Qirg‘izistonda Japarov-Tashiyev tandemi tugadi. Deputatlari esa O‘zbekistonga turli e’tirozlarni bildirishdi —hafta dayjesti

14.02.2026 | 20:408 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.



Qirg‘izistonda Japarov-Tashiyev tandemi tugadi. Deputatlari esa O‘zbekistonga turli e’tirozlarni bildirishdi.

Markaziy Osiyo iqtisodiy o‘sish sur’atida AQSH va Yevropani ortda qoldirdi.

O‘zbek so‘mining mustahkamlanishi tashqi qarz xarajatini tejashga xizmat qildi.

O‘zbekistonda yangi «metan zapravka» qurishga ruxsat berilmayapti.

Joriy hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan Vaqt.uz dayjestida batafsil tanishing.

Qirg‘izistonda Japarov–Tashiyev tandemi tugadi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 10-fevral kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevni lavozimidan ozod qildi. Bu vaqtda Tashiyev Germaniyada yurak jarrohligi operatsiyasini o‘tayotgan bo‘lgan.

Tashiyev 2020 yil oktabrda Sadir Japarovning prezidentlikka saylanishidan so‘ng qo‘mita raisi bo‘lib, prezident jamoasining eng yaqin ishonchli kishisi hisoblangan va kuch idoralari blokining asosiy tayanchiga aylangan edi.

Japarov–Tashiyev tandemi 2010 yillardan boshlab uzoq yillik hamkorlik asosida shakllangan, lekin so‘nggi qaror bilan ularning siyosiy ittifoqi tugadi. Qamchibek Tashiyev atrofidagi kadr o‘zgarishlari ko‘pincha hokimiyatdagi muhim signal sifatida qaraladi. So‘nggi paytlarda Tashiyevning kelgusi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida ovozlar tarqalgan, lekin u bir necha marotaba nomzodini qo‘ymasligi va Japarovni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Qayt etib o‘tish joiz, Tashiyev bilan birga uning uch o‘rinbosari ham lavozimidan olindi. Qolaversa, Chegara xizmati Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tasarrufidan chiqarildi.

«O‘zbekiston suvga pul to‘lasin»

Yakunlanayotgan haftada Qirg‘iziston Joqorg‘u Kengeshida qo‘shni O‘zbekiston bilan bog‘liq ikki muhim masala ko‘tarildi. Deputat Umbetali Qidiraliyev sug‘orish suvi uchun qo‘shni davlatlar, jumladan O‘zbekiston va Qozog‘iston to‘lov amalga oshirmayotganidan norozilik bildirdi.  Qirg‘iziston gidroinshootlarida jamlangan suvning qariyb 80 foizi qo‘shni mamlakatlarga oqib ketadi, shu bois hisob-kitob mexanizmlari qayta ko‘rib chiqilishi zarur, dedi u.

Shu haftada deputat Burun Amanova ham parlamentda O‘zbekistondan arzon va kontrabanda yo‘li bilan guruch olib kirilishi mahalliy fermerlarga zarar yetkazayotganini ma’lum qildi.

Shu tariqa, Qirg‘izistonda qisqa vaqt ichida O‘zbekiston bilan bog‘liq suv va savdo masalalarida ikki marta tanqidiy bayonotlar yangradi.

«Metan zapravka» qurishga ruxsat yo‘q

O‘zbekiston hukumati vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotda Amudaryo tumanida tadbirkor avtomobillar uchun elektr, gaz va benzin «zapravka»lar qurish uchun 40 sotix yer olgani, qurilishga barcha jihozlar tayyorligini bildirdi. Faqatgina «metan zapravka» qurishi uchun Energetika vazirligidan ruxsat olishda muammo bo‘layotganini aytib, masalani hal qilishda yordam so‘radi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bunga javoban, mas’ullar ishlab turgan «zapravka»larga ham gaz yetkazib bera olmayotganini bildirdi.

«Hozir metan gaz «zapravka» qurishga ruxsat yo‘q. To‘g‘risini aytinglar-da, gaz yetkazib berolmayapsizlar-ku. Bor «metan zapravka»larga bular gaz yetkazib bera olmayapti. Farhod O‘razboyevich (Ermonov) buni tadbirkorlarga aytmaganmisizlar», – deb savol qo‘ydi Xo‘jayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisiga.

Farhod Ermonovning aytishicha, metanga taqiq masalasida barcha tadbirkorlar ogohlantirilgan.

«Hokimlarning ham, muovinlarining ham xabarlari bor. Tadbirkorlarga ham bu masala bo‘yicha aytganmiz. O‘tgan yildan boshlab «metan zapravka» qurilishiga taqiq qo‘yilgan. Hech qanday ruxsat yo‘q», – dedi u.


