add

Sun’iy intellekt tufayli qaysi kasblar yo‘qolib ketishi mumkin?

06.08.2025 | 18:0071014

Microsoft sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’siri haqidagi hisobotini taqdim etdi. Unda kelgusida to‘liq avtomatlashtirilishi mumkin bo‘lgan 40 ta kasb aniqlangan.

Sun’iy intellekt tufayli qaysi kasblar yo‘qolib ketishi mumkin?
Ro‘yxatga tarjimon, marketolog, yozuvchi, muharrir, buxgalter, aloqa markazi operatorlari va hatto modellar – vazifalari matn, til, ma’lumotlar yoki vizual kontent bilan bog‘liq bo‘lganlarning barchasi kiritilgan. Biroq massajchi, xonadon xizmatkorlari, tom yopuvchi va shifokorlar kabi jismoniy va qo‘l mehnatini talab qiladigan kasblar hozircha SIdan eng kam zarar ko‘ruvchi bo‘lib qolmoqda. Microsoft kompaniyasi katta ilmiy xodimi Kiran Tomlinsonning aytishicha, tadqiqotning maqsadi odamlarni qo‘rqitish emas. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt (SI) qayerda odamlarga yordam berishi va qayerda ularning o‘rnini bosishi mumkinligini aniqlash muhim. «Sun’iy intellekt ish o‘rinlarini yo‘q qilish uchun emas, balki ishni bajarish usulini o‘zgartirishi mumkin», — dedi Tomlinson. Shunga qaramay, Microsoft kompaniyasi 2025 yilda aynan SI bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra 15 mingdan ortiq xodimini ishdan bo‘shatgan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, SI va avtomatlashtirish ba’zida unumdorlikni oshirish uchun emas, balki ishchilar sonini qisqartirish maqsadida joriy qilinadi. Bu esa mehnat bozorining kelajagiga oid xavotirlarni kuchaytirmoqda. SI foydali bo‘lishi mumkin — masalan, u ilmiy tadqiqotlarni tezlashtiradi. Ammo keng joriy etilishi bilan ayrim muammolar ham yuzaga keladi: ishsizlik, tengsizlik va ijtimoiy beqarorlik ortadi. Shuning uchun ayrim mutaxassislar yangi iqtisodiy yondashuvlar, hatto shartsiz daromad tizimini joriy etish kerakligini ta’kidlamoqda. Ko‘plab kompaniyalar rahbarlari SI tufayli ommaviy ishdan bo‘shatish ehtimolini tan olayapti. Masalan, Anthropic kompaniyasi rahbari Dario Amodey yaqin yillarda ofis ishchilarining yarmi cun’iy intellekt bilan almashtirilishi mumkinligini aytdi. Bu ishsizlik darajasini 20 foizgacha oshirishi mumkin. Hozirda texnologiya sohasi so‘nggi 20 yildagi eng yirik ishdan bo‘shatish to‘lqinini boshdan kechirmoqda. Bu yilning o‘zida 100 mingdan ortiq odam ishsiz qoldi. Intel, Microsoft, Amazon, Google kabi yirik texnologik kompaniyalar avtomatlashtirish va bozor o‘zgarishlariga moslashish uchun keskin qarorlar qabul qilmoqda. Boston Consulting Group va Chexiya Mehnat vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, mamlakat mehnat bozori katta o‘zgarishlarga duch keladi. Taxminan 1,2 mln ishchi ishini tark etadi, ularning o‘rnini esa 1,9 mln yangi ishchi egallaydi. Bu o‘zgarishlarning asosiy sababi — SIning keng joriy etilishi bo‘lib, u barcha ish o‘rinlarining yarmiga ta’sir qiladi.   O‘zbekistonda vaziyat qanday? Soha mutaxassisi Anvar Narzullayev SIning  o‘zbek mehnat bozirga kirib kelishini quyidagicha izohlaydi: «Agar mendan 5-6 yil oldin sun’iy intellekt qaysi yo‘nalishlarni o‘ziga oladi, deb so‘rashsa, jismoniy mehnatni, deb javob bergan bo‘lardim. Ko‘pchilikning tasavvurida ham shunday vaziyat shakllanayotgan edi. Haydovchilar misolida olib ko‘raylik. O‘ziyurar mashinalar paydo bo‘ldi. Haydovchiga ehtiyoj yo‘qdek. Ammo javobgarlik masalasida muammo yuzaga keldi. Aytaylik, avtohalokat sodir bo‘lsa kim javob beradi? Yoki yuk tashiydigan robotlarni olaylik. Ma’lum bo‘lishicha, ular nihoyatda qimmat ekan. Bitta robotni yasashdan ko‘ra, o‘nta odamni ishga yollash arzonroqqa tushmoqda. Ayniqsa, bizga o‘xshash ishchi kuchi arzon davlatlarda. Bizning prognozlarimizdan farqli ravishda, SI jismoniy mehnatni emas, aqliy