add

Qo‘lga olishdagi o‘lim va FSB agentlari: Ozarboyjon va Rossiya mojarosi geosiyosatga qanday bog‘liq?

02.07.2025 | 21:45447614

Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi ozarboyjonlik aka-ukalarning o‘limi bir yil ichida ikki davlatning yana janjallashib qolishiga sabab bo‘ldi.

Qo‘lga olishdagi o‘lim va FSB agentlari: Ozarboyjon va Rossiya mojarosi geosiyosatga qanday bog‘liq?
Dushanba kuni Boku shahridagi Rossiyaning Sputnik agentligi ofisida FSBning ikki agenti qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqadi. Hokimiyatga yaqin Ozarboyjon nashrlari Rossiya hukumatini va shaxsan prezident Vladimir Putinni keskin tanqid qilmoqda. Moskva esa buni Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari harakatlariga nomutanosib javob, deb baholamoqda. Biroq Bokuning bunday qat’iy reaksiyasi mintaqada yuz berayotgan katta geosiyosiy o‘zgarishlar natijasi sifatida ko‘rilmoqda. Atigi bir necha yil avval shunga o‘xshash voqealar ikki mamlakat munosabatlariga bunday kuchli ta’sir ko‘rsatmas edi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, bugungi kunda Ozarboyjon mintaqaviy barqudrat davlat sifatida shakllanib, Janubiy Kavkazda Moskva yetakchiligini shubha ostiga qo‘ymoqda va Rossiyaga nisbatan bildirilayotgan da’volarni aynan shu omil bilan bog‘lashmoqda, deb yozadi BBC o‘z tahliliy maqolasida.   Uzr so‘rash kifoya bo‘lmaganda Juma kuni Yekaterinburgda huquqni muhofaza qiluvchi organlar 2001, 2010 va 2011 yillardagi qotilliklar bilan bog‘liqlikda gumon qilinayotgan shaxslarni qo‘lga olish jarayonini o‘tkazdi. Qo‘lga olish vaqtida ozarboyjonlik aka-uka Ziyoddin va Huseyn Safarovlar vafot etdi. Yana bir nechta kishi kasalxonaga yotqizildi. Ozarboyjon manbalari ma’lum qilishicha, Safarov qardoshlarini qo‘lga olish paytida kuch tuzilmalari ularni «qo‘pol tarzda kuch ishlatib, beshafqatlik bilan o‘ldirgan». Rossiya Tergov qo‘mitasi esa ulardan biri yurak xurujidan vafot etganini, ikkinchisining o‘limi sabablari aniqlanayotganini ma’lum qildi. Ro‘y bergan fojea ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Bokuda Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchukning tashrifi va rossiyalik musiqachilar konsertlari bekor qilindi. Shu bilan birga, hokimiyatga yaqin Ozarboyjon matbuoti Rossiyani qattiq tanqid ostiga ola boshladi. Bir maqolada «Qonli jinoyatlar bo‘yicha Putin hatto Stalindan ham oshib ketdi» deyilsa, boshqa bir maqolada Yekaterinburgdagi kuch tuzilmalari harakatlari «jazolovchi reyd» deb baholandi. Voqealar o‘tgan yil oxirida Rossiya havo hujumidan himoya tizimi tasodifan Ozarboyjon yo‘lovchi samolyotini urib tushirganida yuzaga kelgan inqirozni eslatadi. O‘shanda uchuvchilar samolyotni Qozog‘istongacha yetkazib borishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, yo‘lovchilarning yarmidan ko‘pi avariyaviy qo‘nish chog‘ida halok bo‘lgan edi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyadan aybini tan olishni va puxta tergov o‘tkazishni talab qilgan edi. Putin voqea Rossiyada yuz bergani uchun kechirim so‘ragan, lekin bu yetarli bo‘lmagan. Ikki o‘rtada propaganda urushi boshlanib, Bokuda Rossotrudnichestvoga qarashli «Russkiy dom» yopilgan va u josuslikda ayblangan, shuningdek, Rossiyaning davlat axborot agentligi bo‘lgan Sputnik bo‘limi yopilishi talab qilingan. Ammo Sputnik o‘z faoliyatini davom ettirdi. Bu dushanba kuni esa agentlik ofisiga politsiya tintuv o‘tkazish uchun kirib bordi. Natijada Rossiya agentligining ikki xodimi qo‘lga olindi — Ozarboyjon politsiyasi ularni FSB xodimlari deb atadi. Nashr rahbari Igor Kartavix va xodim Yevgeniy Belousov niqobli kuch tuzilmalari tomonidan binodan olib chiqildi. «Biz Bokudagi vakilligimiz bilan bog‘liq vaziyatni adolatsizlik deb baholaymiz», — dedi «Rossiya Segodnya» agentligi rahbari Dmitriy Kiselyov. Uning qo‘shimcha qilishicha, Boku harakatlari «davlatlararo munosabatlarni yomonlashtirishga qaratilgan qasddan tashlangan qadamga o‘xshaydi».   