add

Sekinlashuv: O‘zbekistonda xorijdan pul o‘tkazmalari II chorakda atigi 21 foizga o‘sdi

26.08.2025 | 17:30142512

2025 yilning II choragida O‘zbekistonga mehnat muhojirlari tomonidan jami 4,8 mlrd dollar pul o‘tkazmalari jo‘natildi va o‘sish 21 foizni takshil etdi. Bu borada o‘sish o‘tgan yilning shu davrida o‘sish 38,6 foiz bo‘lgan.

Sekinlashuv: O‘zbekistonda xorijdan pul o‘tkazmalari II chorakda atigi 21 foizga o‘sdi
Xususan, AQSH, Rossiya va Yevropadan pul o‘tkazmalari o‘sish sur’atining pasayishi kuzatilgan. Holat sabablarini o‘rganish maqsadida Vaqt.uz muxbiri iqtisodchi To‘lqin Boboqulov bilan suhbatlashdi. O‘zbekistonga mehnat muhojirlari tomonidan ikkinchi chorakda jami 4,8 mlrd dollar pul o‘tkazmalari amalga oshirildi. Bunda o‘sish sur’ati (21,4 foiz) o‘tgan yilning mos davriga (38,6 foiz) nisbatan sekinlashdi. Xususan, AQSH, Rossiya va Yevropadan pul o‘tkazmalari o‘sish sur’atining pasayishi kuzatilgan.   [caption id="attachment_14577" align="aligncenter" width="633"]Mv migrants info Infografika: Markaziy Bank[/caption] Bu davrda ba’zi mintaqalardan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari o‘sish sur’atining sezilarli o‘zgarishi ham kuzatilgan. Xususan, Boltiqbo‘yi davlatlari (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 65,6 foiz) va boshqa mintaqalardan (38,2 foiz) o‘tkazmalar hajmining jadal o‘sishi, shu bilan birga, qolgan mintaqalarga nisbatan yuqoriroq o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Hisobot davrida Yevropadan pul o‘tkazmalari hajmining o‘sish sur’ati (26,9 foiz) AQSH, Rossiya va Osiyoga nisbatan yuqoriroq shakllanganiga qaramay, ikkinchi chorakda sezilarli sekinlashish tendensiyasini namoyon qilgan. AQSH va Rossiyadan pul o‘tkazmalari o‘sishi sekinlashgan (mos ravishda 10,3 foiz va 23,7 foiz). Osiyodan o‘tkazmalarning barqaror tendensiyasi saqlanib qolgan. Ikkinchi chorakdagi sekinlashishga qaramay, Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining eng yirik manbai bo‘lib qolmoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda migrantlar 8,2 milliard dollar o‘tkazdi, shundan deyarli 80 foizi — 6,4 milliard dollar Rossiyaga to‘g‘ri keldi. «Nega O‘zbekistonga Rossiya, Yevropa va AQSH dan pul o‘tkazmalarining o‘sishida sekinlashish kuzatilyapti?» degan savol bilan iqtisodchi To‘lqin Boboqulovga murojaat qildik: — Rossiyadan pul o‘tkazmalar miqdorining pasayishining turli sabablari bor. Xususan, Rossiya OAVlari buni ochiq yoritmayotgan bo‘lsa-da, G‘arb davlatlarining mamlakatga sanksiyalari kuchayib bormoqda. Bu federatsiyaning ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish sohalariga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, — dedi u. Iqtisodchining ta’kidlashicha, Rossiyada eng ko‘p migrant O‘zbekiston va Tojikistondan ekanligi hisobiga Rossiyaning o‘ndan ortiq hududi hamyurtlarimizga cheklovlar qo‘ydi. Masalan, Sankt Peterburgda o‘zbek migrantlarining haydovchilik va eltuv xizmatlarida ishlashi taqiqlandi. Irkutsk, Omsk oblastlarida migrantlarning taksi, yo‘lovchi tashish, oziq-ovqat va spirtli ichimliklar savdosi, o‘rmon xo‘jaligi va dori ishlab chiqarish sohalarida ishlashi taqiqlangan. «Kuzatuvlarimga ko‘ra, oxirgi paytlar elchixonamizga ko‘plab murojaatlar bo‘lyapti. Chunki muhojirlarimiz ishdan bo‘shatilgandan so‘ng oddiy ovqatlanishga ham puli bo‘lmay qoldi. Elchixona imkoniyat tarzda ularni O‘zbekistonga qaytaryapti. Natijada, pul o‘tkazmalari miqdori keskin pasayyapti», dedi iqtisodchi. — Rossiyada ishlovchi migrantlarning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?  