mehnatni olib qo‘ymoqda. Masalan, tarjimonlik. Nainki oddiy jumlalar yoki so‘zlar, balki rasmiy hujjatlarning tarjimasini ham SI sifatliroq bajarib beryapti. Xuddi shuningdek, buxgalterlar, tahlilchi-ekspertlar, konsultantlar, yuristlar o‘rnini ham sun’iy intellekt egallamoqda. Bu biz uchun qaysidir ma’noda kutilmagan holat. Ammo SI oldida turgan eng katta to‘siqlardan biri u kreativ fikrlashni bilmaydi. Bu yerda bir nozik jihat bor. SI tarixiy ma’lumotlar asosida ishlaydi. Ya’ni, bugun SI yaratsangiz, u shu bugungacha bo‘lgan ma’lumotlarni qamrab oladi. Inson esa favqulodda vaziyatlarda kutilmagan yechimlar topish qobiliyatiga ega. SI faqatgina mavjud ma’lumotlarni tahlil qilsa, inson yechimsiz tuyulgan muammolarga yechim topa oladi. Demak, SI qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar, nostandart fikrlaydigan mutaxassislarni siqib chiqara olmaydi». Mutaxassislarning fikricha, SIni o‘zbek mehnat bozorining katta qismini egallashiga ancha bor. Davlat idoralari bo‘ladimi, nodavlat tashkilotlarmi, ularda birdaniga SIni joriy etishning imkoni yo‘q. Bizda undan oldin amalga oshirilishi lozim bo‘lgan jarayonlar bor. Chunki biz raqamlashtirishdan orqada qolganmiz. «Sun’iy intellekt mavjud ma’lumotlarning ustiga quriladi. Ya’ni, dastlabki bosqichda biz katta hajmda raqamlashgan ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz lozim. Hammamizning ishimiz tushadigan sog‘liqni saqlash tizimini olib ko‘raylik. Haligacha poliklinikalarda anketalar qog‘oz shaklida yuritiladi. Qog‘ozning ustiga SIni joylashtirib bo‘lmaydi. Mana endi asta-sekin poliklinikalar raqamli tizimga o‘tkazilyapti. Bu jarayon nihoyasiga yetishi, bir necha yil ishlashi va ma’lumotlar yig‘ilishi lozim. Shundan keyingina sun’iy intellektni joriy etish mumkin. Ya’ni, Respublika bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsak, maxsus xaritalar yaratisha olamiz. Bu xaritalarda qaysi hududda qanday kasalliklar ortayotgani yoki kamayib borayotgani, qayerda xavf paydo bo‘lishi mumkinligi – barchasi ko‘rinib turadi. Natijada tezkor choralar ko‘rilib, noxush holatlarning oldini olish imkoni tug‘iladi. Dok-1 Maks siropini iste’mol qilish oqibatida qancha bola vafot etdi? Agar markazlashgan raqamli tizim yaratilsa, bunday holatlar yuz bermaydi. Tizim zaharlanishlar haqida zudlik bilan xabar beradi, yechimlar taklif etadi. Qaniydi shunday tizim yaratilsa, biz, yuqorida aytganimday, raqamlashish bosqichidamiz», — deydi Anvar Narzullayev. Mutaxassis bojxona, soliq, moliya tizimlarida inson omilini qanchalik kamaytirilsa, korrupsiya imkoniyati shunchalik pasayishini ta’kidladi. «Misol uchun, siz qandaydir moliyaviy operatsiyani amalga oshirmoqchisiz. Buning uchun ma’lum idoralardan ruxsatnomalar talab etiladi. Bordi-yu sizda shu ruxsatnoma bo‘lmasa, tanish-bilishlar yoki pul yordamida masalani hal etishga urinib ko‘rasiz. Balki maqsadingizga erisharsiz ham. SI esa bunga yo‘l qo‘ymaydi. Barcha hujjatlar taqdim etilgandan keyingina faoliyatga ruxsat beriladi. Inson omili kamaysa, korrupsiya ham yo‘qotiladi», — dedi u. Jahon banki taqdim etgan statistikaga ko‘ra, SI sabab 85 millionta ish o‘rni yo‘qoladi, ammo o‘rniga 97 millionta yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi. Biz shu paytgacha tasavvur qilmagan kasblar paydo bo‘ladi. Masalan, front-injenerlar. Bundan tashqari, hozir ChatGPT kabi dasturlarga to‘g‘ri savol bera oladigan muhandislarga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Xulosa qilib aytganda, SI bi qancha kasblarning yo‘qolishiga yoki qisqarib ketishiga sabab bo‘lsa ham, undan-da ko‘proq kasb turlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.  

Teglar

Mavzuga oid

Sun’iy intellekt tufayli qaysi kasblar yo‘qolib ketishi mumkin? | Vaqt.uz