Haftada metan gaz bilan bog‘liq yana bir yangilik e’lon qilindi. Energetika vazirligi 11-fevral soat 9:00 dan boshlab Respublikamizning barcha hududlarida, jumladan vodiy viloyatlarida ham «metan zapravka»lar bosqichma-bosqich odatdagi rejimda faoliyat yurita boshlashi haqida xabar berdi. Biroq Farg‘ona vodiysida hamon metan shoxobchalar uzilishlar bilan ishlayotgani xabar qilinmoqda.

Korrupsiya indeksi: O‘zbekiston tushdi

«Transparency International»ning 2025 yil uchun e’lon qilingan Korrupsiyani his qilish indeksi dunyo bo‘ylab ushbu sohada vaziyat yomonlashayotganini ko‘rsatdi. O‘zbekistonda bir pog‘ona pastlagan.

O‘tgan bir yil ichida korrupsiyani qabul qilish ko‘rsatkichini yaxshilashga postsovet hududida jami beshta davlat erisha oldi: Bular — Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Ukraina, Latviya va Litva. Ayni paytda Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Moldova, Armaniston va Gurjiston reytingda pasayish qayd etdi. Rossiyadan tashqari, Turkmaniston, Tojikiston va Estoniyada ko‘rsatkichlar o‘zgarishsiz qoldi.

«Transparency International» hisobotida O‘zbekiston va Ukraina boshlang‘ich ko‘rsatkichlari nisbatan past bo‘lgani sababli reytingni yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan davlatlar qatorida tilga olinadi.

Ularning rivojlanishi siyosiy yetakchilar va regulyatorlar tomonidan uzoq muddatli sa’y-harakatlar orqali amalga oshirilgan, bu yerda keng qamrovli huquqiy va institutsional islohotlar ochiq muhitda yoki tor davlat nazorati ostidagi kam yopiq muhitlarda olib borilgan», deyiladi izohda.

Istanbulda yana bir o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilgani ayon bo‘ldi

Hafta davomida Turkiyada yuz bergan dahshatli jinoyat tafsilotlari yanada kengaydi. Istanbulda qamoqqa olingan o‘zbekistonlik gumondor G‘ofurjon Kamolxo‘jayev yana bir ayolni o‘ldirganini tan oldi.

Istanbulning Shishli tumanida 24-yanvar kuni chiqindixona konteyneridan O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hokimovaning jasadi topilgandi. Ushbu ish bo‘yicha hibsga olingan asosiy gumondor qamoqxonada bergan qo‘shimcha ko‘rsatmasida yana bir o‘zbekistonlik ayolni o‘ldirganini bildirgan.

Uning so‘zlaridan, Durdona Hokimovaning dugonasi, Namangan viloyatida tug‘ilgan 32 yoshli Sayyora Ergashaliyeva ham shunga o‘xshash usulda bir kun avval o‘ldirilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayolning jasadi Umraniya tumanidagi uyda bo‘laklanib, Fotih tumanidagi chiqindi konteynerlarga tashlangan.

Dastlab yakka qotillik sifatida ko‘rilgan ish endi ehtimoliy seriyali jinoyat sifatida tergov qilinmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumondor ko‘rsatmalari asosida qo‘shimcha dalillarni tekshirmoqda, videokuzatuv yozuvlari qayta tahlil qilinmoqda.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi mazkur holatni doimiy nazoratga olgani va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganini bildirdi.

Tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgani, ular aybini tan olgani va hujjatlar sudga taqdim etilgani qayd etildi.

Konsullik marhumalarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda qo‘shimcha ma’lumotlar aniqlashtirilishi bilan jamoatchilik xabardor qilinishi ma’lum qilindi.

Toshkent ko‘chalariga qaytgan panjaralar

Hafta davomida poytaxtda jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan masalalardan biri — yo‘l bo‘ylariga temir panjaralarning qayta o‘rnatilishi bo‘ldi.

Toshkent ko‘chalarida piyodalar xavfsizligini ta’minlash va YTHlarning oldini olish maqsadida avval olib tashlangan to‘siqlar oradan 8 yil o‘tib yana shu vaj bilan qayta joylashtirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ishlar uchun davlat budjeti hisobidan qariyb 7 mlrd so‘m mablag‘ sarflanmoqda.

Eng qizig‘i, ayrim ko‘chalarda o‘rnatib bo‘lingan panjaralar belgilangan standartlarga javob bermaydi, deb yana yig‘ishtirib olingani bo‘ldi.

Qaror jamoatchilikda qator savollarni tug‘dirdi: ilgari samarasiz deb baholangan yechim nega yana kun tartibiga chiqdi.

Mavzuga oid batafsil ma’lumotni VAQT.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qilish mumkin.

Andijonda ko‘p qavatli uyda gaz portladi

Yakunlanayotgan haftada Andijonda ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan gaz chaqnashi jamoatchilik e’tiborida bo‘ldi.

Hodisa Nodirabegim mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida 11-fevral kuni soat 23:55 da gaz-havo aralashmasining chaqnashi natijasida  sodir bo‘ldi.

