bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, omonatlarning kafolatli ekani ham ularga investorlarni jalb qiladi. Qonunchilikka ko‘ra, banklarda 200 mln so‘mgacha omonatlar davlat tomonidan kafolatlanadi.
Bu har bir bankka nisbatan alohida qo‘llaniladi. Shu tariqa omonatchilar bir nechta bankka pul qo‘yish orqali kafolat miqdorini oshirish imkoniyatiga ega.
Omonatlarga muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan sarmoya vosiyati — oltinning narxi 2026 yilda o‘sishda davom etishi kutilmoqda. Investorlar uchun bu ham jozibador variantlardan biri sifatida qaralmoqda. Oltinga O‘zbekistonda qanday qilib sarmoya qilish haqida bu yerdan o‘qish mumkin.
Oltin qisqa muddatdan ko‘ra, uzoqroq muddat uchun ishonchli sarmoya vositasi hisoblanadi.
Qaysi bankdan omonat ochgan ma’qul?
O‘zbekiston banklarida omonat takliflari turlicha bo‘lib, har kim o‘zi uchun qulay omonatni topishi mumkin.
O‘tgan yilning boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ikki yirik davlat banklari — «Milliy bank» va «Xalq banki» eng ko‘p omonatchilarga ega. Ikkala bankda mos ravishda 1,6 mln va 1,2 mln nafar omonatchi bor.

Takliflarga keladigan bo‘lsak, «Garant bank»da qulay omonat taklifi mavjud. «Kunlik» omonatining foiz stavkasi 20 foiz, minimal 10 000 so‘mdan boshlab onlayn ochish mumkin.
Qulayligi omonat foizlari har kuni mijozning hisobraqamiga o‘tkazib beriladi. “Kunlik” omonatiga mablag‘ kiritish imkoniyati mavjudligi sabab, pul yig‘ish maqsadida ham foydalansa bo‘ladi.
Yana bir qulay taklifni «Asia Alliance Bank» bermoqda. Bankning «Imkon onlayn» omonati orqali yillik 21 foiz daromad olish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Eng yuqori foizli omonatlarni «Hayotbank» (23 foiz), «Avo Bank» (22,5 foiz), «TBC Bank» (22 foiz) va «Anorbank» (22 foiz) taklif qilmoqda.
Dollarda omonat ochish-chi?
O‘zbekiston banklarida AQSH dollarida ham omonat ochish mumkin. Biroq, dollarning so‘nggi paytlarda qadrsizlanayotgani sabab bu foydali variant sifatida ko‘rilmayapti.
2025 yilda dollar kursi so‘mga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlandi yoki yil davomida 879,58 so‘mga pasaydi. Ammo avvalgi yillarda dollar mustahkamlangan edi — 2024 yilda 4,7 foizga, 2023 yilda deyarli 10 foizga.
Shunga qaramay, dollar mustahkam davrlarda ham so‘mdagi omonatlar dollardagisiga nisbatan foydaliroq edi.
Masalan, 2024 yilda so‘mdagi omonatlar xorijiy valyutadagi (asosan dollar) omonatlarga nisbatan 3 barobar foydaliroq bo‘lgandi.

2024 yil so‘nggida xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavka 5,8 foizni, so‘mdagi omonatlar bo‘yicha esa dollar ekvivalentida 17,7 foizni tashkil qilgandi.
Biroq, dollardagi omonatlar pulni dollarda sarflashni reja qilganlar uchun qulay bo‘lishi mumkin. Bu holatda konvertatsiya uchun pul yo‘qotilmaydi.
Ayrimlar investitsiya portfelini diversifikatsiya qilish uchun dollarda omonatlarni tanlaydi.
Sababi — har narsa bo‘lishi mumkin. Kelayotgan yilda AQSH dollari yana o‘z o‘rnini mustahkamlanishi ehtimoli ham bor.
S&P agentligi 2026 yilda dollar so‘mga nisbatan mustahkamlanib, 12 600 so‘mga yaqin bo‘lishini kutmoqda.
Yevroosiyo taraqqiyot banki kutilmalari bo‘yicha dollar 2026 yil oxirida 12 800 so‘m, 2027 yil oxirida esa 14 100 so‘mgacha ko‘tariladi.
Teglar






