
Qish kelishi bilan muzlaydigan tizim: O‘zbekistonda gaz inqirozi nega tugamaydi?
O‘zbekistonliklar mamlakatga qish kirib kelganini taqvim orqali emas, gaz quyishshoxobchalari oldida paydo bo‘ladigan kilometrlabnavbatlar orqali biladi.
O‘zbekistonликlar mamlakatga qish kirib келганини taqvim orqali emas, gaz quyish shoxobchalari oldida paydo bo‘ladigan kilometrlab navbatlar orqali билаdi. Ha, havo harorati sal pasaya boshladimi — tamom, metan shoxobchalari ishiga cheklov kiritiladi, yopiladi va minglab odamlar yana kundalik hayotini rejalashtira olmay qoladi. Bu – tabiatning qandaydir qat’iy, har yili takrorlanadigan, tabiiy hodisasiga o‘xshash jarayonga aylandi.
Eng yomoni nima, bilasizmi?!
Hukumat uchun bu odatiy, juda tabiiy jarayonga aylanib qolgani. Hamma bilib qolgan: qish kelsa, gaz tanqisligi yuz beradi, taqa-taq cheklovlar boshlanadi.
Hukumat ham so‘nggi yillarda bu borada hech bir xijolatchilik his qilmayapti — hammasini tabiiydek amalga oshirmoqda.
Xo‘sh, nega shunday bo‘lmoqda? Nega har yili bir xil ssenariy, bir xil muammo takrorlanmoqda va bir xil, o‘ta qo‘pol texnik yechim taklif qilinmoqda?
Muammo tabiatda emas, tizimda
Bilasiz, Energetika vazirligi taqdim etadigan rasmiy izohlarda vaziyatga ko‘pincha «havoning keskin sovushi», «aholi iste’molining oshishi», «favqulodda yuklama», «eng avvlo ijtimoiy obyektlar» kabi tushuntirishlar keltiriladi.
Go‘yoki qish kutilmaganda bostirib kelgandek, energetiklarimizga mutlaqo to‘satdan tashvish tug‘dirgandek, buni odamlar to‘g‘ri tushunish bilan qabul qilishi kerakdek.
Lekin O‘zbekistonda qishning sovuq kelishi — favqulodda holat emas. Bu geografiya, iqlim va ko‘p yillik statistika bilan oldindan ma’lum. Demak, muammo ob-havoda emas, rejalashtirishdagi no‘noqlik va uquvsizlikda.
Axir bu uquvsizlik bo‘lmasa, nima? Gazga talab qishda oshishi kundek ayon, nega ta’minot tizimi bu ssenariyga tayyor bo‘lmaydi?
Qog‘ozda «tayyor», amalda — yo‘q
Har yili kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik haqida gap borganda, energetiklarimiz endi muammo bo‘lmasligi haqida balandparvoz bayonotlar va qop-qop va’dalar berishadi.
Shu yil ham energovazir Jo‘rabek Mirzamahmudov tizim qishga to‘liq tayyor ekani haqida axborot bergan edi. U zaxiralar shakllantirilgani, tarmoqlar ta’mirlangani, aholiga uzluksiz ta’minot kafolatlanishi ta’kidladi.
Noyabr oyining 15-sanasida Vodiy viloyatlaridagi «metan zapravka»larga ko‘chma konteynerlar orqali tabiiy gaz yetkazib berish tizimi ishga tushirilishi e’lon qilindi.
Ya’ni, qish mavsumida «metan zapravka»larni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida maxsus ko‘chma avtosisternalar orqali gaz shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berilishi, bu bilan «zapravka»lar faoliyatining barqarorligi ta’minlanishi va’da qilingan edi.
Mana, oradan ikki oydan ziyodroq vaqt o‘tib bu borada hech qanday siljish kuzatilmadi.