Bundan buyon vaziyat yanada yomonlashadi. Chunki yaqinda Moskva va Nyu Dehli o‘rtasida Hindistondan 1 mlndan ortiq ishchi kuchi olib kelinishi bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shuningdek, mamlakatga Shimoliy Koreya, Viyetnam va Bangladeshdan arzon ishchi kuchi jalb qilinishi rejalashtirilmoqda. Bular tabiiy ravishda bizning fuqarolarni mehnat bozoridan siqib chiqaradi. Chunki Rossiya hukumat miqyosida bizning fuqarolarni o‘z mamlakatida ishlashiga qarshi turibdi. Bu holatning sababini bilmadim. Masalan, ozarbayjonlik migrantlarni Rossiyadan quvib chiqarilayotganini tushunsa bo‘ladi: ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy ahvol yaxshimas. Lekin O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarida muammo yo‘q-ku?! Nega bizning fuqarolarga ochiqdan-ochiq qarshi munosabatlar bo‘lyapti? O‘zim shaxsan Rossiya matbuaotini kuzatib boraman. Mamlakatda migrantlar huquqlarini cheklovchi yangi-yangi okruglar joriy etilmoqda. Rossiyani bu yo‘lni tutayotganiga bir tomondan asos bor. Chunki mamlakatdagi jinoyatlarning teng yarmi migrantlar tomonidan amalga oshirilayotgan ekan. Muhojirlarning asosiy qismini O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari tashkil qilib, bu hukumatda ularga nisbatan salbiy fikr uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. — AQSH va Yevropadanp ul o‘tkazmalari miqdori pasayishiga qanday omillar ta’sir qilmoqda deb o‘ylaysiz? — Chunki Amerikadan deportatsiya qilinayotganlarning ichida o‘zbeklar oldingi o‘rinlarni egallamoqda. AQSH da noqonuniy migratlarni ommaviy deportatsiya qilish boshlandi. Ikkinchidan, yaqinda Amerika yuk haydovchilariga viza berishni bekor qildi. Vaholanki, hamyurtlarimizning ko‘pchiligi aynan shu sohada ishlar edi. Endi Yevropa masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, hamyurtlarimiz Yevropaga chiqmoqchi, u yerda bo‘sh ish o‘rni ham yetarli. Lekin bizda til bilan bog‘liq to‘siq bor. Ko‘pchilik migrantlarimiz til bilmaydi. Ikkinchidan, bizning migrantlar Rossiyada eng sifatsiz ish qiladi: ko‘cha va hovlilarni supuradi, qurilishda yordamchi dastyor bo‘lib ishlaydi. Ya’ni yaxshi mutaxassislar bizda kam. Rossiya va Yevropa davlatlarining farqi shundaki, Yevropa eng aqlli migrantlarni ishga oladi. Rossiya uchun mehnat bozorida eng arzon ishchi kuchi kerak. Yevropada malakali ishchilar uchun juda katta imkoniyatlar bor. Ammo o‘ylang, bizning necha foiz migrantimiz borib Mercedes Benz kompaniyasi ishlay oladi? Til bilmaydi, kompaniya topshiriq bersa, tushunmaydi, — dedi To‘lqin Boboqulov. Iqtisodchining ta’kidlashicha, yana bir xavotirli jihat: bizda tabiiy tug‘ilish ko‘p. Biz dunyoda o‘lim sonidan tug‘ilish ko‘p bo‘lgan davlatlar birinchi o‘ntaligigiga kiramiz. Bu yaqin o‘n yilda ishsizlik muammosining keskin yomonlashuviga olib keladi. Bunga tayyor turishimiz kerak. Chunki ichki bozorda buncha kadrga bizda talabning o‘zi yo‘q. Biz ishchi kuchi eksport qilishimiz kerak. Ammo bu imkoniyatimiz ham cheklangan. Chunki bizda malakali kadrlar soni kam. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid