add

Rossiya iqtisodiyoti — «temir o‘tinchi»ning moyi tugayapti

17.10.2025 | 19:0060714 daqiqa

Rossiya asosiy daromad manbaidan ajralmoqda - «Gazprom» va «Rosneft» milliardlab zarar ko‘rmoqda. Neftni qayta ishlash zavodlari doimiy hujum ostida. Urush va Ukraina uchuvchisiz apparatlarining zarbalari Rossiya iqtisodiyotini qanday o‘zgartiryapti? «TRT» nashri e’lon qilgan maqola tarjimasini e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.

Rossiya iqtisodiyoti — «temir o‘tinchi»ning moyi tugayapti
«Biz doimo neft va gaz bog‘liqligidan qachon qutularmiz, deb aytib kelganmiz. Mana, asta-sekin bu yo‘nalish kuchayib bormoqda», - degan edi 2023 yilda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin. Chamasi, bu yo‘nalish haqiqatan ham mavjud, biroq optimizmga asos kam. Atigi uch yil ichida «Gazprom» va «Rosneft» eng daromadli kompaniyalardan mamlakatning asosiy qarzdorlariga aylandilar. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, ularning qarzlari mos ravishda 5,8 va 3,6 trillion rublni tashkil etgan. Mutaxassislar buning asosiy sababini qarz olishning qimmatlashuvi va bozor sharoitlarining o‘zgarishi deb ko‘rsatmoqdalar. Eslatib o‘tamiz, urush fonida «Gazprom» Yevropa bozorining katta qismini yo‘qotdi va 2023 yilda eng zararli korxonalar reytingida 583,1 milliard rubl sof zarar bilan birinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan yili «Naftogaz» bilan shartnomaning bekor qilinishi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Shundan so‘ng, konsern rahbariyati kompaniya markaziy apparati xodimlarini 4,1 mingdan 2,5 ming kishigacha qisqartirishga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Shunga qaramay, Rossiya gaz xoldingida yuqori barqarorlik zaxirasi saqlanib qolmoqda, deydi «TRT na russkom» nashri bilan suhbatda iqtisodchi Yaroslav Romanchuk: «Gazprom» har doim shunchaki korporatsiya emas, balki Kremlning gaz qo‘li — siyosiy-iqtisodiy mexanizmning bir qismi bo‘lib kelgan. Bu mustaqil balansga ega klassik kompaniya emas: davlat va «Gazprom» o‘zaro bog‘liq. Aslida, bu yagona hamyon bo‘lib, undan turli vazifalar, jumladan, xorijdagi assimetrik va gibrid operatsiyalar moliyalashtiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining gaz sanoati ichki va eksport majburiyatlari tufayli barqarorligini saqlab qoladi. «Gaz hech qayerga yo‘qolmagan, konlar qolgan, quvurlar mavjud. Shunchaki endi boshqa loyihalar — ijtimoiy yoki infratuzilma loyihalari uchun mablag‘ qolmaydi. Ular, ehtimol, tijorat banklari va boshqa tuzilmalar balanslarining yomonlashuvi evaziga ham qo‘llab-quvvatlanadi», - deya qo‘shimcha qildi mutaxassis. Biroq bu modelning barqarorligi mutlaq emas. Agar Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiya energiya tashuvchilarini, jumladan, suyultirilgan tabiiy gazni import qilishdan butunlay voz kechsa, soha uchun qo‘shimcha xavflar yuzaga kelishi mumkin. Bu holatda Rossiyaning eksport daromadlari sezilarli darajada kamayishi ehtimoli bor. O‘t ochish chizig‘idagi yoqilg‘i Rossiya jamoatchiligida ayniqsa neftni qayta ishlash zavodlaridagi portlashlar katta tashvish uyg‘otmoqda. Tahlilchilarning baholashicha, sentyabr oyida neftni qayta ishlash zavodlari quvvatlarining qariyb 38 foizi ta’mirda bo‘lgan, shundan 70 foizi Ukraina dronlari hujumlari sababli. 15 oktyabr kuni Ufadagi «Bashneft» zavodiga hujum qilindi, Volgograd va Krasnodar viloyatlaridagi ob’ektlar ustida tez-tez portlashlar eshitilmoqda. Ayniqsa, bosib olingan Qrim va Sevastopol ko‘proq zarar ko‘rdi, u yerda yoqilg‘i quyish shoxobchalarining yarmi ish faoliyatini to‘xtatdi. Hujumlarning oqibatlari ko‘zga tashlanmoqda: xom neftni qayta ishlash kamayishi — benzin, dizel va kerosin kamroq ishlab chiqarilishiga olib kelmoqda. Harbiy harakatlarning to‘rtinchi yilida Rossiya hukumati choralar ko‘rishga qaror qildi: ayrim qayta ishlash korxonalari mustahkam to‘r-devor bilan o‘rab olindi. Endi bu ob’ektlar ko‘proq qamoqxonalarni eslatadi, ammo mutaxassislarning fikricha, bu dronlarning maqsadga erishishini qiyinlashtiradi. Iqtisodchi Yaroslav Romanchukning