add

Tashqi qarz: O‘zbekistonning kimdan va qancha qarzi bor?

Kecha 10:0013834

O‘zbekistonning tashqi qarzi allaqachon 72 milliard dollardan oshdi. Ammo Markaziy bank buni «barqaror va mo‘’tadil» deb baholasa, Iqtisodiyot va moliya vaziri «davlat qarzining uyatli yoki muammoli jihati yo‘q»ligini aytmoqda.

Tashqi qarz: O‘zbekistonning kimdan va qancha qarzi bor?

O‘zbekistonning tashqi qarzi mutlaq raqamlarda kundan-kunga oshmoqda. 2025-yilning dastlabki yarim yilida umumiy tashqi qarz 72 mlrd dollardan oshgan bo‘lsa, shundan davlat qarzi 36,8 mlrd dollar, korparativ qarz 35,4 mlrd dollarga teng. Markaziy bank esa bu holatni barqaror va mo‘’tadil darajada deb baholamoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston oktyabr oyining o‘zida 2 ta xalqaro bankdan yana kredit oldi. Xususan, Jahon bankidan 800 mln dollar, Osiyo taraqqiyot bankdan 500 mln dollar imtiyozli kreditlar jalb qilgan. Shuningdek, 2026-yildan byudjet kamomadini qoplash uchun 3 mlrd dollar tashqi qarz, 1,9 mlrd dollar ichki qarz jalb qilish rejalashtirilgan.

Bu raqamlar bir joyga jamlab tahlil qilinganda, tabiiyki, ma’lum darajada xavotir uyg‘otadi. Biroq Markaziy bank raisi Temur Ishmetovning ta’kidlashicha, tashqi qarzga mutlaq miqdor sifatida emas, balki uni yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan baholash zarur.

Xususan, 2020-yilda davlat tashqi qarzi 21,4 mlrd dollarni yoki YAIMning 32 foizini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 39 mlrd dollarga yetgan, biroq uning YAIMdagi ulushi 29 foizgacha kamaygan.

«Davlat qarzi mutlaq raqamda oshmoqda, lekin iqtisodiyot bundan tezroq o‘smoqda. Oxirgi besh yilda nisbiy ko‘rsatkich 32 foizdan 29 foizgacha pasaydi, shu bois tashqi qarz barqarorligi bo‘yicha xatarlar yo‘q», — dedi Temur Ishmetov asosiy stavka bo‘yicha matbuot anjumanida.

Shuningdek, yangi qarzlarni jalb etish bevosita byudjet taqchilligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi:

«Tashqi qarzlar faqat byudjet daromadlari xarajatlardan kam bo‘lgan taqdirdagina jalb etiladi. Shu sababdan biz uchun byudjet defitsiti darajasi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichdir», — dedi Markaziy bank raisi.

2025-yilning byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotda 3 foizdan oshmasligi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yilda ham ko‘rsatkichlarni shu darajada saqlab qolishni ta’minlaydi. Bu darajani saqlash esa tashqi qarz bilan bog‘liq hech qanday muammoni keltirib chiqarmasligi aytilgan.

Shuningdek, Ishmetov korporativ sohada qarzlar ortayotganini aytdi:

«Korporativ sohada biroz qarzlar oshishi kuzatilyapti. Tashkilotlar o‘zining investitsion faolligini oshirish uchun tashqi qarz jalb qilyapti. Ayrimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarz jalb qilyapti, ayrimlari qimmatli qog‘ozlar, yevrobondlar chiqarishni boshladi — bu ham ijobiy ko‘rsatkich. Shu bilan birga, faqat tashqi qarz emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ham oshgan. To‘qqiz oy yakunlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 55 foizga oshdi — bu juda yaxshi ko‘rsatkich», — dedi u.

tashqi qarz 01

Manba: Mirkonomika


Shu o‘rinda iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahlil qilishicha, so‘nggi 5 yilda yalpi tashqi qarz 2,5 barobarga, pandemiyadan oldingi davrga nisbatan esa 3,4 barobarga oshgan.

Markaziy bank hisobotlariga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi oxirgi 3 oyda 3,8 mlrd dollarga, bir yilda esa 15,6 mlrd dollarga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich davlat qarzi va korporativ qarzlarning birdek oshishi hisobiga yuzaga kelgan.

Jon boshiga tashqi qarz miqdori 2025-yilning 1 iyul holatiga 1 907 dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 1 524 dollar edi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, yil yakuniga borib, mazkur ko‘rsatkich 2 ming dollarlik chegaradan oshib ketishi mumkin.

Kimdan qancha qarz olingan?

tashqi qarz 02

Manba: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Shu yilning yarim yillik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, davlat tashqi qarzining 33,7 mlrd dollarlik hajmi quyidagi kreditorlar hisobiga shakllantirilgan:

  • Osiyo taraqqiyot banki (ADB) — 7,4 mlrd dollar (+500 mln dollar);

  • Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va boshqalar — 7,6 mlrd dollar;

  • Jahon banki — 4,1 mlrd dollar (+800 mln dollar);

  • Fransiya taraqqiyot agentligi va boshqalar — 5,2 mlrd dollar;

  • Xalqaro investorlar (obligatsiyalar) — 3,8 mlrd dollar;

  • Xitoy banklari — 2,9 mlrd dollar;

  • Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — 1,7 mlrd dollar.

    Yuqoridagi banklarning aksariyati uzoq muddatli va imtiyozli shartlarda kredit ajratgan.

Markaziy Osiyoda O‘zbekiston qarzlar ortishi bo‘yicha yetakchi

tashqi qarz 03

Manba: Mirkonomika

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi tashqi qarz o‘sish sur’ati bo‘yicha mintaqada yetakchilik qilmoqda. Solishtirish uchun, shu davrda Qirg‘iziston tashqi qarzi 42,3 foizga, Qozog‘istonniki 5,4 foizga, Tojikistonniki esa 6 foizga o‘sgan.

Nominal hajm bo‘yicha esa Qozog‘iston yetakchi — 2025-yil 1 iyul holatiga undagi yalpi tashqi qarz 172,8 mlrd dollarni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat qarzining uyatli yo muammoli jihati yo‘qligini aytgan edi. Uning aytishicha, qarz mo‘’tadil darajada qolmoqda va infratuzilma, ijtimoiy hamda boshqa sohalarni rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Tashqi qarz: O‘zbekistonning kimdan va qancha qarzi bor? | Vaqt.uz