add

«Tolibon» Trampga javob qaytardi

19.09.2025 | 20:401633

AQSH prezidenti Donald Trampning Afg‘onistondagi Bagram aviabazasini yana Amerikaning nazoratiga qaytarish rejasi Kabul tomonidan rad etildi.

«Tolibon» Trampga javob qaytardi
Kobul AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan bildirilgan Afg‘onistondagi Bagram aviabazasini Amerika nazoratiga qaytarish niyatini rad etdi. Bu haqda «Tolibon» Tashqi ishlar vazirligi vakili Zokir Jalol ma’lum qildi, deya Al Jazeera xabar bermoqda. U Kobul Vashington bilan muloqotga tayyor ekanligini, biroq Afg‘oniston hududida Amerika harbiy kuchlarining qayta joylashtirilishini qat’iyan rad etishini aytdi. «Afg‘oniston va AQSH o‘zaro hamkorlik qilishi lozim, ammo bu Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistonning biron-bir hududida harbiy mavjudligini saqlab qolmasdan amalga oshirilishi kerak», - deya izoh berdi Tashqi ishlar vazirligi vakili. Jalolning ta’kidlashicha, Kobul Vashington bilan «o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlar» asosida siyosiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga tayyor. Ma’lumot uchun, 2001 yildan 2021 yilgacha Bagram aerodromi AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning eng yirik harbiy bazasi bo‘lgan. Amerikaliklar 2021 yil 1 iyulda bazani tark etgan, ortidan esa 15 avgust kuni «Tolibon» hokimiyatga kelgach, uni to‘liq o‘z nazoratiga olgan edi. Trampning Bagram bazasini qaytarib olish niyati ortida Xitoy bilan keskinlashgan munosabatlar ham turibdi. Yaqin oylarda Vashingtonning Pekinga nisbatan ishonchi yo‘qolgan. Buning sababi Xitoyning AQSH bosimi oldida bo‘ysunmasligi, yangi bojlarga bosh egmasligi va G‘arbdan uzoq, Amerikaga yaqin bo‘lmagan davlatlar bilan strategik muloqotlarni faollashtirganidir.

Teglar

Mavzuga oid