baholashicha, agar Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari quvvatining yarmini yo‘qotsa, bu inqiroz jarayonlarini jiddiy ravishda tezlashtirishi mumkin. Gap nafaqat sanoat uchun xavf-xatarlar va yetkazib berishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlar haqida, balki ijtimoiy norozilik — iste’molchilarning g‘azabi haqida ham bormoqda. «Menimcha, bu Rossiya armiyasining ta’minotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmaydi — harbiy ta’minot har doim ustuvor bo‘ladi. Ammo aholi nihoyat Rossiya haqiqatan ham urush olib borayotganini his qiladi: u uyga benzin va yoqilg‘i tanqisligi orqali kirib keladi. Bu juda og‘riqli holat. Ko‘pchilik urush qayerdadir uzoqda deb o‘ylashga o‘rganib qolgan edi, endi esa uning oqibatlari sezilmoqda», -deydi Romanchuk «TRT na russkom». Siyosatshunos Vladimir Fesenkoning so‘zlariga ko‘ra, hujumlarning oqibatlari ichki bozordan ancha uzoqqa cho‘zilishi mumkin. U eksport infratuzilmasi — portlar va logistika ham zaiflik kasb etayotganidan ogohlantirmoqda. «Sankt-Peterburg va Novorossiysk yaqinida hujumlar allaqachon qayd etilgan. Agar nafaqat dronlar, balki raketalar ham ishga tushsa, Rossiya uchun xavflar sezilarli darajada oshadi. aynan shu sababli Moskvada Ukrainaga uzoq masofali raketalar, jumladan, Tomogawk yetkazib berilishidan xavotirdalar», - dedi u. Kelajakka nazar «TRT na russkom» suhbatdoshlarining fikricha, iqtisodiy nuqtai nazardan Rossiya Federatsiyasi uchun vaziyat juda havotirli. Energetika mahsulotlaridan keladigan daromadlar federal byudjetning uchdan bir qismini tashkil etadi, neft-gaz sektori esa yalpi ichki mahsulotning taxminan 27 foizini shakllantiradi. Shu sababli, infratuzilmaning buzilishi ham byudjetga, ham umuman iqtisodiyotga zarba beradi. Nafaqat vayron qilingan ob’ektlarni tiklash, balki olinmagan daromadlarni ham qoplash zarur. Romanchukning baholashicha, agar hujumlar davom etsa, Rossiya iqtisodiyoti rejalashtirilgan 1-1,5 foizlik o‘sishga ham erisha olmasligi mumkin. «Birinchi navbatda zaif qatlamlar – kichik ishlab chiqaruvchilar, past daromadli korxonalar, davlat shartnomalariga qaram bo‘lganlar, ayniqsa Kremlning ustuvor yo‘nalishlariga kirmaydigan korxonalar zarar ko‘radi. Aynan ular birinchi bo‘lib tizimdan chiqib keta boshlaydi», deb bashorat qiladi ekspert. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatda tizim markazdan emas, balki chetlaridan yemiriladi. Norozilar va tizimdan siqib chiqarilganlar soni muqarrar ravishda ortib boradi. Romanchuk Rossiyaning hozirgi holatini Laymen Frenk Baumning mashhur asari «Volshebnik Izumrudnogo goroda» (The Wizard of Oz) qahramoni — Temir o‘tinchi (Iron Woodman)ga o‘xshatdi. «bugungi kunda Rossiya iqtisodiyoti «Zumrad shahar sehri»dagi temir o‘tinchiga o‘xshaydi. Uning ustidan suv to‘kildi va u moy tugagunga qadar yuradi. Ammo moy tobora kamayib bormoqda va oxir-oqibat mexanizm to‘xtab qoladi. Xuddi shu narsa Rossiya iqtisodiyoti bilan ham sodir bo‘lmoqda: uning ustidan suv to‘kildi, u hali ham inersiya bilan aylanmoqda, lekin resurslar tugab bormoqda. Moy tugagach, mexanizm butunlay to‘xtaydi», - deydi Romanchuk. Siyosatshunos Vladimir Fesenko ham shunga o‘xshash tendensiyalarni qayd etadi. Uning aytishicha, iqtisodiyotdagi ichki tanglik allaqachon byudjet va soliq siyosati darajasida namoyon bo‘lmoqda. "Davlat oldida klassik muammo paydo bo‘ladi: to‘plar yoki yog‘. Fuqarolik sohalarida – qurilish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatishda pasayish kuchaymoqda. Iqtisodiy o‘sish faqat harbiy buyurtmalar va ularga bog‘liq ishlab chiqarishlar hisobiga saqlanib turibdi," dedi u TRTning rus tilidagi suhbatida. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, hozircha bu muammolar jiddiy emas, biroq ularning to‘planishi muqarrar ravishda iqtisodiyotni zaiflashtiradi va Rossiyaning uzoq muddat urush olib borish imkoniyatini cheklaydi. Ma’lum bir vaqtda Kreml ikki yo‘ldan birini tanlashga majbur bo‘ladi: jangovar harakatlar shiddatini pasaytirish yoki ichki iqtisodiyotning yanada yemirilishiga ko‘nikish.

Teglar

Mavzuga oid