Viloyat FVB rahbariyati va qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Chaqnash oqibatida yong‘in kelib chiqmagan va qo‘shni xonalarga zarar yetmagan. Biroq uy hovlisida turgan bir nechta avtomashinaga ziyon yetgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida ikki nafar fuqaro tan jarohati olgan. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Yuqori qavatda yashovchi va uylariga zarar yetgan aholi xavfsizlik maqsadida evakuatsiya qilindi. Mutaxassislar dastlabki xulosaga ko‘ra, chaqnashga gaz-havo aralashmasining to‘planishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Aniq sabablar ekspertiza natijalariga ko‘ra ma’lum qilinadi.

Markaziy Osiyo iqtisodiyoti AQSH va Yevropani ortda qoldirdi

2025 yil natijalari Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti barqaror o‘sishni saqlab qolganini ko‘rsatdi. Tahlilchilarga ko‘ra, mintaqaning o‘rtacha o‘sish sur’ati 6 foizdan oshgan. Bu ko‘rsatkich rivojlangan yirik iqtisodiyotlar fonida sezilarli ustunlikni namoyon etdi. Xususan, AQSH iqtisodiyoti taxminan 1,6 foiz, Yevrozona mamlakatlarida esa 1,1 foiz atrofida o‘sish qayd etilgan.

Jami o‘sishga eng katta hissa Qozog‘iston va O‘zbekiston tomonidan qo‘shildi. Qozog‘istonda energetika, transport va qayta ishlash sanoatiga, O‘zbekistonda esa sanoat modernizatsiyasi, qurilish va xizmatlar sohasiga sarmoya faol bo‘ldi. Ikki davlat ham mintaqaviy savdo zanjirlarida ishtirok etmoqda.

AQSH va Yevrozona iqtisodiyotlari yuqori foiz stavkalari va inflatsiya sabab sustlashdi. Tahlilchilar Markaziy Osiyo mamlakatlari diversifikatsiya va ichki bozorni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘sishni davom ettirishini ta’kidlashmoqda.

Metroda xavfsizlik talablarini buzganlarga jarima

Temiryo‘l transporti va metroda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Buning uchun ma’muriy tartibda Bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari — ya’ni 4 mln 120 ming so‘m miqdorida jarima solinishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzish yoki bunga doir ma’lumotni qasddan yashirish ham xuddi shu miqdorda jazoga sabab bo‘ladi.

Avtomobil transportida esa yo‘lovchi tashishdagi qoidabuzarliklar, yo‘l haqi tariflarini oshirish, tasdiqlangan yo‘nalish sxemasidan chiqish holatlari uchun BHMning 3 barobarida — ya’ni 1 mln 236 ming so‘m jarima belgilandi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi va transport sohasida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar qat’iy amal qilishi lozimligi yana bir bor eslatildi.

So‘mning mustahkamlanishi tashqi qarz xarajatini tejadi

2025 yilda milliy valuta 6,9 foizga mustahkamlanib, tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 6–7 foizga qisqardi.

Hisobotga ko‘ra, yil boshidan milliy valuta almashuv kursi 6,9 foizga mustahkamlangan. Valuta taklifi eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va xalqaro pul o‘tkazmalari hisobidan sezilarli oshgan. Xususan, 2025 yilda mamlakatga 18,9 mlrd dollar miqdorida pul o‘tkazmalari kirib kelgan.

Qayd etilishicha, so‘mning mustahkamlanishi milliy valutaga ishonchni kuchaytirdi. Milliy valutadagi depozitlar hajmi yil boshidan 44 foizga o‘sib, 240 trln so‘mga yetdi. Shuningdek, kredit va depozitlar dollarlashuvi pasaydi, inflyatsion kutilmalar sekinlashdi.

Gender tengligi sabab o‘zbekistonliklar daromadi oshadi

O‘zbekistonda ayollar va erkaklar o‘rtasida tenglikni ta’minlash aholi daromadini qariyb uchdan biriga oshirishi mumkin. Markaziy bank 2025 yil yakunlari uchun We Finance Code hisobitini taqdim qildi.

2023 yildan boshlab ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida We Finance Code tashabbusi yo‘lga qo‘yildi. 2025 yilgi hisobotga ko‘ra, mamlakat aholisi 38 milliondan ortiq, ularning 49 foizi ayollar hisoblanadi. Mehnatga layoqatli ayollar soni 10 milliondan oshadi, bu umumiy mehnatga layoqatli aholining 47 foizini tashkil etadi.

Jahon bankining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki 45 foizdan oshmaydi. Iqtisodiy tenglikni ta’minlash O‘zbekiston milliy daromadini 29 foizga oshirishi mumkin. Tadqiqotlar ayollarning oilaviy majburiyatlari mehnat bozoridagi ishtirokka asosiy to‘siq ekanini ko‘rsatadi.

2025 yilga kelib 15 ta bank Markaziy bankning gender tenglik siyosatini qabul qilgan va ayollar faoliyatini iqtisodiyotda oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

 

 

 

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 44

Barchasi

Mavzuga oid