add

Sanksiya ostida qolgan Qirg‘iziston YeIni «haqiqiy vaziyatni qayta tekshirish»ga chaqirdi

24.10.2025 | 20:219081

Qirg‘iziston Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga afsus bildirdi va vaziyatni hal etish uchun qo‘shma texnik ishchi guruh tuzishni taklif qildi.

Sanksiya ostida qolgan Qirg‘iziston YeIni «haqiqiy vaziyatni qayta tekshirish»ga chaqirdi

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat yuridik shaxslarining Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan afsuslanishini bildirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Qirg‘iziston o‘z xalqaro majburiyatlariga qat’iy amal qiladi va sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish maqsadida Yevropa Ittifoqidagi hamkorlar bilan ochiq hamda konstruktiv muloqot olib bormoqda.

«Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish, jumladan, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish niyatini izchil ma’lum qilib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, Qirg‘iziston tomoni ham Yevropa Ittifoqi va uning a’zolari bilan teng huquqli, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorlikka tayyor. Bunday yondashuv bir tomonlama sanksiyalar bosimidan farqli o‘laroq, ko‘proq o‘zaro manfaatli maqsadlarga erishish imkonini beradi», - deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston tomoni Yevropa Ittifoqini haqiqiy vaziyatni tekshirish va cheklovlarga asos bo‘lgan ma’lumotlarning ishonchliligini tasdiqlash uchun mustaqil, xalqaro miqyosda tan olingan audit o‘tkazishga taklif qildi.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston «Qirg‘iziston—Yevropa Ittifoqi» maxsus qo‘shma texnik ishchi guruhini tuzishni taklif qilmoqda. Ta’kidlanishicha, ushbu guruh muntazam ravishda ma’lumotlar almashish, tranzaksiyalarni kuzatish va xavflarni birgalikda baholash bilan shug‘ullanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Sanksiya ostida qolgan Qirg‘iziston YeIni «haqiqiy vaziyatni qayta tekshirish»ga chaqirdi | Vaqt.uz