Qarabog‘ Moskva va Boku munosabatlariga qanday ta’sir qildi? Ozarboyjonliklar ishtirokidagi Yekaterinburgdagi voqeaga o‘xshash fojealar Rossiyada ilgari ham sodir bo‘lgan, ammo hozirgidek keskin reaksiyani keltirib chiqarmagan. Masalan, 2021 yilda Novosibirsk viloyatida 19 yoshli Vakil Abdullayev otib qo‘yilgan edi — u hibsga olish paytida uni to‘xtatgan YHXX inspektori tasodifan uning boshiga o‘q uzgani aytilgan. Sud inspektorni oqlab, uni ishga tikladi. O‘shanda diaspora va Ozarboyjon parlamenti deputatlari tergovni tanqid qilgan, ammo ish yuqori darajaga ko‘tarilmagan edi. Xuddi shuningdek, o‘tgan hafta Sankt-Peterburg sudi «Ozarboyjon mafiyasi» deb o‘zini atagan yoshlar guruhini qamoq jazosiga hukm qilganda ham rasmiy munosabat bo‘lmadi. Aslida ular tasodifiy yo‘lovchilarga hujum qilib, buni videoga olib tarqatadigan strim-bozor o‘smirlar to‘dasi bo‘lgan. 2023 yilda ular bilan Tergov qo‘mitasi shug‘ullanib, to‘da boshlig‘i Ozarboyjonga qochgan, lekin Moskva talabi bilan qaytarib berilgan edi. Biroq ekstraditsiya masalasida Ozarboyjon har doim izchillikni saqlab kelmagan: shu yilda Boku sudi Rossiya talabiga qaramasdan Krasnoyarskdan chiqqan sobiq sudya Yelena Xaxalevani qaytarishdan bosh tortdi. U qizining to‘yida Valeriy Meladze, Nikolay Baskov va boshqa yulduzlar ishtirok etgan kadrlardan keyin tanilgan edi. Mutaxassislar aytishicha, bunchalik keskin reaksiya ikki davlat o‘rtasidagi kuchlar muvozanati o‘zgarishi natijasidir. 2020 yilda Ozarboyjon Armanistonga qarshi urushda g‘alaba qozonib, o‘zini mintaqaviy yetakchi sifatida ko‘rsata boshladi. Ozarboyjon bu vaqtga kelib Armaniston va Gurjistonni qo‘shganda ham ulardan katta iqtisodiyotga ega bo‘lgan, endi o‘zining harbiy ustunligini ham namoyon qilmoqda. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamdagi bosqini Moskvaning Janubiy Kavkazdagi nufuzini susaytirdi. Bosqindan bir necha kun oldin Putin va Aliyev ittifoqchilik hamkorligi haqida deklaratsiya imzolagan edi. Biroq ikki mamlakat amalda ittifoqchiga aylanmadi — Ozarboyjon Rossiya bosib olgan Ukraina hududlarini okkupatsiya ostida deb ataydi va Kiyevga insonparvalik yordamlari jo‘natishni kanda qilmaydi. Shunga qaramay, Moskva Bokuni ko‘p narsalarda kechirib turibdi, chunki Ozarboyjon uni sanksiyalar sharoitida tashqi dunyo bilan bog‘laydigan loyihalarda ishtirok etmoqda. Ozarboyjon orqali faqat muhim gaz quvurlari emas, balki Rossiyaga Osiyo bozorlariga chiqishni ta’minlaydigan «Shimol-Janub» transport yo‘lagining bir qismi ham o‘tadi.   Na do‘st va na dushman «Rossiya endilikda Janubiy Kavkazda qat’iyatli kuch pozitsiyasini saqlab qolish imkoniga ega emas», — deb yozadi mintaqa bo‘yicha britaniyalik tarixchi Tom de Vaal. Bunday vaziyatda Ozarboyjon Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatlashmayapti, ammo Janubiy Kavkazda Rossiyaning ustun rolini qayta ko‘rib chiqmoqda, deydi Berlindagi Karnegi Rossiya va Yevroosiyoni o‘rganish markazi ilmiy xodimi Zaur Shiriyev. Shiriyevning ta’kidlashicha, Boku Rossiyaning Gurjistonda sobiq ta’sirini tiklashini istamaydi — ayniqsa, u orqali Ozarboyjon uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan energetika va transport yo‘nalishlari o‘tadi. Shuningdek, Ozarboyjon Armanistonda qo‘shnilar bilan yarashishga qarshi va Qorabog‘ masalasida talablaridan voz kechishni istamaydigan rossiyaparast kuchlar hokimiyatga qaytishini oldini olishni maqsad qiladi. Moskva bilan munosabatlardagi ommaviy ko‘rinishdagi inqiroz esa yana bir manzilga — G‘arbga qaratilgan, deydi tahlilchilar. Aslida, Ozarboyjon va Rossiya na yaqin ittifoqchi, na ochiq dushman — ular o‘rtasidagi munosabat «o‘rta yo‘lda» deb baholaydi Karnegi markazidan Zaur Shiriyev. «Ozarboyjon Rossiyaning xatti-harakatlarini endi passiv qabul qilmaydiganligini ko‘rsatmoqda, ayniqsa uning o‘z shaxsiy manfaatlari xavfi ostida bo‘lsa», — deya qo‘shimcha qiladi ekspert.

Teglar

Mavzuga oid