Bu yerda hammasi oddiy: yo vazir real holatni aks ettirmaydigan hisobotlar bilan doim hammani chuv tushirmoqchi bo‘ladi yoki tayyorgarlikning o‘zi «ikkichi» o‘quvchining hisobi kabi uquvsiz tayyorlangan bo‘ladi. Har ikki holatda ham javobgarlik masalasi ochiq qolaveradi.
Imkon bor, lekin xohish yo‘qdek
Qishda gaz taqsimotida aholi va ijtimoiy obyektlarga ustuvorlik berilishi tushunarli. Biroq avtogazdan foydalanuvchilar ham shu aholi vakillarining o‘zi-ku? O‘z o‘zini mehnat bilan band qilayotgan taksichilar, yuk tashuvchilar, xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari — aholi vakillari bo‘lmay kim?
Taksichi uchun bir kun gazsiz qolish — bir kun ishsiz qolish. Yuk tashuvchi uchun — shartnoma bajarilmasligi. Oila uchun — qo‘shimcha xarajat va asabiylik. G‘ayrat Do‘stovni eslang.
Qolaversa, metan shoxobchalarining yopilishi nafaqat haydovchini, butun iqtisodiy zanjirni sekinlashtiradi.
Metan taqchillashi ortidan yo‘lkira narxlarining qimmatlashuvi o‘z-o‘zidan tovar va xizmatlar narxlarining ham oshishiga olib keladi. Chunki metandek arzon yoqilg‘idan avtomashinalar qimmatroq propan va benzinga o‘ta boshlaydi. Bu yonilg‘ilarning ham ta’minotida uzilish, narxida esa ko‘tarilish kuzatila boshlaydi.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, hukumat alaqachon bu holatni doimiy ssenariy sifatida qabul qilgan, ammo uni yumshatish uchun tizimli yechim berolmayapti, vaziyat o‘nglanmayapti. Muqobil yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish, importni diversifikatsiyalash, ta’minotni kompensatsiya mexanizmlari yoki bozorni barqaror ushlab turadigan strategiya mavjud emas.
Eng alam qilgani — O‘zbekiston yetib borish uzoq bo‘lgan okeandagi bir orolda joylashgan davlat emas. Yon-atrofimizni Qozog‘iston, Turkmaniston, Eron va Ozarboyjon kabi neft va gaz mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishda ilg‘or davlatlar o‘rab olgan.
Energetika sohamiz neft va gaz mahsulotlari importida faqat bir davlatga — Rossiyaga qaram bo‘lib qolgani oqibatida kelib chiqmayaptimi bu muammolar?
Ma’muriy cheklov — eng oson yo‘l
Ha, muammoni hal qilish o‘rniga, uni yashirish osonroq. Shoxobchalarni yopish, limit joriy etish, faoliyatni cheklash — bular qisqa muddatli choralar. Lekin bu choralar muammoni hal qilmaydi, faqat uni aholi yelkasiga yuklaydi.
Navbatda soatlab turgan inson uchun «tizimda muvaqqat qiyinchilik» degan izoh tasalli bermaydi. Uning vaqti ketyapti, daromadi kamayyapti, asabi yeyilyapti.
Davlat siyosati aynan shu insonlarni ko‘rishi, eshitishi va his qilishi kerak. Aks holda, har qanday «islohot» qog‘ozda qoladi.
O‘zbekistonda gaz bilan bog‘liq qishki inqiroz — resurs yetishmasligidan emas, boshqaruv madaniyati yetishmasligidan ham darak. Muammo oldindan ma’lum, ssenariy takrorlanadi, ammo tizim xulosa chiqarmaydi. Sababi oddiy: shaxsiy va institutsional javobgarlik ishlamaydi.
Jamiyat esa javob kutaverib charchadi. Navbatlarda turgan odamlar navbatdagi va’dalarni emas, natijani kutyapti. Toki tizim o‘zgarmas ekan, qish kelishi bilan quvurlardagi gazga qo‘shilib, qalblardagi ishonch ham muzlayveradi.
Teglar






